Меню
Қашқадарё
SALOMATLIK SPARTAKIADASI
Unda tumandagi 6 ta kasb-hunar kollejida faoliyat yuritayotgan pedagog kadrlardan iborat 200 nafarga yaqin havaskor sportchilar o‘zaro bellashdilar. Sportning mini-futbol, voleybol, shaxmat-shashka, stol tennisi, armsport, arqon tortish, yengil atletika kabi turlarida o‘zaro kuch sinashgan jamoalar va yakka ishtirokchilar jismoniy tayyorgarligi, mahorat va epchilligini namoyish etdi.
- Sport musobaqalarini o‘tkazish keyingi yillarda tumanimizda yaxshi an’anaga aylangan, - deydi ta’lim, fan va madaniyat xodimlari kasaba uyushmasi Chiroqchi tuman kengashi raisi Abduraim Xaydavolov. – Eng asosiysi, ta’lim xodimlari har yili spartakiadaga o‘ziga xos tayyorgarlik bilan kelishayapti va yuqori natija ko‘rsatishga intilishayapti. Bu esa ularni sport bilan muntazam shug‘ullanishga undamoqda.
Spartakiada mini-futbol bo‘yicha Chiroqchi iqtisodiyot kolleji jamoasi yuqori o‘ringa sazovor bo‘lgan bo‘lsa, voleybol turida Chiroqchi sport-pedagogika kolleji jamoasi g‘oliblikka erishdi. Shaxmat bo‘yicha o‘tgan musobaqalarda ayollar o‘rtasida maishiy xizmat ko‘rsatish kolleji vakillari, erkaklar o‘rtasida esa Chiyali iqtisodiyot kolleji vakillari g‘oliblikni qo‘lga kiritdi. Shashka bellashuvlarida ayollar o‘rtasida Chiyali iqtisodiyot kolleji xotin-qizlari hamda erkaklar o‘rtasida Chiroqchi sanoat kolleji vakillari birinchi o‘rinlarga sazovor bo‘lishdi. Stol tennisi musobaqalari ham murosasiz bahslarga boy bo‘ldi, unda ayollar o‘rtasida Chiroqchi sport-pedagogika kolleji, erkaklar orasida esa tuman iqtisodiyot kolleji havaskor sportchilari chempion bo‘ldi.
G‘oliblar tadbir tashkilotchilarining diplom hamda esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
X.ABDULLAYEVA.