Меню
Қашқадарё
SHU VATANGA BORDIR KERAGIM!
Sanobar BOYMURODOVA, “Shuhrat” medali sohibasi:
- Xalqimizning dilkashligiga, farovon turmushiga, betakror qadriyatlariga, tinchligiga ko‘z tegmasin, deyman. O‘z ishimni dastlab “Qashqadaryo” gazetasida muxbirlikdan boshlaganman. Tahririyatdagi ustozlarimning saboqlari sabab toblanganman. Saboqlar, izlanishlarim sabab qalamim o‘tkirlandi. Ko‘plab maqolalarim o‘quvchilarning ko‘nglidan joy oldi. Ijodiy ishlarimda xalqning o‘zligini, sodda turmushini, milliy qadriyatlarini olib chiqishga harakat qilaman. Bugun Qashqadaryo televideniyesidagi faoliyatim mahsuli bo‘lgan “Ko‘z tegmasin”, “Ko‘ngildagi dur”, “Yurtim jamoli” kabi ko‘rsatuvlarim odamlarning hayotidan, ichki kechinmalaridan, turmushdagi haqiqatlardan so‘zlaydi. Hozir yurtimizda barcha sohalar qatori jurnalistikada ham ayollarga e’tibor katta. Shular qatorida men ham 2006- yilda “Eng ulug‘, eng aziz” ko‘rik-tanlovining sovrindori bo‘ldim, 2011- yilda “Shuhrat” medali sohibasiga aylandim, 2014- yilda “Oltin qalam”da sovrindor bo‘ldim. Bu yutuqlarim meni ulug‘ yurtning eng omadli jurnalisti, eng baxtli ayoli bo‘lishimda, yanada ko‘proq izlanishimda muhim asos bo‘lib xizmat qiladi.
Salomat TURSUNOVA, “Nishon tongi” gazetasi bosh muharriri:
- Jurnalist ayolda, avvalo, mustahkam iroda bo‘lishi kerak. Aksariyat ayol jurnalistlar ijodida erkak jurnalistlarnikidan farqli o‘laroq hissiyotning ustunligi ko‘rinadi, mehr-muhabbat, samimiyat ko‘proq aks etadi. 38 yillik faoliyatim davomida ko‘p odamlarni ko‘rdim, xalq orasida bo‘ldim. Odamlarni, ularning ko‘nglidagi kechinmalarini tinglashni xush ko‘raman. Ko‘pincha vohamizning chekka-chekka hududlarda bo‘lishga harakat qildim, u yerdagi odamlarning hayot tarzini, turmushini kuzatdim, odamlari bilan do‘st tutindim, xursandchiligu tashvishlarida birga bo‘ldim, ulardan ko‘p narsalarni o‘rgandim. Ijodim orqali ana shu insonlarni tanitishga harakat qildim. Bugungi o‘sib kelayotgan yosh jurnalistlarga o‘z faoliyatini ana shu yo‘sinda boshlashni tavsiya qilgan bo‘lardim. Sababi, chekka hududlarda yashovchi odamlarning hayoti, turmush tashvishlari, o‘y-xayollari bu kasb egalarining yaxshigina toblanishiga yordam beradi.
Zamira MAMATQULOVA, “G‘uzor hayoti” gazetasi muxbiri:
- Jurnalist sifatida sizning muvaffaqiyatingiz nimada desalar, hech ikkilanmasdan qaynonamning menga bergan ko‘maklarida, ishonchlarida, degan bo‘lardim. Men shu davrgacha yaxshigina ijod qilgan jurnalist, baxtli ayol, erka kelin bo‘ldim. Qarshi tumanidan o‘uzor tumaniga kelin bo‘lib, shu yerda faoliyatimni davom ettirganman. Jamoamizning birdamligi sabab yangi muhitga juda tez moslashganman.
Jurnalist shunchaki yozolmaydi. U jamiyatning dardi bilan yashashi kerak. Jurnalist hamma insonlarni birdek tushunishi kerak. Faoliyatim davomida eng ko‘p yozganlarim esse bo‘ldi. Odamlarni tinglashni, ularning ko‘ngliga quloq tutishni xush ko‘raman. Kimlardandir ibrat, kimlardandir saboq olib, xulosa qilib yashadim.
Sohiba SUYUNOVA yozib oldi.