Меню

Қашқадарё

26.07.2016 1431

SIZ ARALASHMANG...

Bu gal ham hamma o‘ziga belgilangan ish bilan band, yangam esa televizordan ko‘zini uzolmayotgan jiyanimga aytgan yumushini qildirolmay jig‘ibiyron.

Bu holatga jim qarab turolmay onasining gapiga quloq solmayotgan jiyanimga tanbeh berdim. “Ertalabdan hamma ish bilan band. Sen esa beparvosan, televizordan ko‘zingni olmaysan. Salqinda ishlaringni qilib, issiq tushgandan so‘ng ko‘ravermaysanmi? Onangni buncha javratasan?” desam, jiyanim nima deydi, deng?

- Uff! Amma, siz aralashmang, iltimos. Har kuni shu ahvol bo‘lsa, tinim yo‘q, o‘zing xohlagan ishni qilolmaysan, yaxshi ko‘rgan kinoni ko‘ray desang, ahvol bu. Undan tashqari, bu men bilan oyim o‘rtasidagi gap, nega siz aralashasiz?

Jim bo‘lib qoldim. Rost, ularning tortishuviga o‘zim kelib aralashdim. Balki bu mening ishim emasdir?

Ko‘chaga chiqdim. Ertalabdan quyosh qizdiradi. Qo‘shnimizning kelini hammayoqni changitib, ko‘cha supurardi. Qarab tursam, ishini tugatib, yig‘ilgan supurindini ko‘cha o‘rtasida qoldirganicha uyiga kirib ketayapti. Bu qanaqasi bo‘ldi?

- Yanga, ertalabdan ko‘chani supurib, yaraqlatib qo‘yganingiz yaxshiyu, yonginangizda oqayotgan ariqdagi suvdan bir-ikki chelak sepmabsiz-da! Changib ketibdi. Keyin manavi uyib qo‘ygan supurindingiz hozirgina o‘zingiz supurib, tozalagan ko‘chaning fayzini buzayapti-da...

Qo‘shni ayolning kutilmaganda jahli chiqib ketdi.

- Voy, o‘rgilay, sizga nima? Boshqalarning ishiga aralashmang! Hali yosh bo‘lsangiz, ro‘zg‘or tashvishini bilmasangiz... Mening ortiqcha vaqtim bormi? Shu o‘lgur supurindi olinar, qolib ketmas... Birovning ishiga aralashmay, tinchgina yo‘lingizga ketavermaysizmi? - deya javrab ketdi.

Eh! Yana noto‘g‘ri ish qildim, shekilli. Tilimni tishlab, xayolga cho‘mib ketayotsam, to‘satdan oyog‘im qayrilib, yiqilayozdim. Yo‘lning o‘ydim-chuqur yeriga qadam tashlab yuborgan ekanman qaramay...

Tan olish kerak, ko‘chamizning yo‘li ancha eskirgan. Qo‘shnilar bu muammoni hal etishga bir-ikki marta urinib ko‘rishdi-yu, keyin negadir ish to‘xtab qoldi. Shular xususida o‘ylab ketayotsam, mahallamizning faollaridan bo‘lgan amakim oldimdan chiqib qoldi. Amakimning shoshib turganligini sezib, tezda ko‘nglimdagi savollarni tilimga chiqardim:

- Har yili yo‘l ta’miri uchun deb hammadan pul yig‘asizlar. Hali ham ahvol yaxshilanishidan darak yo‘q-ku! Qachon biz ham tekis va ravon yo‘ldan yuramiz? Yoki hamma baravar bosh qo‘shgisi yo‘qmi?

Amakim biroz o‘ylanib turdi-da:

- Bu muammo yuqoriga ham aytilgan, jiyan. Xudo xohlasa, tez kunlarda orzularing ushalib qolsa, ajabmas. Hamma ishning o‘z vaqti-soati bo‘ladi, - dedi. So‘ng birpas turib, qo‘shib qo‘ydi. – Ammo, jiyan, sen bu ishga aralashma! Yoshsan. Tag‘in jurnalistman, deb, bir ishkalni boshlamagin, deyman-da. Hamma narsaga ham aralashaverish yaxshimas. Sabr qilib turaylik-chi, bo‘lib qolar...

Amakim shunday deya yo‘lida davom etdi. Biroq bir-ikki qadam yurib, to‘xtadi-da, ortiga o‘girildi:

- Tushunding-a, jiyan? Sen aralashma! Xo‘pmi?

- Xo‘p, amaki...

Obbo... Yana noto‘g‘ri gapirdim-ov!

