Меню

Қашқадарё

26.07.2016 2139

SOCHINING SAVDOSI TUSHDI...

Bolalikning birgina shu lavhasi ko‘z o‘ngimdan o‘tishi hamono soch bilan bog‘liq yana boshqa bir qancha o‘git-pandlar, turli odat-udumlar, irimlar yodimga tushdi. O‘zbek oilasida tug‘ilgan farzand yoshiga yetar-yetmas “soch oldi” marosimi o‘tkaziladi. Agar farzand o‘g‘il bo‘lsa, bu marosim toq oyda, qiz bo‘lsa, juft oyda nishonlangan. Marosimda oilaning yoshi ulug‘i go‘dak sochiga qaychi urib beradi. Buning zamirida bola shu ulug‘ yosh yashagan odam kabi tolei baland, rizq-nasibali bo‘lsin, degan ezgu niyat yotadi. Soch olinganida orqa tomonda – ensada biroz qoldirilib, o‘stirilgan va bu “ergash”, “kokil” deb yuritilib, bola ma’lum yoshga yetganida o‘tkazilgan maxsus marosimda kesilgan. Bu amal “bolam kattalarga ergashib, unib-o‘ssin, ko‘pga qo‘shilsin”, degan nek-niyatda qilingan. Bu udum hatto hozir ham ayrim olis qishloqlarda saqlanib qolganini ko‘rish mumkin. Qiz bolaning sochi esa qo‘lga ilashadigan bo‘lgan zahoti o‘rimga solingan, qizaloqlarning sochi yoyilib, besaranjom bo‘lib yurishiga yo‘l qo‘yilmagan. Kesilgan, taralganda tushgan soch tolalari esa hech qachon oyoq  ostiga tashlanmagan.

Ilgari sochning qanday o‘rilganiga qarab, uning sohibasi haqida ma’lumot olish mumkin bo‘lgan. Yosh qizaloqlar sochiga pilta yo jamalak taqilgan bo‘lsa, navnihol bo‘y qizlar sochi hamisha qirqkokil qilib o‘rilgan. Onalar qizining sepiga alohida bezakli jamalak solishgan. “Po‘pak”, “taxtapo‘pak”, “zarkokil”, “nuqrapo‘pak” singari turlicha nomlar bilan atalgan bezak yangi kelinlikning belgisi bo‘lgan. Endi u to farzandli bo‘lgunicha, sochini shu bezak bilan yasatib yurgan. Bolasi tug‘ilib, onalik maqomiga yetgan ayol esa sochini bir yoki ikki o‘rim qilib, orqasiga tashlab yurgan.

Adabiyotda ham soch timsoli alohida yukli badiiy ma’no tashuvchi unsur hisoblangan. Ertaklarda sehrgar parilar o‘zlarini qut-qargan botirlarga uch tola soch berib, yordamga shay turishi sochda ilohiy-sehriy bir quvvat, zamonaviy tilda aytganda, magik kuch borligiga ishora. Yoki xalq ishongan botir, azamat qahramonning ertaklarda zar kokilli yigit qiyofasida gavdalanishi sochda ma’lum bir qudrat jamlanganini bildiradi.

Mumtoz adabiyotda esa soch - sog‘inch, hijron, mehr timsoli.

“Sochining savdosi tushdi boshima boshdin yana...”

Boburning shu satr bilan boshlanadigan g‘azalini o‘qiganimiz hamono ko‘z oldimizda sochlari uzun, iboli-hayoli Sharq go‘zali gavdalanadi. Oshig‘i shaydo bu go‘zalning sochlariga mahliyo, uning to‘sday qoraligi oshiqning uyqusiz o‘tgan tunini eslatsa, uzunligi ishqning sermashaqqat, cho‘zilgan yo‘liga o‘xshaydi, soch tolalarining son-sanoqsizligi esa go‘yo oshiq iztiroblari, qiynoqlari ko‘pligiga ishoraday...

Bularning barini bir yerga jamlasak,   xalqimizda sochga hurmat-e’tibor bilan yondashilgani, unga ayricha ma’no-mazmun yuklangani, soch e’zozli a’zo – bosh bilan baravar ardoqlangani, ehtiyotlanganini ko‘ramiz.

