Меню
Қашқадарё
TAKOMILLASHGAN KODEKS VA MAKSIMAL IMKONIYATLAR
Qayd etish joizki, joriy yilning 21-aprelida kuchga kirgan yangi tahrirdagi Bojxona kodeksi bu boradagi ishlarni yangi bosqichga ko‘tarishda, yanada yuksaltirishda muhim dasturilamal bo‘lib xizmat qilmoqda.
Yangi tahrirdagi Bojxona kodeksida tovar va transport vositalarini bojxona chegarasi orqali olib o‘tish, bojxona rejimlari, ruxsat berish tartib-taomillari va bojxona nazoratining umumiy qoidalariga alohida bo‘lim va boblar ajratilgan bo‘lib, sohada muhim o‘zgarishlar amalga oshirildi.
Xususan, kodeksning 3-bobida tovar va transport vositalarini bojxona chegarasi orqali olib o‘tishda bojxona organlariga taqdim qilinadigan hujjatlar va ma’lumotlarning tugal ro‘yxati tasdiqlangan bo‘lib, bojxona organining unda nazarda tutilganidan boshqa hujjatlar va ma’lumotlarni talab qilishga haqli emasligi belgilab qo‘yildi. Shu bilan birga, boshqa vakolatli organlardan elektron ravishda axborot almashinuvi yo‘li bilan zarur hujjat va ma’lumotlarni olish ko‘zda tutildi.
Ushbu bobda tadbirkorlik subyektlariga berilayotgan imkoniyatlardan biri shuki, ular bojxona organiga bojxona chegarasi oqali olib o‘tiladigan tovar va transport vositalari haqida bojxona chegarasini kesib o‘tmasidan oldin ma’lumot berishi mumkin. Ma’lumotlarning bunday tarzda taqdim qilinishi bojxona chegarasini kesib o‘tishdagi rasmiyatchiliklar uchun sarflanadigan vaqtni qisqartiradi.
Shuningdek, tovarlarning bojxona chegarasi orqali olib o‘tilishi vakolatli shaxslarning tovarlarni bojxona rejimlaridan biriga joylashtirish va mazkur bojxona rejimi talablari hamda shartlariga rioya etish majburiyatini keltirib chiqaradi. Vakolatli shaxs tovarlarning va transport vositalarining xususiyati, miqdori, ishlab chiqarilgan mamlakati yoki qaysi maqsadga mo‘ljallanganidan qat’i nazar, istalgan bojxona rejimini tanlashga yoki uni boshqa bojxona rejimiga o‘zgartirishga haqli. Tanlangan bojxona rejimi bojxona rasmiylashtiruvini amalga oshirish uchun bojxona organiga taqdim etiladigan bojxona deklaratsiyasida deklarant tomonidan ma’lum qilinadi.
Qonun hujjatlari buzilgan taqdirda, bojxona rejimida turgan tovarlar belgilangan tartibda olib qo‘yilishi mumkin. Bojxona rejimi talablari va shartlariga rioya etilishi uchun javobgarlik tovarni tegishli bojxona rejimiga joylashtirgan shaxsning zimmasida bo‘ladi.
Yangi tahrirdagi Bojxona kodeksining bojxona rejimlariga bag‘ishlangan bo‘limida 16 ta bojxona rejimi alohida keltirilgan bo‘lib, har bir bojxona rejimining talablari va shartlari hamda tovarlarni ushbu bojxona rejimiga joylashtirishda talab qilinadigan hujjatlar aniq belgilab qo‘yildi.
“Vaqtincha olib kirish (olib chiqish)” bojxona rejimi alohida “vaqtincha olib kirish” va “vaqtincha olib chiqish” bojxona rejimlariga ajratilgani sababli bojxona rejimlarining soni 1997-yildagi Bojxona kodeksida belgilanganidan 1 taga ko‘p. Bu ikkala bojxona rejimining ajratilishi – tovarlarni ushbu bojxona rejimlariga joylashtirish talablari va shartlari, bojxona organlariga taqdim qilinadigan hujjatlari, qo‘llaniladigan bojxona to‘lovlarining alohida belgilanishi imkonini berdi. 1997-yilda qabul qilingan Bojxona kodeksida talablarning umumiy belgilangani ularning qaysi birini vaqtincha olib kirishda, qaysi birini vaqtincha olib chiqishda qo‘llash lozimligini aniqlashda noqulayliklarni yuzaga keltirar edi.
Yangi tahrirdagi Bojxona kodeksida qayta ishlash mahsulotlariga nisbatan bojxona to‘lovlarini qo‘llashda mavjud bo‘lgan noaniqliklar ham bartaraf etildi.
Shuni ta’kidlab o‘tish joizki, 1997-yilda qabul qilingan Bojxona kodeksi umumiy normalarni belgilab beruvchi qonun hujjati bo‘lib, uning ijrosini ta’minlash uchun bir qancha qonunosti hujjatlari ishlab chiqilgan edi. Birgina misol, ilgari bojxona rejimlari 12 ta qonunosti hujjati bilan tartibga solingan bo‘lsa, yangi tahrirdagi Bojxona kodeksi ushbu hujjatlardagi normalarni yaxlit tarzda bitta qonun hujjatida aks ettirish imkonini berdi. Bu esa o‘z navbatida, tadbirkorlik subyektlariga bojxona rejimlarini qo‘llash bo‘yicha o‘zlarini qiziqtirgan savollarga bitta qonun hujjatidan javob topish imkonini beradi.
