Меню
Қашқадарё
TADBIRKORLIKKA KENG ERKINLIK
Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zLiDeP viloyat kengashi tomonidan Qarshi shahrida o‘tkazilgan davra suhbatida shular xususida so‘z yuritildi. Tadbir 2016 yil 5 oktabrda imzolangan “Tadbirkorlik faoliyatining jadal rivojlanishini ta’minlashga, xususiy mulkni har tomonlama himoya qilishga va ishbilarmonlik muhitini sifat jihatidan yaxshilashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Prezident farmoni mazmun-mohiyatini keng aholi qatlamiga tushuntirish, tadbirkorlar va fermerlar o‘rtasida targ‘ib qilish, shuningdek, ushbu hujjatda belgilangan ustuvor vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida tashkil etildi. Unda mahalliy davlat hokimiyati, nazorat organlari mutasaddilari, qator tashkilotlar mas’ullari, xalq deputatlari viloyat, tuman (shahar) Kengashlaridagi O‘zLiDeP deputatlik guruhi a’zolari, tadbirkorlar ishtirok etishdi.
Ta’kidlanganidek, mazkur farmonda tadbirkorlikka keng erkinlik berish, uning faoliyatiga asossiz aralashuvlarga butkul chek qo‘yish, byurokratik to‘siqlarni olib tashlash, ishbilarmonlik muhitini yanada yaxshilash ko‘zda tutilgan. Ahamiyatlisi, endilikda tadbirkorlar tomonidan huquqbuzarlik sodir etilishining barvaqt oldini olish, bu boradagi profilaktika ishlari samaradorligini oshirish birinchi galdagi vazifaga aylantirildi. Shuningdek, qonunga zid faoliyat ko‘rsatgan tadbirkor yetkazilgan ijtimoiy xavfi kam zararni qoplasa, javobgarlikdan ozod etilishi belgilab qo‘yildi.
- Bu albatta biz, ishbilarmonlarga keng qulaylik yaratadi, - deydi G‘uzor tumanidagi “Jamila Jasmina” fermer xo‘jaligi rahbari Zubayda Jo‘rayeva. – Chunki yana bir imkoniyatga ega tadbirkor boshqa bunday xatoni sodir etmaslikka harakat qiladi. Bu esa yurtimizda tadbirkorlik bundan-da ravnaq topishiga xizmat qiladi. Bugungi kunda biz ko‘p tarmoqli faoliyatni yo‘lga qo‘yganmiz. Xo‘jaligimiz asosan chorvachilikka ixtisoslashgan. 70 ta asalari oilasini parvarish qilayapmiz. O‘tgan yili 1 tonnayu 300 kilogramm asal yig‘ib olgandik. Shuningdek, 20 bosh qoramol, 200 boshdan ziyod qo‘y-echki boqayapmiz. Har yili aholiga sut va go‘sht yetkazib beramiz. Parrandachilikda ham yutuqlarimiz maqtovga loyiq. 1000 ta tovug‘imiz bor, ulardan har kuni 800 tagacha tuxum olamiz. Kelgusida baliqchilikni tashkil qilmoqchimiz. Buning uchun sharoit yetarli. Bizni davlat darajasida qo‘llab-quvvatlashayotgan ekan, bunga tashabbuskorlik va ilg‘orlik bilan javob qaytarishimiz kerak.
Tadbir davomida mutaxassislar farmonda qayd etilgan asosiy jihatlar, ustuvor vazifalarga atroflicha sharh berishdi. Davra suhbati qizg‘in savol-javoblarga boy bo‘ldi.
M.SHUHRATOV