Меню

Қашқадарё

13.06.2017 1805

ZAKOT – BARAKA BELGISI

Ramazon oyida qilingan ezgu ishlarning savobi haqida Rasululloh (s.a.v.) shunday marhamat qiladilar: “Kimda kim Ramazon oyida biror bir nafl amalni bajarsa, u boshqa oyda farz amalni ado qilgan bilan teng bo‘ladi. Kimda kim bu oyda bir farz amalni bajarsa,  boshqa oydagi yetmishta farz amalni ado qilgan bilan teng bo‘ladi”. Shunga ko‘ra, zakot va nafl sadaqalarini ham Ramazon oyida ado etishning fazilati nihoyatda kattadir.

Ma’lumki, islom dinining asoslaridan biri, bu – zakot ibodatidir. Zakot moliyaviy ibodat bo‘lib, lug‘atda “poklash”, “o‘sish” ma’nolarini bildiradi. Qur’oni karimda bu so‘z yigirma yetti bora namoz bilan birga qayd etilgan. Bu namoz bilan zakot bir-biriga chambarchas bog‘liq ekanligiga dalolatdir.

Zakot muayyan miqdordagi mablag‘ga ega bo‘lgan musulmonning zimmasiga farz bo‘ladi. Zakotni vojib qiluvchi muayyan miqdor shariat tilida nisob deyiladi. U tilla va kumush, pul, meva va dehqonchilik mahsulotlari hamda chorva mollaridan beriladi. Zakot beriladigan molning nisobi payg‘ambarimiz (s.a.v.) tomonidan qat’iy belgilab berilgan. Masalan, tillaning nisobi (85 g) 20 misqol bo‘lib, undan (2,125 g) 0,5 misqol, ya’ni qirqdan biri zakot uchun ajratiladi. Zakot vojib bo‘lishi uchun yuqorida aytib o‘tilgan nisob miqdori mavjud bo‘lishi hamda u bir yil davomida ko‘paygan bo‘lishi shart.

Chorva mollari jumlasiga tuya, qoramol hamda qo‘y-echkilar kiradi. Tuyaning soni 5 ta bo‘lsa nisobga yetgan hisoblanib, undan 1 ta qo‘y zakot uchun ajratiladi. Qoramolning nisobi o‘ttizta bo‘lib, undan bir yoshli buzoq zakotga chiqariladi. Qo‘y va echkining soni qirqtaga yetganida nisobi to‘lgan hisoblanib, undan bitta qo‘y yoki echki zakotga chiqariladi.Chorva mollaridan zakot vojib bo‘lishida tilla va kumush uchun belgilangan shartlar bo‘lishi, ya’ni bir yil davomida ko‘payishi, bundan tashqari, chorva mollari yarim yildan ko‘proq vaqt davomida yaylovda o‘tlatilgan bo‘lishi shart. Ammo yem-xashakni 6 oydan ortiq tashib kelib boqilgan bo‘lsa, zakot vojib bo‘lmaydi. Agar tijorat niyatida boqilayotgan bo‘lsa, qiymati hisoblanib zakoti chiqariladi. Agar dehqonchilik lalmi yer mahsuloti bo‘lsa, undan ushur (o‘ndan bir), sug‘oriladigan yerdan olingan mahsulot bo‘lsa, ushurning yarmi (yigirmadan bir) qismi miqdorida zakot chiqariladi. Ushur hosil terib olingan vaqtda beriladi.

Bundan tashqari, naqd pul va tijorat mollaridan ham zakot beriladi. Ularning nisobi esa tilla va kumushning nisobiga qiyosan belgilanadi.

Zakotning qabul bo‘lishi uning o‘z egasiga berilishiga bog‘liq. Alloh taolo Qur’oni karimda zakot beriladigan o‘rinlarni aniq bayon qilib bergan: “Albatta, sadaqalarni faqat faqirlar, miskinlar, unda (sadaqa ishida) ishlovchilar, dillari oshna qilinuvchi (g‘ayridin)lar, (pul to‘lab ozod etiluvchi) qullar, qarzdorlarga va Alloh yo‘lida hamda yo‘lovchiga (musofirga berish) Alloh (tomoni)dan farz (etildi). Alloh ilmli va hikmatli zotdir”. Bu sakkizta o‘rindan g‘ayridinlar, qullarga berishning hukmi bekor qilingan.

