Меню
Қашқадарё
SUYUN BOBONING BOFI
Hovlisidagi 4 sotixlik mo‘jazgina bog‘chada turli-tuman daraxt ko‘chatlarini ekib, parvarishlab kelayotgandi. Endi 25 sotixlik tomorqaning 10 sotixini ham bog‘ga aylantirdi. Shaftoli, o‘rik, qaroli, gilos, olcha, yong‘oq ko‘chatlarini ekdi. Olmaning bir emas, uch xil naviga qiziqib qolib, ko‘chatini topdi. “Bog‘ni boqsang, bog‘ bo‘lar”, deganlariday, 3-4 yilda daraxtlar hosilga kirdi. Bugunga kelib, Suyun Esonovning bog‘i hamqishloqlari orasida ovoza bo‘ldi.
- Bog‘dorchilik azaldan xalqimizning qon-qoniga singib ketgan ish, - deydi u kishi. – Shuning uchun umrida daraxt ekmagan odam bo‘lmasa kerak. Lekin ekish bilan ekishning, qarash bilan qarashning ham farqi bor. Bog‘bonlik shunday injiq, nozik ish, hamma ham uni eplay olmaydi.
Suyun Esonovning o‘zi esa bog‘ ishiga nihoyatda havas qo‘ygan. Erta tongda bog‘ini bir aylanib chiqmasa, ko‘ngli o‘rniga tushmaydi. Har bir daraxt unga yaxshi tanish, har biri go‘yo qadrdon kishisiday. Mehr bilan parvarishlagani uchunmi, bog‘ ham har yili shig‘il hosil beradi. Albatta, meva-chevaning oldini farzandu nabiralariga ilinadi. Ortgani esa qo‘ni-qo‘shni, do‘st-birodarlarga ulashiladi.
- Bozorga ham chiqaramiz, odamlar ehtiyojiga yarasha oladi, - deydi bog‘bon. – Bir qismini qishga asraymiz, murabboyu sharbat qilinadi. Zero, har narsaning o‘zingdan chiqqani boshqacha, barakali bo‘ladi.
Suyun Esonov bog‘ining parvarishini birovga ishonmaydi, o‘zi eplaydi. Payvand qo‘yish bormi, butash bormi, o‘zi bajarishga o‘rgangan. Ora-sirada daraxtlarida biror tajriba o‘tkazib turadi. Bir-ikki yil oldin mevasi yaltiroq, o‘rtapishar o‘rik daraxtiga olcha bilan qaroli kurtagini payvand qilib ko‘rdi. Har ikkala kurtak ham tanaga binoyiday o‘rnashib, tutib ketdi. Hozir bitta daraxtda ham o‘rik pishadi, ham qaroli, ham olcha. Biri pishib tugay boshlashi bilan ikkinchisiga rang kiradi.
Bunday tajribalarni bog‘bon ko‘p o‘tkazadi. Bog‘dorchilikka doir kitoblarni o‘qiydi, gazeta-jurnallarda chiqqan biror yangilik uni befarq qoldirmaydi. Ayniqsa, “O‘zbekiston” telekanalida efirga uzatiladigan “Mening bog‘im” ko‘rsatuvining har bir sonini ko‘rib boradi. Ko‘rganlarini amalda sinab ko‘rgisi, tajribadan o‘tkazgisi keladi. Qisqasi, bu tinib-tinchimagan odam uchun bog‘i ham tajriba maydonchasi, ham daromad manbai.
- Bir parcha yer bo‘lsa ham bo‘sh qolmasligi kerak-da, - deydi u nabiralariga. – Biror ekin yo nihol ekib qo‘ysang, ertaga o‘zingga yaxshi. Sen yerga bir xizmat qilsang, u senga ming xizmat ko‘rsatadi.
Bu naqlga uning o‘zi og‘ishmay amal qiladi. Bog‘dan tashqari yana 15 sotixlik yerni chorva uchun yem-xashak ekiladigan, boshqa turli poliz mahsulotlari yetishtiriladigan ekin maydoniga aylantirgan. Yerdan unumli foydalanish maqsadida almashlab ekish yo‘lga qo‘yilgan. Arpa, bug‘doy yoki shunga o‘xshash don urug‘i qadalgan yerning hosili yig‘ishtirilgach, unga kechki qovun-tarvuzmi, pomidor-bodringmi ekadi. Nabiralarini yoniga olib, ekinga ishlov beradi, erinmay qaraydi. Rohatini ko‘rib, hosilini olganida esa chin dildan quvonadi.
- Bizning yerimiz unumdor, saxovatli yer, - deydi Suyun Esonov. – Televizorda ko‘p ko‘rganmiz, ayrim mamlakatlarda yashaydigan odamlar tuproqdan biror nima undira olmaydi, yerida jon yo‘q, quvvat kam. Bizda-chi? Yaratgan bizni unumdor, tuprog‘i tilloga teng zamin bilan siylagan. Demak, yerni bekor qo‘yishning o‘zi gunoh.
Darhaqiqat, saxovatli zaminimizning imkoniyatlari katta. Bilib-anglab yondashgan odamni boy qiladi. Barakali mehnati ortidan daromad topib, boshqalarga ham foyda keltirayotgan Suyun Esonov singari yurtdoshlarimiz esa vohamizda ko‘plab topiladi. Ularning sa’y-harakati hududlar obodligi, bozorlar to‘kinligida ham ifodasini topmoqda.
Xurshida ABDULLAYEVA