Меню
Қашқадарё
TINCH YURT, MUSAFFO OSMON
Bag‘rikenglik qon-qoniga singib ketgan xalqimiz azal-azaldan turli millat vakillari bilan og‘a-inilardek, do‘st-birodar bo‘lib yashagan. Tabiatan mehr-oqibatli, saxovatpesha xalqimiz sho‘rolar zamonida qatag‘onu quvg‘inga uchragan ko‘plab millat vakillariga o‘z uyidan boshpana berdi, og‘ir damlarda bir burda nonini ular bilan baham ko‘rdi. Bu o‘zbekona fazilatlardan bahramand bo‘lgan koreys, nemis, turk, polyak, yunon, qrim-tatar millatiga mansub kishilarning ko‘pchiligi shu elda doimiy qo‘nim topdi, xalqimizga xos do‘stona munosabatlar bois qaddini tikladi. Ularning zurriyodlari esa shu zaminda tug‘ildi, shu yerda ta’lim-tarbiya olib voyaga yetdi, shu maskanda oilali bo‘ldi, obro‘-e’tibor qozondi. Ular uchun O‘zbekiston haqiqiy Vatan bo‘lib qoldi.
Millatlararo totuvlik istiqlol yillarida yanada mustahkamlandi. Xalqimizning ming yillik an’analari, azaliy qadriyatlari qatorida millatlararo totuvlik, bag‘rikenglik xislatlari yanada yaqqolroq namoyon bo‘ldi.
Birinchi Prezidentimiz tashabbusi bilan 1992-yil 24-yanvarda Respublika baynalmilal madaniyat markazi tashkil etilgani ham turli millat vakillarining konstitutsiyaviy huquqlaridan keng foydalanishi, o‘z milliy an’ana va urf-odatlarini davom ettirishi uchun zarur shart-sharoitlar yaratilishida muhim o‘rin tutdi.
Yurtimizning barcha hududlarida bo‘lgani kabi viloyatimizda ham turli millat va elat vakillari o‘zaro tinch-totuv, birdamlik, bahamjihatlikda yurt ravnaqi, el farovonligiga munosib hissa qo‘shib yashamoqdalar. Ularning huquq va erkinliklari, qonuniy manfaatlarini ta’minlash, ta’lim olishlari, o‘z qiziqish va layoqatlari bo‘yicha kasb-hunar egallashlari, madaniyat, urf-odat, an’analarini saqlash hamda rivojlantirishlari uchun barcha zarur sharoit va imkoniyatlar yaratib berilgan. Barcha millat vakillari davlat boshqaruvi, ijtimoiy-iqtisodiy hamda madaniy jarayonlarda keng va erkin ishtirok etmoqda.
Ayni paytda viloyatda turkman, tatar-boshqird, rus, tojik, arab milliy-madaniy markazlari faoliyat olib bormoqda. Mazkur madaniy markazlar faoliyatini muvofiqlashtirish, ularga amaliy va uslubiy yordam ko‘rsatishga alohida e’tibor qaratilayapti. Mamlakatimizda keng nishonlanadigan Navro‘z, Mustaqillik, Yangi yil bayramlari, Konstitutsiya qabul qilingan kun singari muhim sanalarga bag‘ishlangan ommaviy bayram tadbirlarida "Sudarushka", "Al-Arabiya", "Quyosh" kabi milliy-madaniy markazlar qoshida tashkil etilgan milliy-etnografik guruhlar faol ishtirok etmoqda. Ularning chiqishlarida ham yurtimizdagi millatlararo totuvlik, hamjihatlik o‘z aksini topmoqda.
Vohaning janubi-g‘arbida, Qarshi shahridan ellik chaqirim olisda Jeynov deb atalgan shaharcha bor. Bu yerning aksariyat aholisi etnik arablar. Qarshidan Jeynovga qarab ketaverishda Denov va Mirishkor qishloqlarida o‘zbeklar, Fazli va Qamashi qishloqlarida etnik tojiklar, Jeynovdan o‘tgandan so‘ng Chandir va Pomuqda esa etnik turkmanlar yashaydi. Bu aholi maskanlarining barchasida kishilar bir-biri bilan quda-andachilik qilishib, ahillikda umrguzaronlik qilishmoqda.
- Jeynovlik arablarning asosan to‘rtta urug‘i bo‘lib, ular Avvona, Bavvora, Xarruk, Anxuy mahallalariga bo‘linib yashashgan, - deydi arab milliy madaniy markazi rahbari Xoliqberdi Bobomurodov. - Bu maskanlarda arablarga xos sof milliy urf-odatlar ko‘p jihatlari bilan to‘liq saqlangan. Arab ayollari kiyadigan gizzi (ayollar bosh kiyimi), xatabak (taqinchoq), buxnak (bezak turi), burunga taqiladigan natti (baldoq) Markaziy Osiyoda yashovchi boshqa millatlarda uchramaydi.