Zakot ulug‘ ibodat bo‘lishi bilan birga, unda buyuk insoniy fazilatlar mujassam, zakot berish tufayli kishi ruhiy, axloqiy kamolotga erishadi. Buning uchun zakot beruvchida ixlos va samimiyat bo‘lsa bas. Zakotning savobi yanada mukammal bo‘lishi uchun uning munosib o‘rinlarga berilishi muhimdir. Zakot bersam bo‘ldi, men farzni ado etgan bo‘laman, deb xohlagan kishiga berib yuborish dinimiz ko‘rsatmalariga mutlaqo ziddir. Chunki nomunosib kishiga berilgan mablag‘ingiz, garchi u halol yo‘l bilan topilgan boylik bo‘lsa ham, noshar’iy ishlarga yo‘naltirilib, zakot beruvchi gunohkor bandalar qatoriga tushib qolishi hech gap emas. Shuning uchun halolidan topgan boyligingizdan ajratilgan zakot beva-bechora, yetim-yesir, kambag‘al, muhtoj oilalarga, shuningdek, yurtimizning turli bilim yurtlarida tahsil olayotgan yordamga muhtoj talabalarning o‘quv shartnoma to‘lovlariga yo‘naltirilsa, ham farzni ado etgan bo‘lamiz, ham katta savobga erishamiz.

Zakot beruvchi odam uni chin qalbdan, xursand holda o‘z xohishi bilan ado etishi lozim bo‘ladi. Zakotni oluvchi odam ham uni olayotganda xijolat bo‘lmasdan, Alloh bergan haqni olayapman, bu mening haqqim, deb bilishi kerak.

Alloh taolo inson zotini azizu mukarram qilib yaratdi, unga aql va idrok berdi. Qalbi pok, jismi toza bo‘lishini ilohiy ta’limotlar orqali bildirdi, hatto topayotgan mol-dunyosi ham pok va barakali bo‘lishi uchun unga zakotni farz qildi. Bu ham zakotning hikmatlaridan biridir.

Qaysi jamiyat bo‘lmasin, unda kam ta’minlangan toifalar topiladi. Unda ijtimoiy adolatni barpo etishda zakotning o‘rni muhim. Buni barcha birdek yaxshi bilishi zarur. Zakot berish va olish jamiyatda insonlarda bunyodkorlik ruhini vujudga keltiradi. Ulardan hayot qiyinchiliklarini, iztirob va mashaqqatni ketkazadi, buzg‘unchilik va hasadni yo‘qotadi.  Jamiyat a’zolari o‘rtasida o‘zaro mehribonlik, rahm-shafqat, tenglik, adolat va muhabbat vujudga keladi.

Payg‘ambarimiz (s.a.v.) shunday marhamat qiladilar: “Mol-mulk sadaqa qilish bilan zinhor kamaymaydi”. Zakotning hikmatidan biri – zakot beruvchiga ham, oluvchiga ham, ular yashab turgan jamiyatga ham ko‘plab foyda bor. Qolaversa, shu tufayli mulkdor tarafning qalbi, ruhi poklanib, saxovat va muruvvat fazilatlariga ega bo‘ladi.

Alloh taoloning bizga bergan mol-dunyosidan belgilangan zakot uning barokatli bo‘lishida asosiy omil bo‘lishi bilan birga zakot oluvchilarga ham katta manfaati bordir. Shunga monand, O‘zbekiston musulmonlari idorasi Ulamolar kengashi joriy yildagi zakot, fitr sadaqa va fidya bo‘yicha qaror qabul qildi. Unga ko‘ra, 2017-yil uchun 1 gramm tillaning bugungi kunda bozordagi o‘rtacha narxi 185 ming so‘m ekanligi e’tiborga olinib, 85 g tilla hisobidan zakot nisobi 15 million 725 ming so‘m ekanligi va mazkur summaning qirqdan bir hissasi, ya’ni 393 ming 125 so‘m miqdorida zakot chiqarish lozimligi belgilandi.

Bu yilgi fitr sadaqasi miqdori 2 kg bug‘doy narxidan kelib chiqib belgilandi. Bugungi kunda bozorda 1 kg bug‘doyning narxi o‘rtacha 3 ming so‘m bo‘lsa, demak    2 kg bug‘doy narxi 6 ming so‘mni tashkil etadi. Fidya miqdori esa doimiy uzr bilan ro‘za tutolmaydigan kishilar uchun bir och odamning bir kunlik oziq-ovqati    barobarida bo‘lib, bu o‘rtacha 12 ming so‘m qilib belgilandi.

Mohi Ramazon barchamizga muborak bo‘lsin!

Rahmatillo USMONOV,

O‘zbekiston musulmonlari idorasining

viloyatdagi vakili, viloyat bosh imom-xatibi

Сайт материалларидан тўлиқ ёки қисман фойдаланилганда веб-сайт манзили кўрсатилиши шарт!