Меню
Қашқадарё
“SOZLAR KELINCHAGI”GA OSHUFTALIK
Berilib chang chalayotgan qizning chaqqon barmoqlari harakati va sozdan taralayotgan kuy menda ana shunday taassurotlarni uyg‘otdi.
Gavhar Boymurodova Qarshi san’at kollejining xalq cholg‘u ijrochiligi bo‘limida tahsil olayotgan iste’dodli yoshlardan biri.
- “Skripka chalishni o‘rganasan”, deb otam musiqa maktabiga yetaklab borganlarida endigina sakkiz yoshga qadam qo‘ygandim, - deydi yosh ijrochi. - Dastlab shu soz bo‘yicha tahsil ola boshladim. Keyinroq esa chang chalishga ham qiziqib qoldim. Bu musiqa asbobidan taralgan o‘ziga xos navo meni o‘ziga rom aylagandi. Har gal chang chalish uchun maxsus tayoqchalarni qo‘limga olarkanman, ko‘nglimni hayajon qamrab oladi. Changning nozik torlaridan taralayotgan mayin va o‘ynoqi kuy asirasiga aylanaman. Shunday mukammal sozni yaratgan ajdodlarimizning aql-tafakkuriga qoyil qolaman.
Darhaqiqat, chang sozi o‘ziga xos tarovati va jozibador savti bilan boshqa xalq cholg‘u asboblaridan ajralib turadi.
XVII asrda yashagan mashhur sozanda Darvesh Ali Changiy musiqiy sozlar to‘g‘risidagi bir risolasida tanbur, chang, nay, qonun kabi cholg‘u asboblarini bir-biriga taqqoslarkan, changga “sozlar kelinchagi” deya ta’rif beradi.
Manbalarda keltirilishicha, Darvesh Alining zamondoshi Xo‘jai Kalon (Buyuk Xo‘ja, Shayx Xo‘ja Sa’d) og‘ir dardga giriftor bo‘ladi. O‘sha davrning nomdor tabibi Sulton Muhammad unga changdan taralayotgan kuylarni ko‘proq tinglashni tavsiya etadi. Shunda Xo‘ja Sa’d Darvesh Alini huzuriga chorlaydi. Sozanda rosa uch oy davomida Sa’d qoshida chang chaladi. Har kungi musiqa muolajasidan so‘ng Xo‘ja butunlay tuzalib ketadi.
Gavharning ta’kidlashicha, changning o‘ziga xos murakkab tuzilishi, undagi har bir tor bilan ishlash sozandadan o‘tkir zehn, nozik musiqiy qobiliyat, ko‘z va quloq xotirasining kuchli bo‘lishini talab etadi. Buning uchun “sozlar kelinchagi” bilan ko‘p vaqt mashq qilish, tinmay ishlash lozim.
- Zamonaviy musiqiy asarlardan biri - “Gulg‘uncha”ni ilk bora mustaqil tarzda chalganimda, o‘zimni xuddi katta musiqachilarday his etganman, - deydi yosh sozanda. – Ustozim Zebo Boymirzayevadan olayotgan saboqlarim mahoratimni oshirish hamda viloyat, respublika miqyosida o‘tkazilayotgan ko‘rik-tanlovlar, turli festivallardagi ishtirokimda qo‘l kelmoqda.
Darvoqe, Gavhar Boymurodova turli musiqiy tanlovlarda muntazam qatnashib kelayapti. 2014-yilda Qarshi shahrida bo‘lib o‘tgan Muhiddin Qori Yoqubov nomidagi Respublika yosh ijrochilar tanlovining viloyat bosqichida faxrli ikkinchi o‘ringa sazovor bo‘ldi. Bungacha esa u “Yangi avlod” respublika bolalar ijodiyoti festivalida ham faol ishtirok etgandi. O‘tgan yilning 2-3-may kunlarida Toshkentda bo‘lib o‘tgan “Navro‘z sadolari” II xalqaro milliy cholg‘u va orkestr-ansambl festivalidagi ishtiroki esa yosh sozandaga ko‘p narsa berdi.
- Festivalda boshqa yurtlardan kelgan tengdoshlarimning mahoratini ko‘rdim, ular bilan suhbatlashdim va o‘z ustimda yanada ko‘proq ishlashim kerakligini angladim, - deydi Gavhar Boymurodova.
Shuningdek, u yaqinda Toshkentda o‘tkazilgan “Ona yurt ohanglari” II xalqaro festivalida ham faol ishtirok etib qaytdi.
- Tanlovdan olgan taassurotlarim bir olam, - deydi Gavhar. – Festivalning maxsus sertifikati bilan taqdirlandim. Festivalda ishtirok etgan rus, ozarbayjon, tojikistonlik tengqurlarimning chiqishlari, ular ijrosidagi g‘arb kuylari va sharqona ohanglar ijrosi menga manzur bo‘ldi. Nasib etsa, ustozim bilan hamkorlikda o‘z ustimda qattiq ishlab, kelajakda milliy musiqamizning noyob durdonalarini nafaqat yurtimiz, balki jahon sahnalaridan turib musiqa ixlosmandlariga armug‘on qilsam, deyman.
Ha, bugun changchi qiz ijod olamining o‘ziga xos ajib pillapoyalaridan asta-sekin ko‘tarilib borarkan, diliga tukkan orzu-havaslari unga ilhombaxsh kuch ato etadi. Hozirda Gavharning ijro repertuaridan 15 dan ortiq o‘zbek va chet el bastakorlari ijodiga mansub mashhur musiqiy asarlar o‘rin olgan. Bu ro‘yxatni uzaytirish, mahoratini oshirish yo‘lidagi intilishlari esa undan yangi muvaffaqiyatlar kutishimizga asos bo‘ladi.
Dilfuza JUMAYEVA
Suratda: Gavhar Boymurodova ustozi Zebo Boymirzayeva bilan mashg‘ulotda.
Sobir NARZIYEV olgan surat.