Har bir millat boshqalarga o‘xshamagan udumlari, o‘ziga xos yashash tarzi bilan go‘zal. Demak, taraqqiy etgan davlatlarda har bir elning milliy xususiyatlariga hurmat bilan qaralishida ulkan ma’no bor. Shu jumladan, biz yashayotgan hududda ham millatlar orasidagi teng huquqlilik, har bir elning urf-odatlari, an’analariga, tili va udumlariga hurmat bilan qarash tamoyillari qonun yo‘li bilan kafolatlangan.
Respublikamizda yagona bo‘lgan arab milliy-madaniy markazi 1993-yilda O‘zbekiston Qahramoni Murodullo Saidov tashabbusi bilan tuzilgan edi. U kishi umrining oxirigacha mazkur tashkilot rahbari bo‘lib ishladi. Shu yillar davomida markaz juda ko‘p xayrli ishlarni amalga oshirdi. Hatto arab davlatlari elchixonalari bilan aloqalar yo‘lga qo‘yildi. Arablar tarixi, bugungi hayoti, ularning kiyinish tarzi va udumlari haqida kitoblar, fotoalbomlar, maqolalar chop etildi, ko‘rsatuv va telefilmlar yaratildi.
Markaz qoshida "Al-Arabiya" nomli ansambl tuzilgan bo‘lib, ishtirokchilar nafaqat viloyat, balki respublika miqyosidagi tanlov va tadbirlarda faol ishtirok etib kelmoqda. Mazkur ansambl Toshkent shahrida o‘tkazilgan "O‘zbekiston - umumiy uyimiz" festivalida "Eng yaxshi milliy qo‘shiqlar ijrochisi" nominatsiyasi bo‘yicha g‘oliblikni qo‘lga kiritgani ham e’tiborga loyiq.
Tatar-boshqird markazi esa 2001-yilda tashkil topgan. Uning qoshida "Quyosh" ashula va raqs dastasi tashkil etilgan. Ularning tumanlarda, o‘quv muassasalarida xayriya konsertlarini uyushtirib borishi ham yaxshi an’anaga aylanib ulgurdi.
O‘zbek va turkman xalqlarini esa umumiy tarix, mushtarak madaniyat va qadriyatlar, o‘xshash til va urf-odatlar o‘zaro bog‘lab turadi. Taqdir sinovlari davrida bir-biriga yelkadosh bo‘lib, saodatli damlarda quvonchini baham ko‘rib kelgan bu ikki xalq azaldan bir-birining madaniyatini boyitib, o‘zaro savdo-sotiq qilib keladi, bir daryodan suv ichadi.
Birgina viloyatimizning o‘zida, asosan Nishon, Mirishkor va Muborak tumanlarida 50 mingdan ziyod turkman millatiga mansub aholi istiqomat qiladi. 2007-yildan viloyatimizda turkman milliy madaniy markazi faoliyati yo‘lga qo‘yilgan.
Turkman milliy madaniy markazi viloyat bo‘limi tomonidan o‘zbek va turkman xalqlari o‘rtasidagi o‘zaro totuvlik, do‘stlik munosabatlarini yanada rivojlantirish maqsadida qator tadbirlar o‘tkazib kelinadi. Chandirda faoliyat yuritadigan "Alang" turkman folklor ansambli viloyatdagi turli bayramlarda, tadbirlarda faol ishtirok etadi.
Turkmanlarning xuddi pechakday qilib pishiriladigan non shaklidagi taomi - ishliki vohada ancha mashhur. Yoyilgan xamir ichiga go‘sht solinib, temir idishda qumga ko‘mib yoki qozonda ozgina yog‘da qovurilib pishiriladigan bu taomni hamma sevib tanovul qiladi.
- O‘zbek va turkman xalqi haqida so‘z ketsa, bozori ham, mozori ham bir el, deya ta’rif beriladi, - deydi turkman milliy madaniy markazi raisi Norboy Jo‘rayev. - Ikki xalq o‘rtasidagi qardoshlik, hamkorlik rishtalari mustahkam, mangu. Birgina misol. Ayni paytda Qarshi davlat universiteti, Qarshi muhandislik-iqtisodiyot instituti va Toshkent axborot texnologiyalari universiteti Qarshi filialida 70 nafarga yaqin talaba, Koson pedagogika-iqtisodiyot va Qarshi tibbiyot kollejlarida 170 nafardan ortiq o‘quvchi qo‘shni Turkmanistondan kelib o‘qiydi. Shuning o‘ziyoq ikki xalq o‘rtasidagi o‘zaro ishonchni, hamkoru hamfikrlilikni ko‘rsatmaydimi?!
