Меню
Қашқадарё
UCH AVLOD UCHRASHUVI
Viloyat hokimligi, Ma’naviyat targ‘iboti markazi viloyat bo‘limi, madaniyat va sport ishlari boshqarmasi, Qarshi davlat universiteti hamda Qarshi garnizoni hududida joylashgan harbiy qism hamkorligida tashkil etilgan mazkur tadbirda Qurolli Kuchlar faxriylari, harbiy xizmatchilar, talaba yoshlar va keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.
Tadbirda ta’kidlanganidek, mamlakatimizda tinchlikni mustahkamlash, xalqimiz farovonligini yuksaltirish, keksalarni e’zozlash, ertamiz egalarini barkamol qilib voyaga yetkazishga davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlari sifatida alohida e’tibor qaratilmoqda. Binobarin, buyuk ajdodlarga munosib bo‘lish, yurtimiz taraqqiyotiga daxldorlik hissi bilan yashash har birimiz, ayniqsa, yoshlarning muqaddas burchidir. Buni teran anglash uchun esa turmushimiz farovonligi yo‘lida fidoyilik ko‘rsatgan, katta hayot tajribasiga ega keksalar bilan fikr almashish, ularning o‘gitlarini tinglash muhim ahamiyat kasb etadi.
- Bugungi yoshlarga havasingiz keladi, - deydi Mudofaa vazirligi faxriylar ishlari bo‘yicha viloyat kengashi raisi, zaxiradagi polkovnik Tojinor Shukurov. – Yoshlarimizning kasb-hunar egallashlari, ilm-fan sirlarini puxta o‘rganishlari uchun barcha sharoitlar yaratilgan. Buning hammasi yurtimizdagi tinchlik va osudalik samarasidir. Harbiylarga qarang. Puxta jismoniy tayyorgarlik, yuksak intellektual salohiyat, mustahkam ruhiy-ma’naviy irodaga ega. Ijtimoiy-maishiy ta’minoti bekamu ko‘st. Yurt armiyasida xizmat qilish har bir o‘g‘lon uchun katta sharaf ishiga aylangan. O‘z navbatida, yurtimizda nuroniylarga, mehnat faxriylariga ko‘rsatilayotgan yuksak ehtirom diqqatga sazovor.
- Bu kabi tadbirlar biz yoshlarni ma’nan yetuk bo‘lib ulg‘ayishimiz, qalbimizga vatanparvarlik tuyg‘ularini yanada chuqur singdirishimizda katta rol o‘ynaydi, - deydi Qarshi davlat universiteti talabasi Maftuna Xo‘jayeva. – Ayniqsa, urush va mehnat faxriylarining hayot maktabi bilan yaqindan tanishish asnosida dunyoda yurt tinchligi, xalq farovonligidan ko‘ra azizroq ne’mat yo‘qligini yana bir bora teran angladim.
Tadbir so‘ngida ishtirokchilar e’tiboriga Qarshi davlat universitetining “Ziyo” talabalar teatr-studiyasi tomonidan sahnalashtirilgan “Shiroq” spektakli namoyish etildi.
J.BOYMURODOV
Suratda tadbirdan lavha.
Sobir NARZIYEV olgan surat