Меню
Қашқадарё
“SAFAR ILA AMR ETILDIK!..”
Xorazmshohlar davlatining so‘nggi hukmdori bo‘lgan Jaloliddin Xorazmshoh yosh vaqtidayoq G‘azna hamda uning atrofidagi hududlar hokimligiga tayinlandi va shundan so‘ng otasi Alouddin Muhammadning barcha yurishlarida qatnashdi.
Xorazmshoh Alouddin Mahmud butun Eron va Movarounnahrni o‘z qalamraviga olgandi. Shu tarzda Sayhun daryosidan Dajla qirg‘oqlariga qadar ulkan saltanat barpo qilgandi. Biroq bu davrda Mo‘g‘ulistonda Chingizxon hukmronlik qilayotgandi. G‘arbiy Turk elidagi eng buyuk hukmdor esa Alouddin Mahmud edi. Bu turk hukmdorining shuhratini eshitgan Chingizxon Mahmud Yalavoch degan elchisini Alouddin Mahmud qoshiga yubordi. Elchi Chingizxonning shu so‘zlarini unga yetkazdi: “Tangri G‘arb tarafdagi o‘lkani menga berdi. Seni o‘g‘illikka qabul qilaman. Menga tobe bo‘lsang, musulmonlar huzur-halovatda yashaydilar”. Bu gapdan g‘azablangan Sulton Mahmud: “Bilasanki, mening o‘lkam naqadar keng, davlatim naqadar qudratli! Sening xoning kim bo‘libdiki, o‘zini mendan katta tutib, meni “o‘g‘lim” desa?! Uning qancha ham askari bor o‘zi?!” deganida, mo‘g‘ul elchisi: “Sening askaring bilan uniki solishtirilsa, xuddi oy shu’lasining oftob ziyosiga tenglashmoqchi bo‘lgani kabidir”, deya javob berdi.
Nihoyat, bu ikki hukmdor orasida bir do‘stlik kelishuvi yuzaga keltirildi. Ammo Alouddin Mahmudning siyosiy qarashlari teran emasdi. Ayni paytda u mag‘rur bir odam edi. Kunlarning birida sulton Vizantiyaga mol keltirgan mo‘g‘ul savdogarlarining mollarini talon-toroj qildirib, o‘zlarini o‘limga buyurdi.
Chingizxon savdogarlarning mollari uchun badal talab qilib, sulton Mahmudga uch elchi yubordi. Ularning biri Bug‘ro ismli turk, qolgan ikkovi esa mo‘g‘ul edi. Alouddin Mahmud Bug‘roning boshini tanidan judo qildirib, mo‘g‘ullarni tahqirladi va bu ishi bilan had-chegaradan chiqdi. Bundan xabar topgan Chingizxon 1219-yilda katta qo‘shin bilan Movarounnahrga yurish boshladi. Uning bostirib kelayotganini bilgan turkiylar darhol Samarqand shahri mudofaasini kuchaytirdilar. Yosh qahramon Jaloliddin Xorazmshoh otliq jangchilardan iborat bir qo‘shinga boshchilik qildi. Otasi urushga kirishni istamayotganida, u “Jangchilar o‘z hukmdorini boshida ko‘rishni istaydilar”, deya uni ham qo‘shinga oldi.
Mo‘g‘ul qo‘shini tepasida Chingizxonning katta o‘g‘li Jo‘ji turardi. Bu qo‘shin Xorazmshoh turklari ustiga shiddatli hujum boshladi. Bu shiddat qarshisida Xorazmshoh lashkari vahimaga tushib qoldi. Biroq Jaloliddin Xorazmshoh mo‘g‘ullar ustiga qilich yalang‘ochlab, shunday tashlandiki, bu daf’a mo‘g‘ullar chekindilar.
Tun cho‘kkach, jang to‘xtadi. Ammo Jo‘jixon bekor turmadi. Tun yarmida jang bo‘lgan daladagi qurigan o‘t-o‘lanlarga olov berib, atrofni tutunga to‘ldirdi va shu tutun pardasi panasida butun lashkarini olib qochdi. Jaloliddinning yetarli askari bo‘lmagani sababidan dushmanni ta’qib qilishdan voz kechdi. Jo‘jining mag‘lubiyatini ko‘rgan Chingizxonning jahli chiqdi. Bu safar 200 ming kishilik ulkan bir qo‘shin hozirlatdi. Bu taradduddan xabar topgach, Alouddin Mahmud G‘aznaga ketib, otabiylari bilan ko‘rishdi, qo‘shin to‘plash uchun yo‘lga chiqdi. Jaloliddin Xorazmshoh esa juda tahlikali bir vaziyatda qoldi. Turkman, o‘g‘uzlardan iborat lashkari bilan bir sahroga chekindi. 1220-yilda Chingizxon qo‘shini hech bir qarshilikka uchramasdan Buxoro shahriga kirib bordi.
