Меню
Қашқадарё
SANO
Sano tarkibidagi eng muhim modda - ichni surish xususiyatiga ega bo‘lgan antroglikozidlar hisoblanadi. Shifobaxsh vosita sifatida sano barglaridan foydalaniladi.
Sanodan tayyorlangan damlama ichaklar faoliyatini yaxshilab, qabziyatdan xalos bo‘lishga yordam beradi. Oshqozon-ichak shilliq pardasidagi retseptorlarni qo‘zg‘atib, bezlardan shira ajralib chiqishini kamaytiradi. Bu esa ortiqcha vazn to‘planishiga to‘sqinlik qiladi. Organizmdagi yog‘larni eritadi.
Gemorroyga olib keladigan ich qotishi, yo‘g‘on ichak yaralarini tuzatishda qo‘llanadi. Safro haydovchi xususiyatga ham ega. Qonni turli mikroblardan tozalaydi. Jigar va o‘t pufagi faoliyatini yaxshilaydi.
Emizikli ayollar, ichakning kuchli shamollashi aniqlangan bemorlarga sanoni qo‘llash tavsiya etilmaydi.
QONCHO‘P (CHISTOTEL)
Qoncho‘p (chistotel) - ikki pallalilar turkumiga mansub ko‘p yillik o‘tsimon buta. Poya-sining ichi g‘ovak, barglari to‘q yashil tusda, gullari sariq rangda. Yozda ikki-uch marta meva tugadi, shu sababli tabiatda tez tarqaladi va tez ko‘payadi. Ikki turi keng tarqalgan: Osiyo qoncho‘pi va katta qoncho‘p. Osiyo qoncho‘pining balandligi 30-50 santimetrga, katta qoncho‘pniki esa 50-120 santimetrga yetadi.
Barglari, poyasi, ildizi va achchiq ta’mga ega shirasi tarkibida shifobaxsh elementlar ko‘p. Karotinga boy. Askorbin, olma, limon, qahrabo kislotasiga ega. Shuningdek, tarkibida efir moylari, saponinlar, fitonsidlar, turli alkaloidlar mo‘l.
Qoncho‘p ko‘plab xastaliklarga davo bo‘ladi. Organizmda turli shish, zamburug‘lar paydo bo‘lishining oldini oladi. Yaralarning tez bitishiga yordam beradi. O‘t va peshob haydovchi xususiyatga ega. Balg‘am ko‘chiradigan vosita sanaladi. Undan tayyorlangan dori vositalari teri kasalliklari, nafas yo‘llari xastaliklarini davolashda keng qo‘llanadi. Shu bilan birga, ichki organlar faoliyatini yaxshilashda, asab tizimi, bo‘g‘imlar xastaliklarini davolashda qo‘l keladi. Ginekologik xastaliklarda eng yaxshi dori vositalaridan biridir. Og‘riq qoldiruvchi sifatida tish va bosh og‘rig‘i, bo‘g‘im og‘riqlarida samarali ta’sir ko‘rsatadi. Organizmning zaiflashuvini yengishda yordam beradi.
Manbalar asosida XURSHIDA tayyorladi.