Меню
Қашқадарё
SIRLI MEROS
Mazkur mamlakatlarda bunday ko‘ngilsizliklar, jinoyatlar soni ortayotganiga sabab nima? Eng avvalo, bu o‘z xavfsizligini ta’minlash bahonasi bilan aholining shaxsiy qurolga ega bo‘lishiga ruxsat berilgani yoki qurol savdosi cheklanmagani oqibatidir. Shunday ekan, fuqaroning o‘z uyida o‘qotar qurol saqlashi atrofdagi insonlarning hayotiga xavf tug‘dirmaydi yoki ushbu sovuq qurol g‘araz maqsadli kishilarning qo‘liga tushib qolmaydi, deb hech kim kafolat bermaydi.
Mana shunday holatlarning oldini olish, fuqarolar hayoti xavfsizligini ta’minlash maqsadida mamlakatimizda aholining o‘z xonadonida noqonuniy qurol-yarog‘ saqlashi taqiqlangan. Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 248-moddasida tegishli ruxsatnomasiz o‘qotar qurol, shuningdek, o‘q-dorilar, portlovchi moddalar yoki portlatish qurilmalari tayyorlash, olish, olib yurish, saqlash, olib o‘tish yoki jo‘natish kabi harakatlarga nisbatan jinoiy javobgarlik belgilangan.
Ta’kidlash joiz, yurtimizda ham ayrim fuqarolarning uylarida ota-bobolaridan qolgan o‘qotar qurollar turli sabablarga ko‘ra saqlanib qolgan. Noxushlik keltirib chiqarishi mumkin bo‘lgan bunday vositalarni aniqlash, topilgan qurollarni tegishli tartibda musodara qilish borasida huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan qator tadbirlar olib borilmoqda. Noqonuniy qurollar javobgarlikka sabab bo‘lishi, uni ixtiyoriy ravishda topshirgan kishi esa javobgarlikdan ozod etilishi aholiga keng tushuntirilayapti. Natijada o‘ziga meros bo‘lib qolgan qurollarni o‘z ixtiyori bilan tegishli idoralarga taqdim etayotgan kishilar ko‘pchilikni tashkil etadi. Jumladan viloyat IIB xodimlari tomonidan 2016-yilda amalga oshirilgan tadbirlar davomida fuqarolar 401 ta turli rusumdagi o‘qotar qurolni o‘z xohishi bilan bergan. Ularning aksariyati bu qurollarni ota-bobolaridan qolgan meros, esdalik buyum sifatida saqlab kelayotgani, ammo bu xatti-harakat qanday yomon oqibatlarga olib kelishi mumkinligini tushungach, ixtiyoriy ravishda topshirishga qaror qilganligini ta’kidlashgan.
Masalan, Chiroqchi tumanining Ko‘ktosh qishlog‘ida yashovchi nafaqaxo‘r Muqaddam Qahhorova xonadonida otasidan qolgan bir dona “TOZ-16” rusumli ov qurolini ancha vaqtgacha esdalik sifatida saqlab kelgan. Tabiiyki, bu qurol kelgusida qandaydir ko‘ngilsizlikka sabab bo‘lishi mumkin edi. Buni to‘g‘ri tushungan va o‘z xohishi bilan topshirsa, hech qanday chora ko‘rilmasligini eshitgan ayol qurolni tuman ichki ishlar bo‘limi xodimlariga keltirib berdi. Shuningdek, g‘uzorlik nafaqaxo‘r Shahar Qurbonova ham bir dona “IJ-16” rusumli ov qurolini o‘z xohishi bilan topshirdi.
Ammo o‘qotar qurollarni noqonuniy saqlash taqiqlanishini bilsa-da, qonunga zid ish tutgan, bunday qurollarni yashirincha ushlab turishga harakat qilayotgan fuqarolar ham topiladi. O‘tkazilgan tezkor qidiruv tadbirlari davomida ana shunday 11 holat aniqlandi. Endilikda bu fuqarolarga nisbatan jazo muqarrarligi ta’minlanadi.
Bir so‘z bilan aytganda, noqonuniy qurol asrash el-yurt tinchligiga katta xavf tug‘dirishi, qancha-qancha jinoyatlarga turtki bo‘lishi mumkinligi barchaga ayon haqiqat. Shunday ekan, fuqarolarimiz ham bu ishga befarq bo‘lmasligi, agar xonadonlarida qandaydir o‘qotar qurollar, o‘q-dorilar yoxud shunga o‘xshash vositalar saqlanib qolganini bilib qolishsa, uni zudlik bilan tegishli organlarga topshirishi lozim. Bunday yo‘l tutish yurtimiz tinchligi, oilalarimiz xotirjamligi uchun juda muhim ekanini esdan chiqarmaslik lozim.
Ahror QURBONOV,
viloyat IIB katta inspektori