Меню
Қашқадарё
RUS SHE’RIYATINING OFTOBI
6 iyun – Pushkin tavallud topgan kun. Bu sana o‘quv muassasalarida, tashkilotlarda qizg‘in tayyorgarlik, katta tantana bilan nishonlandi. Mazkur tadbirlarda ishtirok etgan har bir ziyoli, har bir yosh qalbida jo‘sh urgan buyuk rus shoiriga ehtirom, uning ijodiga chuqur muhabbat tuyg‘ulari rang-barang chiqishlarda aks etdi, tilaklar, tabriklarda o‘z ifodasini topdi.
Qarshi san’at kollejida rus xalqining atoqli shoiri tavalludining 217 yilligiga bag‘ishlangan musiqiy kecha “Buyuk rus shoiri” deb nomlandi. Jahon adabiyotida munosib nom qoldira olgan Pushkin ijodi bilan yoshlarni yanada kengroq tanishtirish, ularda adabiyotga bo‘lgan muhabbatni yuksaltirish, shoir asarlarining mazmun-mohiyatini targ‘ib qilish maqsadida o‘tkazilgan kechada kollej o‘qituvchi va o‘quvchilari, adabiyotga ixlosmand yoshlar ishtirok etishdi.
Tadbirda Pushkin hayoti va ijodi to‘g‘risida yig‘ilganlarga qiziqarli turfa ma’lumotlar berilib, shoir ijodiga nazar tashlandi. Ta’kidlanganidek, Pushkin asarlari har birimizga bolalikdanoq ma’lum. Uning “Shoh Saltan va shahzoda Gvidon haqida ertak”, “Baliqchi va baliq haqida ertak” kabi bolalarga bag‘ishlangan asarlari chin ma’noda ezgulikni targ‘ib etuvchi ijod namunalaridir.
- Men Pushkinning asarlarini sevib o‘qiyman, bolaligimdan uning ko‘plab she’rlarini yod olganman, - deydi Qarshi san’at kollejining I bosqich o‘quvchisi Bobur Toshpo‘latov. – Menga, ayniqsa, “Dubrovskiy”, “Yevgeniy Onegin” kabi asarlari, “Chaadayevga”, “Esimdadir ajib dam hali…” singari she’rlari juda yoqadi.
Tadbir davomida kollej o‘quvchilari tomonidan shoir ijodiga mansub she’rlar ifodali o‘qildi, rus tilida turli romans va ariyalar kuylandi.
***
Qarshi shahridagi viloyat yoshlar markazida “Buyuk rus shoiri” loyihasi doirasida o‘zbek va rus millatlarining uzoq tarixga ega do‘stona munosabatining yorqin ifodasi sifatida tashkil etilgan tadbirda “Kamolot” YOIH viloyat kengashi qoshidagi “Iste’dod chorlovi” she’riyat klubi a’zolari, viloyatimizning taniqli shoir va adiblari ishtirok etishdi. Unda Pushkin ijodi va hayoti haqida gapirildi, she’rlari yod o‘qildi.
- Ma’lumki, jahon adabiyoti tarixida o‘zining takrorlanmas asarlari bilan muxlislar qalbini zabt etgan zabardast ijodkorlar kamdan-kam topiladi, - deydi tadbir qatnashchisi Aziza Qo‘ziboyeva. – Bugungi shoir haqida aytilgan fikr-mulohazalarni tinglab, Pushkin ana shunday topilmas ijodkor ekaniga yana bir marta amin bo‘ldim.
Shuningdek, tadbir davomida Pushkin asarlarini o‘zbek tiliga mahorat bilan o‘girgan o‘zbek adabiyoti darg‘alari - Mirtemir, Oybek, Hamid Olimjon, Zulfiya qalamiga mansub tarjimalardan parchalar yig‘ilganlar e’tiboriga havola etildi.
***
Mullato‘ychi Toshmuhammedov nomidagi viloyat musiqali drama teatrida o‘tkazilgan badiiy kechaga maktab hamda akademik litsey va kasb-hunar kollejlari o‘quvchilari, viloyatimizdagi oliy o‘quv yurtlari talabalari hamda ziyolilar, adabiyot ixlosmandlari taklif etildi. Viloyat Xalq ta’limi boshqarmasi hamda rus milliy madaniy markazi hamkorlikda o‘tkazgan ushbu tadbir Pushkin ijodini targ‘ib etish, shu orqali millatlararo tinch-totuvlik, hamjihatlikni namoyon etishga bag‘ishlandi.
