Меню

Қашқадарё

04.10.2016 1551

PUL TOPAMAN DEB

Odam savdosi inson erki, tengligi va shaxsiy daxlsizligiga bevosita putur yetkazadi, uni turli xo‘rlik va kamsitishlarga duchor etadi. Ushbu mudhish jinoiy faoliyat ortida majburiy mehnat, zamonaviy qullik, majburiy donorlik, harbiy to‘qnashuvlarda foydalanish, fohishabozlik  bilan shug‘ullanishga majburlash kabi qabih, qonunga zid qilmishlar mujassam.

Insonni ulug‘lash, uning huquq va erkinligini ta’minlash asosiy qadriyatga aylangan ushbu davrda odam savdosining har qanday ko‘rinishiga qarshi kurash dolzarb ahamiyat kasb etmoqda.

Ma’lumki, mustaqil O‘zbekiston ham bunday tahdid va xavflardan chetda turolmaydi. Shu bois, mamlakatimizda odam savdosining oldini olish va unga qarshi kurashni huquqiy ta’minlash sohasida  izchil va keng ko‘lamli ishlar bajarildi hamda ushbu faoliyatni kelajakda kuchaytirish borasida chora-tadbirlar rejasi belgilab olindi. Xususan, odam savdosiga qarshi kurashish sohasida tizimli qonunchilik, tashkiliy-ma’muriy, madaniy-ma’rifiy, jabrlanuvchilarning huquqlarini himoya qilish va xalqaro hamkorlik bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar yo‘lga qo‘yildi.

Shunga qaramasdan ayrim fuqarolarning soddaligi, ishonuvchanligidan g‘araz maqsadlarda foydalanib, chet davlatlarda katta miqdorda maosh bilan ta’minlashni va’da qilib, ularni aldab, og‘ir ahvoldagi mehnat sharoitlarida ishlatib, oylik maosh u yoqda tursin, hattoki kundalik oziq-ovqat bilan ta’minlamasdan, o‘zga shaxslarga sotib yuborish orqali noqonuniy daromad orttirib yurgan kimsalar hamon uchrab turgani achinarli hol, albatta.

Kishilar noqonuniy tarzda chet elga borish va ishga joylashishdagi vositachilik bilan bog‘liq xavfni tushunib yetmagan, bu vaziyat to‘g‘risida deyarli hech narsa bilmagan holda o‘zlarini odamfurushlarning o‘ljasiga aylantirib qo‘ymoqda.

Bugungi kunda chet elga borishni xohlovchilarning asosiy qismi noqonuniy yo‘llar bilan chiqib ketishni afzal ko‘rayapti. Umrida mahallasidan nariga chiqmagan odamlar kimlarningdir aldovi, yolg‘oniga uchib, bor-budini sotib, chet elga ketayapti. U yerda esa tilni va yo‘l-yo‘riqni bilmasligi, eng yomoni, noqonuniy ravishda kelgani va himoyasiz bo‘lgani uchun qul sifatida ishlatilmoqda.

Buning asosiy sababi ma’naviy qashshoqlik, ochko‘zlik, dunyoga haddan tashqari hirs qo‘yish va nafsiga qul bo‘lishdir.

Muqaddas islom dinimiz nuqtai nazaridan olib qaraydigan bo‘lsak, insonning jonzodlar ichida eng mukarrami ekani ta’kidlanib, qullikka qarshi qat’iy    choralar belgilab qo‘yilgan.

Alloh taolo o‘zining so‘nggi dini - islomni yuzaga chiqarganda quldorlik tuzumi mavjud bir voqelik edi. Islom dini insonning hur yaratilganini ta’kidlab, uni tugatish choralarini ko‘rdi. Qulni ozod etishni savob darajasiga ko‘tardi, buning ustiga tez-tez takrorlanuvchi turli xato va gunoh ishlar (masalan, qasamni buzish, farz ro‘zasini bilib turib buzish kabilar)ning kafforatiga qul ozod qilishni buyurdi.

Payg‘ambarimiz (s.a.v.)  "Kim bir mo‘min qulni ozod qilsa, Alloh taolo uning har bir a’zosi uchun buning a’zolarini do‘zaxdan ozod qiladi", deb marhamat qiladi. Bu hadisda Rasululloh (s.a.v.) qul ozod qilishning fazilatini bayon etadi.

Payg‘ambarimiz (s.a.v.) qudsiy hadislarida: "Alloh taolo: "Uch kishi borki,  men ularga qiyomat kuni xusumatchiman. Mening nomimdan (ahd) beradigan va keyin xiyonat qiladigan kishi, hur kishini sotib pulini yeydigan kishi, mardikor yollab, uni ishlatib va haqqini bermagan kishi", dedi (Abu Hurayradan Imom Buxoriy rivoyati).

