Меню
Қашқадарё
VILOYAT KENGASHI TA’SIS ETILDI
Ana shu munosabat bilan o‘tkazilgan konferensiyada farmon talablaridan kelib chiqib, fuqarolar o‘zini o‘zi boshqarish organlarining mahalliy ahamiyatga molik masalalarni samarali hal qilishdagi rolini yanada oshirish, fuqarolar yig‘inlarining mushtarak manfaatlarini ifoda etadigan uyushmaga birlashish huquqini ro‘yobga chiqarish, ularning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash hamda davlat organlari va fuqarolik jamiyati institutlari bilan o‘zaro hamkorligini yanada rivojlantirish borasida belgilab berilgan tashkiliy-huquqiy chora-tadbirlar, ustuvor vazifalar ijrosini ta’minlash va bunda alohida e’tibor qaratish lozim bo‘lgan jihatlar haqida fikrlashildi.
Tadbirda viloyat hokimi Zafar Ro‘ziyev Prezidentimizning tegishli farmoni mazmun-mohiyatini chuqur anglab olish, mahalla institutini yanada takomillashtirish, ularni joylarda xalqning chinakam maslakdoshi va ko‘makdoshiga aylantirish zarurligi xususida gapirdi. Jamiyatimizda o‘zaro hurmat, mehr-oqibat va hamjihatlik muhitini shakllantirishda, milliy va umuminsoniy qadriyatlarni asrab-avaylash hamda rivojlantirishda mahallalarning ahamiyati katta ekanligini ta’kidladi.
Ma’lumki, mazkur farmonda belgilab qo‘yilganidek, Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha viloyat kengashiga viloyat hokimi jamoatchilik asosida raislik qiladi. Shuningdek, konferensiyada kengash raisi o‘rinbosarlari ham tasdiqlandi. Unga ko‘ra, Do‘stmurod Sultonov birinchi o‘rinbosar, Xolmirza Boltayev yoshlar ishlari bo‘yicha, Abdulla Bo‘riyev diniy-ma’rifiy masalalar bo‘yicha, Shermamat Rajabov keksalar va faxriylar ishlari bo‘yicha o‘rinbosarlar bo‘ldi.
Tadbirda Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha Respublika kengashining ta’sis konferensiyasida ishtirok etish uchun delegatlar saylandi.
Muso MURODOV