Ko‘pdan beri bir mavzuga qo‘l urmoqchi bo‘lib yurgandim. Dushanba kuni ertalabdan shu ishga kirishmoqchi bo‘lib, mutasaddi tashkilotga bordim. Ma’lumotlarni olib qarasam, natijalar ko‘ngildagidek. Ammo bu faoliyat bilan yaxshi tanish bo‘lganim va ko‘p bora qilingan ishlarni kuzatganligim sababli amaldagi ishlar qog‘ozdagi bilan to‘g‘ri kelmayotganidan ajablandim. Shunda tashkilot vakillaridan so‘radim:

- Bu nima ahvol? Axir, bu ishlar amalda qilinmagan-ku?

Shunda barchasi sergak tortib:

- Nima deganingiz bu? Ishlar qilinayapti. Mana, taqdim qilgan hisobotimizda hammasi keltirilgan-ku. Vaziyatni o‘zingizcha baholab, har narsaga aralashavermang-da, - deyishdi.

 Qog‘ozga qarab, o‘ylanib qoldim. Haqiqatan bu ishning ham o‘ziga yarasha talablari bordirki, shunday ish tutilgan. balki bu yerda mening aralashuvim o‘rinsizdir...

Ertasiga do‘stlarim bilan shahar markazida qad rostlagan istirohat bog‘iga aylangani bordim. Maskan gavjum. Kattayu kichik barcha uchun xizmat qilayotgan attraksionlardan taralayotgan qiyqiriq ovozlari quloqni qomatga keltiradi. Bog‘ning yonginasidagi katta anhorda suv to‘lib oqmoqda. Anhor bo‘yidan ketayotib, 3-4 bola miriqib cho‘milayotganiga ko‘zim tushdi.  Ammo suvda “baklashka”, sellofan xaltachalar, pista po‘choqlari va yana allambalolar ham suzib yurganini ko‘rib, xafa bo‘lib ketdim. Yetmagandek, biroz narida, soyadagi o‘rindiqda o‘tirgan ikki-uch nafar qiz chaqayotgan pistasining po‘chog‘ini anhorga tashlayapti. Shunaqayam madaniyatsizlik bo‘ladimi?

- Qizlar, shu ishingiz yaxshimi? Shundoq yonginangizda chiqindi solinadigan idish bor-ku, - dedim kuyib-pishib.

Mening gapim ularning ensasini qotirdi. Biri qoshlarini chimirib:

- Sizga nima? Ko‘cha hammaniki. YO hammani ogohlantirib, qo‘lidagi lash-lushini terib chiqarmidingiz? Yaxshisi, bizning ishimizga aralashmang! - deb javob qaytardi.

Ufff! Yana o‘zim baloga qoldim. Lekin qizlarning iddaosida ham jon bor. Haqiqatan ham hammani ogohlantirib chiqishga mening kuchim, vaqtim yetmaydi-ku!

Payshanba kuni ishxonada tayyorlayotgan maqolam uchun so‘raganim - qay bir tashkilotdan keltirib berishgan ma’lumotlarni ko‘rib, hafsalam pir bo‘ldi. Sababi, rejada belgilangan ishlar allaqachon yuz foizga bajarilgan, degan xulosayu, raqamlar faqat qog‘ozbozlik uchun, “bormi, bor” deyish uchungina tayyorlangani ko‘rinib turardi. Chunki bu ishni yuz foizga bajarish uchun anchagina vaqt va harakat talab etilishi hammaga ma’lum. Jahlim chiqib, siqilib o‘tirsam, dugonam qo‘ng‘iroq qilib qoldi. Kayfiyatim yo‘qligini sezib, nima gapligini so‘radi. Bor dardimni unga to‘kib soldim. Biroz o‘ylanib qolgan dugonam:

- Ha, haqiqatan ham ishonish qiyin... Lekin o‘sha mutasaddilarga ham osonmas. Sen, yaxshisi, boshqa mavzularda yoz, bu mavzuga aralashma! - dedi.

Yana shu gap! Yo‘q, endi chidab bo‘lmaydi. Azbaroyi jahlim chiqqanidan telefon go‘shagini jahl bilan joyiga qo‘ydim.

“Aralashma, aralashma, aralashma!” Bu qanday gap o‘zi? Nega hamma shu gapni dastak qilib olgan? Axir, men aralashmasam, siz aralashmasangiz, u aralashmasa, kim aralashadi bu ishlarga? Kim?

Siz qanday fikrdasiz?..

Sohiba SUYUNOVA

Сайт материалларидан тўлиқ ёки қисман фойдаланилганда веб-сайт манзили кўрсатилиши шарт!