Меню

Қашқадарё

03.05.2016 1498

"SANAM"DA YANGILANISH NAFASI

Ma’lumki, Qarshi shahridagi “Sanam” tikuvchilik korxonasi nafaqat viloyatimiz, balki butun mamlakat miqyosida nomi chiqqan korxonalardan hisoblanadi. Unga asos solinganiga ham, mana, yetmish yil to‘libdi.

Korxona haqli ravishda viloyatimizning ko‘p yillardan buyon sayqal topib, yangicha jilo va go‘zallik bilan boyib borayotgan chevarlik an’analarining katta maktabi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Albatta, bunday shuhrat qozongan korxonaning o‘tmishi va buguni barchamizni qiziqtiradi.

“Qashqadaryo zamini dunyo madaniyatining oltin belbog‘i sanalmish Buyuk Ipak yo‘lining chorrahalarida joylashgani bilan muhim tarixiy ahamiyat kasb etadi. Vohaning paxtayu ipakdan to‘qilgan matolari, chevar tikuvchilari, to‘quvchilari, kashtado‘zlari, zardo‘zlari, mohir kosiblari azal-azaldan mag‘ribu mashriqda dovruq qozongan. Shu bois vohada ip-gazlama, to‘quv, tikuv sanoatining rivojlanishi ham o‘ziga xos teran ildizlarga, boy     tarixga ega”, deya qayd etiladi kitob avvalida.

1927-yilda “Uchqun” arteli nomi bilan tashkil etilgan va unga uzoq yillar rahbarlik qilgan, g‘ov va kurashlardan cho‘chimagan, serunum ishlab chiqarish dastgohlarini olib kelishga erishgan Xursandoy Xalilova, urush yillarida estafetani qabul qilib olgan Zulfiya Pirnazarova, keyinroq Muhabbat   Soliyeva (1946-51-yillar), Hafiza  Komilova, Ruxsatoy Rajabova haqida qiziqarli tarixiy ma’lumotlar keltiriladi.

Bir necha tuzilishga oid o‘zgartirishlardan so‘ng korxona 1992-yilgacha Qarshi tikuvchilik ishlab chiqarish birlashmasi sifatida faoliyat ko‘rsatdi. 1994-yildan “Sanam” hissadorlik jamiyatiga aylantirildi. Biroq uning rentabellik darajasi pasayib ketgan, iqtisodiy ahvoli og‘irlashib qolgan, bir paytlar mingdan ziyod xodim mehnat qilgan korxonada atigi 33 nafar ishchi-xizmatchi qoldi, ish haqi va soliqdan qarzdorligi ko‘payib ketgan edi. 2010-yilda korxona “Sanam” MCHJga aylantirildi.  Uzoq yillar qo‘ldan qo‘lga o‘tib, aro yo‘lda ishlamay qolgan korxona bugungi kunda haqiqiy mulkdorini topib, umumiy va shaxsiy manfaatdorlik kesishuvida yuksalishning yangi bosqichiga chiqib oldi.

Bugungi kunda MCHJ shaklini olgan korxona ishlab chiqarish sexlarida yuz turdan ortiq tikuvchilik mahsulotlari tayyorlanmoqda. Murakkab dizaynerlik kolleksiyalari liboslaridan tortib korporativ uslubni shakllantirish uchun har xil turdagi kiyimlarni tikish bilan bog‘liq xizmatlar majmuasi taklif etilayapti va bu yerda 110 kishi mehnat qilayotir. 

Bunda korxonaning asosiy ta’sischisi, “Sanam” MCHJ Kuzatuv kengashining raisi, O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi viloyat hududiy boshqarmasi boshlig‘i, xalq deputatlari viloyat Kengashi deputati, tinib-tinchimas va el-yurt farovonligi yo‘lida doimo jonkuyar inson Sa’dulla Boboqulovning xizmatlarini alohida ta’kidlash zarur. Zotan, uning o‘zi 1991-1994-yillar davomida fabrikada ishlagan va bu yerdagi vaziyatni juda yaxshi bilar edi.

Tovush chiqarmaydigan zamonaviy elektron maxsus tikuv dastgohlari, bezak beradigan kompyuter mashinkalari keltirilishi davr bilan ham-qadamligidan dalolat beradi. Chiroqchi tumanida “Sanam” MCHJning filiali tashkil qilinib, kollej bitiruvchilari ish bilan ta’minlandi. Korxonaning ISO 9001 standarti talabiga javob berishini tasdiqlaydigan muvofiqlik sertifikatining qo‘lga kiritilishi bu muvaffaqiyatli ishlarning mantiqiy davomi bo‘ldi.

Ta’kidlash lozim, Prezidentimizning 2013-yil 2-avgustdagi “2013-2016-yillarda Qashqadaryo viloyatining sanoat salohiyatini rivojlantirish  dasturi to‘g‘risida”gi qarorida qamrab olingan 555 ta loyihaning 82 tasi yengil sanoatga daxldor bo‘lsa, shundan 7 tasi “Sanam” MCHJga tegishlidir. Hozirgacha bu loyihalarning 5 tasi amalga oshirildi.

Kitobda korxonada turli yillar mobaynida ishlagan va hozirda uning faoliyatini yangi yuksalish bosqichiga olib chiqishda o‘z hissasini qo‘shgan va qo‘shayotgan bir qator shaxslar “Sanam”ning tarixi va uning rivojlanish davrlari haqida o‘z fikr-mulohazalarini, xotiralarini atroflicha bayon etishadi.

“Xotira” qismida korxonaga qalb qo‘rini baxshida etgan, gul umri shu dargohda kechgan, tikish-bichish an’analarini boyitib, uning eng nozik sirlarini shogirdlariga sidqidildan o‘rgatgan kishilar haqidagi yod-xotiralar o‘rin olgan.

Jamiyatimiz xotin-qizlari “Sanam”ning mustahkam ustunlari bo‘lib, ularga ham alohida o‘rin ajratiladi. Jamoaning turli davrlarini ifoda etuvchi, jonli va ibratli ish jarayonlarini ko‘rsatib beruvchi fotosuratlar o‘quvchida aniq tasavvur hosil qildi. Iste’dodli shoirlarimizning korxona mohir va qo‘li gul xotin-qizlariga atab bitgan she’rlari ular ixlosi va fidoyiligiga o‘ziga xos qasidaday yangraydi.

Asarda arxiv hujjatlari, iqtisodiy tahlillar, statistik ma’lumotlardan unumli foydalaniladi va u yengil sanoat taraqqiyotini tadqiq etuvchilar uchun muhim manba bo‘lib xizmat qiladi.

    Laziz RAHMATOV, jurnalist.

Сайт материалларидан тўлиқ ёки қисман фойдаланилганда веб-сайт манзили кўрсатилиши шарт!