Jangchilar Buxoroni, keyin Samarqandni boshdan-oyoq talashdi.
Bu orada Sulton Mahmud jangdan chekingan, jonini olib qochgandi.
Mo‘g‘ullar Sulton Mahmudning vaziri, kichik o‘g‘li va Turkon Xotunni asir olib, Chingizxon yoniga yuborishdi. Chingizxon ularning barini o‘limga buyurdi. Bu xabarni eshitganida Sulton Mahmudning ahvoli yomonlashgan, o‘lim oldida edi. Shunchalik nochor ahvolda ediki, yonidagilar uning jasadini o‘rashga bir kafan ham topolmadilar. Unga ko‘ylagini kafan qildilar. O‘limidan oldin shu so‘zlarni aytdi: “Men shu zaminning sohibi edim. Hozir bo‘lsa mozorimni qazishga ikki arshin yer topolmayapman!”
Sulton Mahmud shunday abgor holda hayotdan ko‘z yumarkan, o‘g‘li Jaloliddin Xorazmshoh uning yonida edi. Bu yolg‘on dunyoning jilvasini u ham ko‘rib turardi. Sharqdan kelayotgan oxiri ko‘rinmas bu to‘fon (mo‘g‘ullar)ga qarshi qalbidagi nafrat kuchaydi. Ammo turklarni o‘z ona yerlaridan quvgan bu ulkan qo‘shinga qarshi Jaloliddinning bir o‘zi nima ham qila olardi? Ko‘z yoshlarini ichiga yutib, otasining qabrini tark etarkan, faqat shuni o‘ylardi. Yonida 70 tacha suvoriysi bor edi. Shu ko‘yi to‘g‘ri Xorazmga keldi.
Xalq o‘z hukmdorining o‘g‘li Jaloliddinni sevinch ko‘z yoshlari bilan qarshiladi. To‘zib-tarqalib ketgan qo‘shin yana tartibga keldi. Xorazmshoh atrofida 7 ming kishi to‘plandi. Jaloliddin otasi o‘rniga taxtga o‘tirdi. Bir muddat o‘tgach esa mo‘g‘ullar ustiga hujum uyushtirib, ularni mag‘lubiyatga uchratdi.
1221-yilda Valiyon qal’asini qamalga olgan bir paytida mo‘g‘ullar hujumga o‘tdi. Jaloliddin qilich yalang‘ochlab, oldinga tashlandi va dushmanlarini daf etdi. Lekin mo‘g‘ullar hiyla ishlatishdi: otlar ustiga shol va namatdan qo‘g‘irchoqlar yasab, qo‘ndirdilar va yarim tunda ularni orqa saflarga tizdilar. Buni ko‘rgan xorazmliklar mo‘g‘ullar qo‘shimcha kuch olgan, deb o‘ylab qochishga tutindilar. Jaloliddin: “Qo‘rqmanglar, bu hiyladir. Ular jangda doim shunday hiylalari bilan g‘olib bo‘ladilar”, deya bu vahimaga chek qo‘ydi. Shu tarzda mo‘g‘ul qo‘shini yana bir marta mag‘lub etildi.
Chingiz bundan xabardor bo‘lgani hamono shaxsan o‘zi Jaloliddin ustiga lashkar tortdi. Jaloliddin ulkan lashkar kelayotganini bilib, Sind daryosiga qarab chekinadi. Daryoning narigi qirg‘og‘iga kechib o‘tmoqchi bo‘ldi. Mo‘g‘ullar uning atrofini to‘rt tomondan lak-lak askar bilan o‘rab borardi. Jaloliddin o‘t va suv orasida qolgandek edi. Bu onda u nimayam qila olardi? Chingiz uni tiriklay qo‘lga tushirishni buyurgandi. Jaloliddin qilichini sermarkan, yolg‘iz jang qilib, o‘zini qo‘lga olishni istaganlarning hujumini qaytara boshladi. Dushmanning biror jangchisi unga o‘q otolmasdi. Ammo uning atrofidagi xalqa borgan sari zichlashib, qisqarib borardi. Jaloliddin xalqani yorib o‘tishga urinib, o‘ngu tersiga qilich solar, biroq uni butunlay yorib o‘tishga muvaffaq bo‘lolmayotgandi. Yagona bir yo‘l qolgandi: horimagan bir otga minib, qalqonini orqasiga taqdi, turkiy bayroqni qo‘liga oldi; baland qirg‘oqdan o‘zini Sind daryosining jo‘shqin suviga otdi. Oti bilan suzib narigi qirg‘oqqa chiqdi.