Tojiklar bilan esa voha ahli og‘a-ini kirishib ketgan, qarindoshlik rishtalari uzviy bog‘langan. Har bir qishloq, mahallada etnik tojiklar bilan bir qatorda taqdir taqozosi bilan qo‘shni Tojikistondan kelgan kishilar ham ko‘plab topiladi. Ular o‘zbek va boshqa xalqlar bilan tinch-totuv, ahil-inoq yashab, og‘a-ini, quda-anda bo‘lib ketishgan. Yaxshi-yomon kunida bir-biriga tirgak, hamdardu hamfikr bo‘lib kelgan.
- Chunki ikki xalqning madaniyati, mentaliteti o‘xshash - vatanparvarlik, mehnatsevarlik, bag‘rikenglik, sabr-matonat kabi fazilatlar ularga birdek xos, - deydi tojik milliy madaniy markazi raisi Abdurasul Ergashev. - Tan olish kerak, mehr-oqibat, kattaga hurmat, kichikka izzat bobida o‘zbeklarga teng keladigani yo‘q. Hech e’tibor berganmisiz, kunduzimi, kechasimi o‘zbekning eshigini taqillatsangiz, darhol ochadi va qo‘lini ko‘ksiga qo‘yib "Keling, mehmon", deya iltifot ko‘rsatadi. Shunday yurtda, mehmondo‘st o‘zbek xalqi bilan birga yashayotganimdan faxrlanaman.
Shuni ham qayd etish joizki, O‘zbekistonda qisqa vaqt ichida millatlararo hamjihatlikni ta’minlash borasida o‘ziga xos boy tajriba to‘plandi. Bunda millatlarning tili, madaniyati va urf-odatlarini asrab-avaylash bilangina cheklanmasdan, balki barcha millat va elatlarning umumiy birdamligiga, ular e’tiqod qilayotgan dinlarda bag‘rikenglik taomilini mustahkamlashga va bir g‘oya atrofida jipslashishga katta e’tibor berilgan.
Bugun viloyatimizda o‘zbek tilida erkin so‘zlasha oladigan rus, koreys, tatar, turkman, arab, arman, ozarbayjon, belarus va boshqa millatlarga mansub fuqarolar ko‘p. Ularning milliy urf-odatlari o‘zbek xalqi tomonidan alohida e’tibor bilan kuzatiladi, qattiq hurmat qilinadi.
Ayniqsa, milliy-madaniy markazlar tomonidan o‘quv yurtlarida, mahallalarda o‘tkazilayotgan uchrashuvlar, suhbatlar va turli tadbirlar millatlararo hamjihatlikni ta’minlashda muhim omil bo‘lmoqda. Xususan, "O‘zbekiston - umumiy uyimiz", "Vatan yagonadir, Vatan bittadir", "Qudratimiz - birlik va hamjihatlikda" kabi shiorlar ostida o‘tayotgan festivallar ko‘p millatli vohamiz aholisining chinakam do‘stlik bayramiga aylanib ulgurgan.
- Mahallamizda turli millatga mansub kishilar yashaydi, - deydi Qarshi shahridagi Xontepa mahalla fuqarolar yig‘ini raisi Ramiz Zohidov. - Ular bizga qo‘shilib to‘y-ma’rakamizda bo‘ladi, biz ham ularning yaxshi-yomon kunida yelkadosh turamiz. Rus, tatar, tojik, turkman, koreys, qozoq kabi millat vakillari bir oila farzandlaridek ahil yashab kelmoqda. 2016-yilda o‘tkazilgan "Eng namunali fuqarolarning o‘zini-o‘zi boshqarish organlari" tanlovining respublika bosqichida bizga "Mahallada millatlararo totuvlikni mustahkamlashdagi faol ishtiroki uchun" nominatsiyasi g‘olibligi berilgani ham bejiz emas.
Ko‘pmillatlilik va ko‘pmadaniyatlilik - bu bizning milliy boyligimiz desak, aslo mubolag‘a emas. O‘zbekistonni o‘z Vatani deb bilib, uning taraqqiyoti yo‘lida fidokorona mehnat qilayotgan turli millatga mansub yurtdoshlarimizning har biri, shubhasiz, buni teran his qiladi, anglaydi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2016-yil 14-dekabrda Oliy Majlis palatalarining qo‘shma majlisidagi nutqida "Jamiyatimizda hukm surayotgan o‘zaro do‘stlik va hamjihatlikni yanada rivojlantirish, qaysi millat, din va e’tiqodga mansubligidan qat’i nazar, barcha fuqarolar uchun teng huquqlarni ta’minlash e’tiborimiz markazida bo‘ladi. Ularning o‘rtasiga nifoq soladigan ekstremistik va radikal g‘oyalarni tarqatishga O‘zbekistonda mutlaqo yo‘l qo‘yilmaydi", degan so‘zlari ham bu boradagi ezgu ishlarni yangi bosqichga ko‘tarishi shubhasiz.
SH.BOZOROVA, N.XO‘JAYEV
Suratda: Qarshi shahridagi Xontepa mahallasida turli millat vakillari ahil-inoq yashashadi.
Sobir NARZIYEV olgan surat.