Меню

Қашқадарё

02.02.2017 2219

SOYA

Bu o‘simlik shifobaxsh va oziq moddalarga boyligi bilan ajralib turadi. Mevasining tarkibida 30 foizdan ko‘proq oqsil borligi aniqlangan. Soyada genistein, izoflavonoidlar va fitin kislota mavjud. Bu elementlar gormonlar bilan bog‘liq saratonning oldini oladi,  organizmdagi o‘smalarning o‘sishini keskin kamaytiradi, shuningdek, yurak qon-tomir xastaliklarining rivojiga to‘sqinlik qiladi. Jigar, o‘t xastaliklari, qandli diabet, allergik kasalliklarga chalinganlar soyani ko‘proq iste’mol qilishlari tavsiya  etiladi.

O‘simlik tarkibidagi soya letsitini organizm uchun muhim moddalardan sanaladi. Ayniqsa, asab va miya to‘qimalari tiklanishida bu modda katta ahamiyat kasb etadi. Shuningdek, u fikrlash, xotirani mustahkamlashda yordam beradi. Qondagi xolesterin miqdorini bir maromda saqlab turadi, metabolizmni meyorlashtiradi.

Soya yog‘i tarkibi E, С darmondorilariga, natriy, kalsiy, kaliy, magniy, fosfor va yog‘ kislotalariga boy. Bu moddalar esa immunitetni mustahkamlab, organizmda modda almashinuvini yaxshilaydi. Soya organizmda 100 foiz so‘rilib, hazm bo‘ladigan bebaho mahsulotdir.

Yosh bolalar va endokrinologik kasalliklarga chalinganlarga soyadan tayyorlangan taomlarni iste’mol qilish tavsiya etilmaydi.

YASHIL NO‘XAT

Yashil no‘xat – dukkaklilar oilasiga kiruvchi o‘simlik. Qadimgi Hindiston va Xitoyda madaniylashtirilgan. Qadimgi Yunoniston va Rimda kambag‘al aholining asosiy oziq moddalaridan hisoblangan. 

Yashil no‘xat kaloriyaga boy mahsulot sanaladi. 100 gramm mahsulot 73 kkal kaloriyaga ega. Tarkibi 5-7 foiz oqsil, 5-7,5 foizgacha shakar, 1-3 foiz kraxmal, 6-7 foiz yog‘dan iborat. Urug‘ida 45 foizgacha kraxmal va undan ham ko‘proq amilozalar mavjud. Yashil no‘xat limon kislotaga boyligi jihatidan kartoshkadan yuqori o‘rinda turadi. Yashil urug‘i va pishmagan dukkagida turli darmondorilar mo‘l. Mahsulot tarkibida В guruhidagi darmondorilar ko‘p, shuningdek, В2, РР darmondorilari ham ko‘p miqdorda uchraydi. Organizm uchun foydali sanalgan lizin, metionin, triptofan, sistin singari aminokislotalarga boy.

Yashil no‘xatdagi piridoksin moddasi organizmda aminokislotalarning sintezlanishida muhim rol o‘ynaydi. Bu moddaning yetishmasligi esa dermatit va tomir tortishishini keltirib chiqaradi. Selen moddasining mo‘lligi bois yashil no‘xat antikanserogen xususiyatga ega mahsulot sanaladi. Shuningdek, u tanaga radioaktiv moddalar kirishiga to‘sqinlik qiladi.

Tabobatda yashil no‘xat peshob haydovchi, buyrak toshlarini tushiruvchi vosita sifatida qo‘llanadi. Onkologik xastaliklar, infarkt va gipertoniyaning oldini oladi. Uni doimiy iste’mol ro‘yxatiga kiritish terining qarish jarayonini sekinlashtiradi.

Manbalar asosida XURSHIDA tayyorladi.

Сайт материалларидан тўлиқ ёки қисман фойдаланилганда веб-сайт манзили кўрсатилиши шарт!