Меню
Қашқадарё
SELFI – KASALLIK!
Selfi (inglizchadan tarjima qilinganda, “self” - “o‘z-o‘zini” ma’nosini bildiradi) mobil telefon yoki kamerada o‘zini o‘zi suratga olishdir. Yaqinda AQSH Psixiatriya assotsiatsiyasi selfini rasman ruhiy xastalik deb tan oldi. Psixiatrlarning fikricha, o‘zini ko‘p suratga olish shaxsning o‘ziga ishonchi kamligi bilan bog‘liq ekan. Kun bo‘yi faqat o‘zini suratga olib, internetga kamida oltita surat joylovchilar kasallikning eng og‘ir turiga duchor bo‘lgan, deb topildi.
Selfilarga qarab insonning ruhiy holati haqida yetarlicha ma’lumot olish mumkin. Mutaxassislarning ta’kidlashicha, o‘zini ko‘p suratga tushiruvchilar o‘ziga bino qo‘ygan, tashqi ko‘rinishini ko‘z-ko‘z qiladiganlar toifasiga kiradi. Ular bora-bora narsissizm (atrofdagilarning e’tirof va e’tiboriga, qolaversa, o‘zining ko‘rinishiga qaramlik) girdobiga tushib qoladi.
Psixologlarning aytishicha, ijtimoiy tarmoqlarga selfilarini joylashtirib boradiganlar virtual olamdagi do‘stlaridan surati to‘g‘risida ijobiy bahonigina kutadi va fikrlar, to‘g‘rirog‘i, maqtovlarning miqdoriga qarab o‘ziga bo‘lgan ishonchi ortadi. Hatto o‘zida mutlaqo yo‘q xislatlar ham aslida borday tuyula boshlaydi. Bu keyinchalik asab tizimi bilan bog‘liq muammolarning vujudga kelishi hamda o‘zini boshqalardan ustun qo‘yish, xudbinlik kabi jiddiy qusurlarning paydo bo‘lishiga sabab bo‘ladi. Okeanorti mamlakat tadqiqotchilari ko‘ngillilar o‘rtasida o‘tkazgan so‘rovnoma natijasi shuni ko‘rsatdiki, ruhshunoslar qabuliga kelayotgan bemorlarning uchdan ikki qismi aynan selfiga mukkasidan ketganlar ekan. Ular beixtiyor tinimsiz selfi olaveradi va ularni ijtimoiy tarmoqqa joylayveradi.
Ammo selfi olishning eng og‘riqli tomoni – o‘zini o‘zi suratga olish paytida xavfsizlik masalalariga e’tibor bermaslik oqibatida yuzaga kelayotgan ko‘ngilsizliklar, falokatlardir. Masalan, Rossiyaning Tula viloyatida 14 yoshli maktab o‘quvchisi yuqori kuchlanishga ega elektr uzatuvchi simyog‘ochga chiqib, selfi tushmoqchi bo‘lganida tok urishidan vafot etgan.
AQSHning Kalama shaharchasidan o‘tgan temir yo‘lda selfi tushmoqchi bo‘lgan o‘quvchi halok bo‘lgan. U o‘z hamrohi bilan poyezd yo‘li chetidan ketayotganida, birdan relsga tushib, chekib turgan holda selfi tushmoqchi bo‘ladilar. Xabar qilinishicha, bu vaziyatda ikkalasi ham yaqinlashib kelayotgan tezyurar poyezdni sezmagan. Sezishganida esa juda kech bo‘ladi va yigit poyezd ostida qoladi, hamrohi bo‘lsa voqea joyidan qochib qolgan.
2014-yilning 31-may kuni AQSHning Kolorado shtati Denver shahri yaqinida yengil motorli samolyot havoga ko‘tarilgandan 4 daqiqa o‘tib, halokatga uchraydi. Oqibatda 2 kishi halok bo‘lgan. Bunga uchuvchining parvoz paytida o‘zini selfiga olishi sabab bo‘lgan. Bu holat yuzasidan AQSH Transport xavfsizligi bo‘yicha milliy kengashi tergovlari natijalari “ABS News” kanali orqali ma’lum qilingan.
Shuningdek, Moskva viloyatida o‘quvchi qiz ochiq deraza tokchasida turib o‘zini suratga olmoqchi bo‘lgan va muvozanatni yo‘qotib, sakkizinchi qavatdan pastga tushib ketgan.
Odamlarning o‘zini o‘zi haddan ziyod suratga olib, boshqalar bilan baham ko‘rishi, o‘zi haqida ijobiy munosabat kutishini manmanlik deb baholash mumkin. Manmanlik bora-bora odamda axloqsizlikning shakllanishigacha olib keladi. Inson bugun qayerda bo‘ldi, nima ish qildi – shularni aks ettirish maqsadida o‘zini esdalik uchun suratga olishi, hayotining har bir lahzasini fotoga muhrlashga intilishi balki tushunarlidir. Lekin dafn marosimlari, avtohalokatlar paytida, yong‘in yoki boshqa tabiiy yo texnogen hodisa ro‘y berganda jabrlanganlarga ko‘makka shoshilish, yiqilib qolgan qariyaga yordam berish o‘rniga ularning yonida yoki fonida suratga tushish axloqsizlik va ma’naviyatsizlikdan boshqa narsa emas. Demak, buni chuqur o‘ylab ko‘rgan holda ruhiyati shakllanib bo‘lgan biz yoshi kattalar yoshlarga bu kabi “yangi davr illatlari”ning zararli jihatlarini to‘g‘ri tushuntira bilishimiz, ularni texnika yangiliklaridan samarali foydalanishga odatlantirishimiz maqsadga muvofiqdir. Binobarin, “selfi”ning ommaga ko‘rsatish uchun olingan har qanday ko‘rinishi bizning mentalitetga yotdir.
Oqila BAHROMOVA