Меню

Қашқадарё

19.07.2016 999

VILOYAT KENGASHINING SESSIYASI

 

Sessiyada dastlab viloyatda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining joriy yil 5-martdagi "Fuqarolar  yig‘inlari raislari (oqsoqollari) va ularning maslahatchilari sayloviga tayyorgarlik ko‘rish hamda uni o‘tkazish to‘g‘risida"gi qarori ijrosini ta’minlashga oid masalalar muhokama qilindi.

Ta’kidlanganidek, shu yilning may-iyun oylarida o‘tishi belgilangan ushbu saylovlarga tayyorgarlik boshlab yuborildi va uni tashkil etish borasidagi ishlar "Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari to‘g‘risida"gi hamda "Fuqarolar yig‘ini raisi (oqsoqoli) va uning maslahatchi-lari saylovi to‘g‘risida"gi O‘zbekiston Respublikasi qonunlariga muvofiq olib borilmoqda.

Tabiiyki, jamiyatimizni isloh etish va demokratlashtirish, mamlakatimizni modernizatsiya qilish jarayonlari chuqurlashib borayotgan bir sharoitda o‘tkazilayotgan mazkur saylovda qonuniylikni, ochiq-oshkoralikni ta’minlash juda muhim masala hisoblanadi. Ayniqsa, yig‘in raisi va uning maslahatchilari lavozimiga nomzodlarni tanlashda qarindosh-urug‘chilik, tanish-bilishchilik, guruhbozlikka aslo yo‘l qo‘yish mumkin emas. Nomzodlar aholi orasida obro‘ va hurmatga ega bo‘lgan, uddaburon, zimmasidagi mas’uliyatni his qila oladigan, aholiga, o‘z navbatida aholi ham unga qayishadigan shaxslar bo‘lishiga alohida e’tibor qaratish lozim.

Bunda joylarda tuziladigan fuqarolar yig‘inlari raislari (oqsoqollari) va ularning maslahatchilari saylovini tashkil etish va uni o‘tkazishga ko‘maklashuvchi komissiyalar faoliyati muhim ahamiyat kasb etadi va ularning a’zolari zimmasiga katta mas’uliyat yuklanadi.

Sessiyada fuqarolar yig‘inlari raislari (oqsoqollari) va ularning maslahatchilari saylovini tashkil etish va uni o‘tkazishga ko‘maklashuvchi viloyat komissiyasining tarkibi tasdiqlandi.

Shuningdek, ushbu saylovni tashkil etish va o‘tkazish, ko‘maklashuvchi komissiyalar faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha aniq chora-tadbirlar belgilab olindi.

Sessiya kun tartibidagi ikkinchi masala "Fermer xo‘jaligi to‘g‘risida"gi O‘zbekiston Respublikasi qonunining viloyatdagi ijrosi va 2016-yil hosili uchun qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirishda qoloq deb topilgan fermer xo‘jaliklari faoliyatini tubdan yaxshilash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida bo‘ldi.

Bugun mamlakatimizda qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirish borasida fermer xo‘jaliklari yetakchi kuch sanaladi. Xususan, hozirgi kunda qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ishlab chiqarish hajmida ularning ulushi 90 foizdan ortiqni tashkil etmoqda. Shuningdek, o‘tgan davrda fermer xo‘jaliklari faoliyatini takomillashtirish, ularga ajratilgan yer maydonlari hajmini maqbullashtirish yuzasidan ko‘rilgan chora-tadbirlar natijasida yerdan samarali foydalanish, hosildorlik ko‘rsatkichlari o‘sdi.

Biroq fermer xo‘jaliklarida yer, suv va boshqa resurslardan samarali foydalanilishi, ijaraga olish shartnoma shartlari va ixtisoslashuviga amal qilingani, zarur agrotexnik tadbirlarning bajarilishi yuzasidan tegishli ishchi guruhlar tomonidan o‘tkazilgan monitoring natijalari shuni ko‘rsatmoqdaki, viloyatda hamon zimmasidagi mas’uliyatni his qilmaydigan fermerlar uchrab turibdi.

Xususan, barcha tumanlarda suv isrofgarchiligiga yo‘l qo‘ygan, tegishli agrotexnik tadbirlarni vaqtida bajarmagan va natijada g‘alla parvarishida ortda qolgan, yerni chigit ekishga tayyorlashda kechikkan va buning oqibatida urug‘ qadashni keyinga surib kelayotgan, ixtisoslashuviga mos kelmaydigan ekinlarni ekkan fermer xo‘jaliklari aniqlangan.

Sessiyada dunyoda hamon iqtisodiy inqiroz ta’siri sezilib turgan, oziq-ovqat xavfsizligi masalasi global ahamiyat kasb etayotgan bir paytda bu kabi kamchiliklarga mutlaqo yo‘l qo‘yib bo‘lmasligi alohida ta’kidlandi.

Shu nuqtai nazar asosida kechgan muzokaralarda faoliyati samarasiz deb topilgan 28 fermer xo‘jaligining yer ijara shartnomasini bekor qilish bo‘yicha tegishli chora-tadbirlarni amalga oshirish, o‘tkazilgan monitoring davomida aniqlangan kamchiliklarni 10 kun ichida bartaraf etish, g‘alla parvarishi va chigit ekish ishlarini samarali yo‘lga qo‘yish bo‘yicha mas’ullarning aniq vazifalari belgilab olindi.

Shuningdek, sessiyada viloyat hokimining sessiyalar oralig‘ida qabul qilgan qarorlari tasdiqlandi.

Sessiyada ko‘rilgan masalalar yuzasidan tegishli qarorlar qabul qilindi.

K.KARIMOV.

Сайт материалларидан тўлиқ ёки қисман фойдаланилганда веб-сайт манзили кўрсатилиши шарт!