Меню

Қашқадарё

23.08.2016 1494

SINFDOSH

Ayol kishining ko‘nglini ham, oradagi 40 yillik masofani ham hisobga olmadi befarosat sinfdosh.

OSHNA

U muammosini hal qilish uchun bor pulini to‘plab oshnasiga berdi. Uch kun ichida oshna hal qildi: faqat,    muammoni emas, pulning o‘zini...

BOSHLIQ

U boshlig‘ining pinjiga suqilib kirib sherga aylandi. Tekkanga tosh otdi, tegmaganga kesak. Mushugini “pisht” deganning ko‘zini o‘ydirdi, uyini kuydirdi.

...Boshlig‘i so‘qir ekan. Dunyoga uning nigohi bilan qaradi.

CHUMOLI

Chumolilar to‘dasi ustidan bir chelak suv quyib yubordi bola.  Chumolilar tipirchilay-tipirchilay ariqqa g‘arq bo‘ldi.

Omon qolganlari bu ko‘rgilikni tabiiy ofatga yo‘ydi.

LIBOS

U o‘zini iymonli-e’tiqodli ko‘rsatish uchun o‘ranib-chirmanib olgani bilan ichini qurt bosib ketgan va bu qurtlar o‘rmalab tilidan chiqib, amalida ko‘rinadi: erni er bilmaydi, qaynonani qaynona.

Libos – suvratni bekitishi mumkin, siyratni emas.

BOSH KIYIMI

Undagi joziba, malohat va go‘zallik erkakcha bosh kiyimi ostiga bekinib oldi.

ESHAK

Egasi eshakni rosa ishlatdi, kuch-quvvatini olib, sillasini quritib.   Xalacho‘pini  niqab qo‘ysa bas, ko‘rsatgan tomoniga yo‘rg‘alab, hali u yukini tashidi, hali bu yukini. Ba’zan shalog‘i chiqqan aravani yelkasiga ortmoqlab yurdi. Na kunni, na tunni bildi, oldiga tashlab qo‘yilgan bir bog‘ poxolni yeb ishlayverdi jonivor.

...Puli ko‘paygan egasi mashina oldi va eshakni dargohidan quvib yubordi. Qaysi tomonga yurishini bilmay ko‘chaning qoq o‘rtasida qolib ketdi odamga o‘rganib qolgan eshak.

Lola O‘ROQOVA

Сайт материалларидан тўлиқ ёки қисман фойдаланилганда веб-сайт манзили кўрсатилиши шарт!