Badiiy kechada so‘z olganlar rus shoirining adabiyotga ta’siri, uning ijodiy merosi, buyuk iste’dodi haqida o‘z fikr-mulohazalarini bildirib, Pushkinni o‘rganish – rus tilini o‘rganish, rus adabiyotini bilish ekanini ta’kidlashdi.
Pushkin ijodining bosh g‘oyasini tashkil etadigan insoniylik, yuksak ma’naviy-ma’rifiy fazilatlar barcha xalqlar uchun birday sevimli, har bir ziyoli, ma’naviyatli inson uchun birday qadrli. Aynan shu bois Pushkin ijodiga o‘rta maktab dasturida ham, ta’limning keyingi bosqichlarida ham alohida o‘rin ajratiladi, o‘rganiladi.
- Shoir ijodi bamisoli dengiz, u xuddi ummon kabi jo‘shqin, - deydi Qarshi shahridagi 41-maktabning rus tili va adabiyoti o‘qituvchisi Zulfiya Temirova. – Uning dengiz haqida yozilgan she’rlari, mening nazarimda, Pushkinning ruhini tasvirlab beradi, bizga uning tuyg‘ular jo‘sh urib turgan olovli qalbining yolqinini chizib berganday bo‘ladi. Pushkin ijodini o‘rganishga bag‘ishlangan dars soatlarida ayni shu jihatni o‘quvchilarga singdirishga urinaman. Shoirning isyonkor “men”ini anglashga o‘rgataman.
Tadbir davomida Qarshi shahridagi 1-, 2-, 9-, 11-, 12-, 15-, 23- hamda 41-maktablarning rusiyzabon sinflarida tahsil olayotgan o‘quvchilari tomonidan tayyorlangan dastur namoyish etildi. O‘quvchilar sahnada Pushkin davri hayoti, odat va an’analarini jonlantirishdi. Shoir hayoti chizgilari: bolalik yillari, mashhur Sarskiy qishlog‘i litseyida o‘tgan o‘smirlik chog‘lari, surgun davri, shoir ijodida yorqin iz qoldirgan Boldino kuzi, 1837- yilda Pushkin hamda Dantes o‘rtasida kechgan mash’um duel va shoir o‘limi sahnada o‘z aksini topdi. O‘sha davr aslzodalari hayoti – ziyofatlar, ballar ifodalab berildi. Shoir asarlaridan parchalar ijro etildi. Ayniqsa, shoirning “Ruslan va Lyudmila”, “Yevgeniy Onegin” kabi asarlaridan sahnalashtirilgan parchalar barchada qizg‘in taassurot qoldirdi.
- Pushkin Tatyanasi menda bu asarni ilk bora o‘qiganimdayoq katta taassurot qoldirgandi, - deydi Tatyana obrazining sahnadagi ijrochisi, Qarshi shahridagi 41-maktab o‘quvchisi Xumora Haqberdiyeva. – U Oneginni chin dildan sevadi, biroq o‘zining ayollik burchiga sodiq qolib, uni rad etadi. Tatyana – haqiqiy hurmatga sazovor obraz. Men bugungi tadbirda ayni shu qahramonni gavdalantirganimdan mamnunman.
Tadbirda yangragan rus xalq kuylari, romans va qo‘shiqlar, mahorat bilan ijro etilgan rus milliy va bal raqslari yig‘ilganlar tomonidan qizg‘in qarshi olindi.
Shu kabi tadbirlar viloyatimizdagi boshqa tashkilotlar, o‘rta maxsus o‘quv muassasalarida ham katta tayyorgarlik bilan o‘tkazildi. Yakunlovchi tadbir sifatida “Kamolot” YOIH viloyat kengashi tashabbusi bilan tashkil etilgan “Buyuk rus shoiri” aksiyasi esa viloyatimizdagi san’atsevar, adabiyotsevar yoshlarni o‘zida birlashtirgani bilan ahamiyatli bo‘ldi. Aksiya davomida shoir she’rlaridan namunalar, yosh ijodkorlarning Pushkin haqida va undan ilhomlanib yozilgan she’riy mashqlari o‘qildi. “Quvnoqlar va zukkolar” jamoalarining chiqishlari barchaga xush kayfiyat ulashdi.
Tadbir yakunida faol ishtirokchilar “Kamolot” YIH viloyat kengashining esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
Xurshida QILICHEVA,
Sohiba SUYUNOVA, Dilfuza JUMAYEVA
Suratda: tadbirdan lavha.
Sobir NARZIYEV olgan surat.