Bu hadisda Alloh taolo qiyomat kuni uch kishiga rahmat nazari bilan qaramasligi va ular bilan xusumat qilishi bayon qilinmoqda. Alloh taolo kim bilan xusumat qilsa, albatta, uni yengadi. Ular ichida hur kishini sotib, uni hurlikdan mahrum qilib, qullikka solgan kishi ham bor. Bu juda katta gunohdir. Chunki bu holatda inson, odatda qilishi mumkin bo‘lgan ishlardan man etilib, xorlik holatiga tushiriladi va ko‘pincha faqat qorin to‘ydirish uchun ishlashga mahkum qilinadi.

O‘tkinchi mol-dunyo uchun vatandoshlarini, qishloqdoshlarini va hatto qarindoshlarini sotishdan qaytmayotgan kishilar, yuqoridagi hadislarning ma’nosini bir zum tafakkur qilsalar, foydadan xoli bo‘lmaydi. Zero, halol kasb qilib, boylik orttirayotgan, elga xizmat qilib, duo olayotgan mardlar son-sanoqsiz topiladi.

Yana bir hadisi sharifda "Alloh taolo qiyomat kunida uch kishiga qaramaydi. Hurni sotgan kishi, o‘zini o‘zi sotgan kishi va mardikorning teri qotgandan keyin uning haqqini bekor qilgan kishi", deyiladi.

Bu hadis ham yuqoridagi hadisni to‘ldirib keladi. Ya’niki inson bila    turib, o‘zini qullikka solishi ham ulug‘  gunohlardan hisoblanadi.

Yana bir tashvishli holatlardan biri shuki, chet elga noqonuniy tarzda ishga chiqayotgan shaxslarning ko‘pchiligi xalqaro terrorizm va din niqobi ostidagi zo‘ravonlik, kuch ishlatish, ya’ni ekstremistik, fundamentalistik, separatistik xurujlar vakillarining tuzog‘iga tushib, yo‘ldan, o‘zligidan adashib ketishmoqda.

O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimov o‘sib kelayotgan yoshlarni bunday tahdidlardan himoya qilish, ularning dunyoga ochiq ko‘z bilan qarash ko‘nikmalarini egallashida ma’naviy-mafkuraviy tarbiyaning roli beqiyos ekanini alohida ta’kidlab shunday degan edi: "Faqat jismoniy jihatdan baquvvat bo‘lgan odamni tarbiyalash unchalik qiyin emas. Ammo uni ham jismoniy, ham ma’naviy jihatdan kamol toptirish g‘oyat    murakkab vazifa. Ayniqsa bugungi kunda - mafkuraviy kurashlar goh oshkora, goh   pinhona tus olgan hozirgi nozik, qaltis sharoitda, tahlikali zamonda bu masala nihoyatda dolzarb ahamiyatga ega".

Shunday ekan, avvalo har bir inson o‘zining huquq va erkinliklarini ta’minlash borasida amalga oshirilayotgan sa’y-harakatlarni to‘g‘ri, to‘la tushunib yetmog‘i darkor. Ishlayman desa, yurtimizning o‘zida ish o‘rni yetarli. Saviyali, kuchli mutaxassisni, qo‘lidan ish keladigan odamni hech kim tashlab qo‘ymaydi. Bunday odamning chet elda sarson-sargardon yurishining o‘zi noto‘g‘ri.

Qolaversa, hukumatimiz tomonidan xorijda ishlashni istovchilarga ham mo‘l imkoniyatlar muhayyo qilingan. Buning uchun bir qator davlatlar bilan shartnomalar tuzilgan. U yerga ishga ketayotganlarning haq-huquqlari kafolatlangan. Demakki, hech qanday monelik yo‘q. Shunday ekan, nima uchun to‘g‘ri yo‘l qolib, egrisidan yuramiz? Yoki yana o‘sha eski "bu yo‘l oson-da", degan gapmi? Ammo bu yo‘l bizni qay manzillarga eltayapti? Bu yo‘lda nimalarni boy berayapmiz? Ana shularni jiddiy o‘ylab ko‘rmog‘imiz darkor.

Azamat USMONOV,

Kasbi tumanidagi Fazli jome’ masjidi imom-xatibi

Сайт материалларидан тўлиқ ёки қисман фойдаланилганда веб-сайт манзили кўрсатилиши шарт!