Bu qahramonlik sahnasini Chingiz va uning askarlari hayrat va hayronlik ichida tomosha qilib turishardi.
1224-yilda Kirmon qal’asiga qaytgan Jaloliddin yana qayta saltanat barpo etishga kirishdi. 1225-yilda Tabrizni egallab, qarorgohini shu yerga ko‘chirgan sarkarda 1228-yilda Isfahonda mo‘g‘ullar bilan to‘qnashdi. Inisi G‘iyosiddinning xiyonatiga qaramasdan mo‘g‘ullarga kuchli zarba bergan Jaloliddin ta’qib chog‘ida chap qanot lashkarining mo‘g‘ullar tuzog‘iga tushgani sababidan Luristonga chekindi.
Uning zaiflashganidan foydalangan mo‘g‘ullar takror hujum boshladilar. Mo‘g‘ullar xavfini to‘la anglab yetmagan boshqa musulmon o‘lka hukmdorlari esa Jaloliddinning yordam so‘rab yuborgan talabini javobsiz qoldirdilar. 1231-yil avgustida Dajla qirg‘og‘ida mo‘g‘ullar bosqiniga uchragan Jaloliddinning barcha odamlari halok bo‘ldi. Ta’qibdan qochib, tog‘larga yashiringan Jaloliddin Xorazmshoh shu yerda ko‘chmanchilar tarafidan o‘ldirildi (1231-yilning 17-20-avgusti)...
Uning o‘limidan so‘ng Xorazmshohlar davlati yo‘qlikka yuz tutdi, islom dunyosida mo‘g‘ullarga qarshi tura oladigan biror kuch qolmadi.
Sulton Jaloliddin Xorazmshohning o‘limi haqida aksariyat tarixchilarning fikrlari bir-birini takrorlaydi. Bu mavzuda Nasaviy va Juzjoniyning yozganlari eng to‘g‘ri xabarlardir.
Boshqa bir manba, 1930-yillarda tayyorlangan ma’ruzada shunday deyiladi: “Tunjeli (Po‘lumur)da keksa odamlar hamon Jaloliddin Xorazmshohga oid afsonalarni eslaydilar, buyuk Bobo tog‘i uning mozori ekanini va shuning uchun ayni zamonda Sulton Bobo nomi bilan mashhurligini aytadilar”. Asli Po‘lumurdan bo‘lgan Pir Ahmet Dikme Qosim esa 1999-yilda “Hayqirib bildiradiganlarim” deya nom bergan kitobida shu mavzu bilan bog‘liq shunday fikrlarni yozadi: “Mo‘g‘ullar bosqini tufayli yurtini tark etish majburiyatida qolgan Muhammad o‘g‘li Jaloliddin Xorazmshoh ular bilan kurasha-kurasha kunbotishga qarab ilgarilar ekan, bir jangda yaralanadi. Do‘sti va sirdoshi bo‘lgan Shayx Hasanning yoniga keladi va shu yerda bir kurd tarafidan o‘ldiriladi. Uning o‘limi haqida xabar topgan Onado‘lidagi saljuqiy sulton Alouddin Kayqubod shunday deydi: “Jaloliddin Xorazmshoh bir kurd bahodiri qo‘lida jon berdi. Allohga hamdu sanolar bo‘lsin!” Shu so‘zlarni keltirgach, po‘lumurlik Pir Ahmet Dikme shunday yozadi: “Shu tarzda o‘ldirilgan Jaloliddin Xorazmshoh, bizdagi manbalarga qaraganda, yonidagi o‘g‘li Mahmudni Shayx Hasanga omonat qilib qoldiradi. Shayx Hasan avvalo chuqur ehtirom qilgan do‘sti Jaloliddinning jasadini keltirib, Tojikiston tog‘laridagi bir qoyaga dafn qiladi, shundan so‘ng Jaloliddinning o‘g‘lini o‘z himoyasiga oladi. 3-4 yildan so‘ng Mahmudni o‘z qiziga uylantiradi”...
Muallif: Suleyman MERDANO‘G‘LI,
Xalqaro “Oltin meros” jamg‘armasi Anqara bo‘limi raisi
Turk tilidan Xurshida ABDULLAYEVA tarjimasi