Меню
Қашқадарё
UKA
Ixtiyorsiz mashinasini sekinlatdi, opasini uyiga eltib qo‘ygisi keldi va zimdan xotiniga qaradi.
Ensasi qotgan juvon qoshlarini chimirib, qovog‘ini osib olgandi. Xotinning turqi masalani hal qildi: opasini eltib qo‘yishga haddi sig‘madi va yana "Neksiya"sini uchirib ketdi...
Xotinning zo‘ri - erning sho‘ri.
BARAKA
U o‘zini chor tarafga urib, qilmagan ishi qolmadi. Sartaroshligini tashlab bozorga chiqdi va do‘kondorlik qildi.
Pul sanab olishday tuyulgan ishning ostida ham zahmat yotganini anglagach, uyalganidan chet elga ketdi. Xo‘roz hamma yoqda bir xil qichqirarkan. So‘ng novvoylik qilib ko‘rdi. Baribir biri ikki bo‘lmadi. Qayerga bosh ursa, boshi yorilib, g‘urra bo‘lib chiqaverdi.
Ot aylanib qozig‘iga keldi: u yana qo‘liga ustarasini olib, borigayam ko‘ndi, yo‘g‘igayam. Qo‘nim topgan edi, ortidan barakayam topdi.
Daraxt bir joyda ko‘karadi-da.
SABOQ
Oppoq liboslarga o‘ranib, Hoji onaligini ko‘z-ko‘z qilgan ayol boshqa ayolga so‘z qotdi:
- Qachon qarasam, o‘choq boshida kuymalanasiz. Bolalaringiz go‘ringizga kirarmidi? Bundoq hajga borishni ham o‘ylang.
Ayol dedi:
- O‘ttiz yoshda tul qolib, bir etak sag‘irni katta qilganim, o‘qitib, odam qilganim, qizini chiqarib, o‘g‘lini uylantirganim haj emasmi? Esimni taniganimdan buyon elning yaxshi-yomon kuniga yaraganim, ikkita non topsam, birini muhtojga berganim haj emasmi?
Hoji ona tilini tishladi. U qishda qor bermaydiganlar xilidan edi.
DARZ
Boshiga mushkul ish tushib, pul kerak bo‘lib qoldi unga. Begonaga sir bermay, yaqinlariga dardini yordi eshiklarini qoqib.
Akasi u yon burildi, ukasi bu yon. Opasi undoq dedi, singlisi bundoq. Yo‘g‘idan-ku yo‘ndirib bo‘lmaydi, bori ham qarz bermadi, bergisi kelmadi. Noumid qaytdi...
Begonalar qayishib, mushkuli kushod bo‘ldiyu, ammo yuragiga darz ketdi uning.
Shundan xafa...
Lola O‘ROQOVA.