Yangi tahrirdagi Bojxona kodeksida O‘zbekiston Respublikasining 2012-yil 20-dekabrdagi “Tadbirkorlik faoliyati sohasidagi ruxsat berish tartib-taomillari to‘g‘risida”gi Qonuni bilan belgilangan talablar asosida bojxona organlari tomonidan ruxsatnomalar berish tartibotlari ham o‘z ifodasini topgan.
Bojxona organlari tomonidan ruxsatnomalar berish jarayonining shaffofligini ta’minlash maqsadida ushbu Kodeksda:
ruxsatnomani olish uchun taqdim etiladigan hujjatlarning tugal ro‘yxati;
tadbirkorlik subyektining ruxsatnomani berish to‘g‘risidagi arizasini ko‘rib chiqish, hujjatni berish yoki uni berishni rad etish tartibi va muddatlari;
ruxsatnoma berishga doir talablar va shartlar;
ruxsatnomani “bir darcha” orqali berishda bojxona organlarining boshqa vakolatli organlar bilan o‘zaro hamkorligi;
ruxsatnomaning amal qilish muddatini uzaytirish, to‘xtatib turish, qayta tiklash, tugatish, uni qayta rasmiylashtirish va bekor qilish tartiblari belgilab berilgan.
Bojxona kodeksining bojxona nazoratining umumiy qoidalariga bag‘ishlangan bobida bojxona nazoratining predmeti, bojxona nazorati zonalari, tovar va transport vositalarining bojxona nazorati ostida bo‘lish muddatlari belgilangan.
Kodeksning 178-moddasiga asosan bojxona nazorati:
bojxona chegarasi orqali olib o‘tilayotgan va (yoki) ushbu Kodeksga muvofiq deklaratsiyalanishi lozim bo‘lgan tovarlarga va transport vositalariga nisbatan;
taqdim etilishi ushbu Kodeksda nazarda tutilgan bojxona deklaratsiyasiga, tovarlar to‘g‘risidagi hujjatlarga va ma’lumotlarga nisbatan;
yuridik va jismoniy shaxslarning tovarlarni bojxona chegarasi orqali olib o‘tish, bojxona ishi sohasida xizmatlar ko‘rsatish bilan bog‘liq, shuningdek ayrim bojxona rejimlari doirasida amalga oshiriladigan faoliyatiga nisbatan o‘tkaziladi.
Shuni ham aytish o‘rinliki, yangi tahrirdagi Bojxona kodeksida bojxona deklaratsiyasi hamda bojxona nazoratini o‘tkazish uchun zarur bo‘lgan boshqa hujjatlarni saqlash muddati tovarlar bojxona nazorati ostida turgan tovar maqomini yo‘qotgan yildan keyingi yildan e’tiboran uch yil qilib belgilangan. Bojxona kodeksi kuchga kirgunga qadar bunday hujjatlarni saqlash eksport bojxona rejimi uchun o‘n yil, boshqa bojxona rejimlari uchun besh yilni tashkil qilgan. Hujjatlarni saqlash muddatlarining qisqartirilishi – tadbirkorlik subyektlarining hujjatlarni saqlash bilan bog‘liq xarajatlarining qisqarishiga olib keladi.
Shuningdek, tijorat va notijorat maqsadlaridagi transport vositalarini, shuningdek, tovarlarni bojxona chegarasi orqali quvur transporti va elektr o‘tkazuvchi liniyalar orqali olib o‘tish tartibi ancha maqbullashtirilgan.
Yangi bojxona nazorati usullari joriy etilishi, tashqi iqtisodiy faoliyat qatnashchilarining huquqlarini cheklamaydi. Bundan tashqari, O‘zbekiston Respublikasi bojxona chegarasi orqali harakatlanayotgan tovarlarni samarali bojxona nazoratidan o‘tkazish hamda ularning bojxona rasmiylashtiruvi muddatlarini qisqartirish imkoniyatini beradi.
Umuman olganda, bugun amaliyotda qo‘llanilayotgan yangi tahrirdagi Bojxona kodeksi O‘zbekiston Respublikasi tashqi iqtisodiy faoliyati samaradorligi yanada oshishiga xizmat qiladi. Ichki bozorni sifatsiz va kontrabanda mahsulotlaridan himoya qilish, xo‘jalik yurituvchi subyektlar, mamlakatimiz ishlab chiqaruvchilari, shu jumladan, kichik biznes vakillari va xususiy tadbirkorlarning jahon bozorlariga chiqishi uchun qo‘shimcha qulay tashkiliy-huquqiy shart-sharoitlar yaratadi.
Sobir XOLMURODOV,
viloyat bojxona boshqarmasi katta inspektori