Shu o‘rinda ta’kidlash kerakki, sochga bo‘lgan munosabat faqat bizda emas, boshqa xalqlarda ham shunday. Masalan, manbalarning dalolat berishicha, qadimda rus ayollari hamisha sochlarini taqimga yetguday o‘stirib, o‘rib yurishgan. Soch qancha uzun bo‘lsa, uning sohibasi shunchalik dono, aqlli, uning ayollik fazilatlari, mehr-muhabbati va kuch-quvvati shunchalik ko‘p bo‘ladi, deb o‘ylashgan. Gavdaning orqa tomonidan tushib turgan qalin soch o‘rimi sohibasiga ilohiy kuch bag‘ishlab, uning ruhiy quvvatini mustahkamlagan. Ayollar sochlariga katta e’tibor va mehr bilan qarashgan. Qadimda  slavyan xalqlarida qizlarning o‘z oshig‘iga zulfidan hadya etishi rasm bo‘lgan, toki oshiq o‘z sevgilisining soch tolasini yuragiga yaqin joyda saqlab, hamisha uni yodida tutsin. Uzun, qalin bir o‘rim sochi yerga tushguday, tim qora tolalar sharsharasi tagidan oy balqib turgan bir qiyofada tasvirlangan rus xalq ertaklaridagi Dono Vasilisa, Marya malika kabi qahramonlarni eslang. Yoki qadimiy Yevropaning aslzoda xonimlari aks ettirilgan suratlarni olaylik, hammasida sochlari turmaklangan yo o‘rilgan, boshiga yopinchiq tashlangan ayollarni ko‘ramiz.

Xo‘sh, bugun-chi? Bugun sochga bo‘lgan munosabat o‘zgarib, qarashlar jo‘nlashib bormayaptimi? Yaqin o‘tmishgacha ardoqlangan, ehtiyotkorona munosabatda bo‘lingan soch bugungi davrga kelib, “ommaviy madaniyat” quroliga aylanib qolmayaptimi?

Ko‘cha-ko‘yda sochini yoyib yurgan qiz-ayollarni ko‘rib, ko‘zimiz o‘rgandi. Biroz kaltaroq sochlar-ku, mayli, ehtimol, ularning yoyib yurilishi erkin harakatlanishga xalal bermas,  atrofdagilarning e’tiborini tortmas, ammo uzun, beldan oshadigan sochlarning sharsharaday yoyilib turishi ko‘zga biroz g‘alati ko‘rinmaydimi? To‘sday qop-qora sochlarning sap-sariq, qizil ranglarga bo‘yalishi-chi? Qoshnigina emas, hatto ko‘zni ham to‘sar darajada qalin qilib tushirilgan peshonazulf – “chyolka”larga nima deysiz? Bularning bari aslida sharqona odat-taomilga zid, sharqona tarbiyaga teskari holatlar emasmi?

Uzun sochni yoyib yurgandan ko‘ra, chiroyli turmaklab yoki o‘rib yurish qulay emasmikin? Yoyilgan sochlarga na o‘zimizning, na boshqa   xalqlarning qadim e’tiqodida ijobiy qarash bor. Xususan, bizda jufti dunyodan o‘tgan ayol azada sochini yoyib, dod solgan. Ta’ziyaga to‘satdan kelgan notanish odam shu belgiga qarab,  xonadonda kim o‘tganini taxminlagan. Yevropa davlatlarida esa sehr-jodu bilan shug‘ullanadigan ayollar sochlarini yoyib yurishgan. Bu usul jodugarlarga o‘zlarida to‘plangan salbiy quvvatni atrofga tarqatish, yoyishda qo‘l kelgan. Yoki hind eposi “Mahobhorat”da malika Droupadi tahqirlangach, to o‘zi uchun qasos olinmagunicha yoyilgan sochlarini yig‘maydi.

Bulardan ko‘rinib turibdiki, yoyib yurilgan soch o‘zida salbiy ma’no tashiydi. Demak, asossiz yoyilgan soch qadim qarashlar, axloq qoidalariga zid. Buning faqat bir xalqda emas, bir necha xalqlarda takrorlanishi, salbiy ma’no tashuvchi atribut sanalishi esa bejiz bo‘lmasa kerak. Shunday ekan, sochni bejirim tarzda, harakatlanishga xalal bermaydigan qilib o‘rib yo turmaklab yurgan ming marta a’lo. Chunki yig‘ilgan soch egasini saranjom-sarishta, batartib ko‘rsatib, unga nisbatan atrofdagilarning hurmat-ehtiromini uyg‘otadi. Asl go‘zallik – oddiylik, soddalikda ekanini unutmaslik kerak.

Dilfuza JUMAYEVA

 

Сайт материалларидан тўлиқ ёки қисман фойдаланилганда веб-сайт манзили кўрсатилиши шарт!