Меню

Қашқадарё

12.08.2017 1710

PROFILAKTIKA INSPEKTORI

Shunga muvofiq, viloyat IIB huquqbuzarliklar profilaktikasi boshqarmasi mas’ul xodimlari, profilaktika inspektorlari, jamoatchilik va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirokida viloyat hokimligida o‘tgan seminarda Orzu mahallasida joriy etilgan ijobiy tajribani viloyatimizda tatbiq etish masalalari muhokama etildi.

Kun tartibidagi masala yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi huquqbuzarliklar profilaktikasi bosh boshqarmasi boshlig‘ining o‘rinbosari Dilshod Akramov, Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha respublika kengashi  raisi o‘rinbosari Zafar Ro‘ziyev, viloyat IIB huquqbuzarliklar profilaktikasi boshqarmasi boshlig‘i Umid Yaxshiyevning ma’ruzalari tinglandi.

Qayd etilganidek, joylarda Orzu mahalla fuqarolar yig‘ini ish uslubini joriy etishda har bir mahalla hududidagi tezkor kriminogen vaziyatdan kelib chiqqan holda, mahalla chizma xaritasini ishlab chiqib, hududga tegishli demografik ma’lumotlarni jamlash, mahallada yashovchi aholi va oilalar sonidan kelib chiqqan holda, ichki ishlar organlari, mahalla va sog‘liqni saqlash muassasalari hisobida turuvchilar bilan profilaktik ishlarni tashkil etish uchun ularni qatlamlarga ajratib, ro‘yxatlarini shakllantirish, hududda jinoyatchilikning oldini olish maqsadida hisobda turuvchi har bir shaxsga mahalla faollari, nuroniylar, Yoshlar ittifoqi vakillari, uy va ko‘chaboshilari, namunali oilalar hamda boshqa jamoatchilik vakillaridan uch nafardan murabbiylar biriktirish, diniy muhitni barqarorlashtirish maqsadida mahallada ichki ishlar organlarining maxsus hisobida turuvchi har bir shaxsga o‘n nafardan murabbiy biriktirilishi va bu tuman (shahar) hokimining qarori bilan tasdiqlanishi lozim. Murabbiylar o‘z ishiga yuzaki yondashib, biriktirilgan shasxni bo‘lar-bo‘lmasga bezovta qilishi emas, uni to‘g‘ri yo‘lga boshlashi, muammo va tashvishlarini o‘rganib, ularni hal qilish choralarini ko‘rishi darkor. Biriktirilgan murabbiylar tomonidan joylarda amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan har oy yakunida mahallalarda yig‘ilishlar o‘tkaziladi.

Ayni paytda profilaktika inspektorining har kunlik ish faoliyati ham belgilangan grafik asosida o‘tadi. Xususan, u kunning birinchi yarmida ma’muriy hududda joylashgan ta’lim muassasalaridagi davomatni o‘rgansa, so‘ng hisobda turgan shaxslarning xonadonlariga borib, u yerdagi ijtimoiy-ma’naviy muhitni sog‘lomlashtirish choralarini ko‘radi. Jinoyatlarning sodir etilishiga imkon berayotgan shart-sharoitlarni o‘rganib, kelgusida jinoyatlar sodir etilishiga yo‘l qo‘ymaslik harakatini qiladi. 

Kechga yaqin jismoniy va yuridik shaxslarni qabul qilish, ularning murojaatlarini o‘rganib, mahalladagi ijtimoiy-ma’naviy muhitga salbiy ta’sir ko‘rsatuvchi holatlarni bartaraf etishga qaratilgan muhokama-yig‘ilishlarni, fuqarolarning huquqiy ongini oshirishga qaratilgan targ‘ibot tadbirlarini tashkil etadi.

Tundan tonggacha esa mahalla posboni jamoat tuzilmasi rahbari va a’zolari hamda jamoatchilik vakillari ishtirokida tungi kuzatuv guruhlarini tuzish, ularning ishini tashkil etish va nazorat qilish, jamoatchilik nazorati maskanlari ishini tekshirish, tashkil etish va nazorat qilishga mas’ullik qiladi.

Tadbirda ana shu masalalar atroflicha muhokama qilinib, mas’ullarga tegishli topshiriq va  tavsiyalar berildi.

Shundang so‘ng seminar ishtirokchilari Orzu mahallasi tajribasi bo‘yicha Geolog mahalla  fuqarolar yig‘inidagi 26-sonli tayanch punktida yaratilgan sharoitlar bilan tanishishdi.

2 ming 550 dan ziyod aholi istiqomat qilayotgan mahallada madaniyat muassasalari, xususan, kutubxona, teatr, muzey, Jurnalistlar uyi, madaniyat va istirohat bog‘i, sport-sog‘lomlashtirish maskani, mehmonxona, to‘yxona-tamaddixonalar joylashgan. Savdo shoxobchalari, mini futbol maydoni, bolajonlar uchun turli attraksionlar ishlab turibdi. Tayanch punktida mahalla raisi, kotibi va maslahatchisi, profilaktika inspektori uchun alohida xonalar mavjud. Zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari, zarur adabiyotlar bilan ta’minlangan. Shu bilan birga, zamonaviy axborot texnologiyalari qo‘llanilgan holda o‘zaro tezkor aloqa o‘rnatish bo‘yicha yangi tizim yo‘lga qo‘yilib, bu profilaktika inspektori xizmat xonasida o‘rnatilgan kompyuter orqali boshqa hududlar ichki ishlar bo‘limi xodimlari bilan videomuloqot qilish imkonini beradi. Galdagi vazifa - faoliyatni takomillashtirish, shaxsiy mas’uliyatni oshirish, ishga professional darajada yondashishdan iborat.

Tadbir davomida mahalla ishidagi kamchiliklarni namunaviy tajriba asosida bartaraf etish lozimligi aytildi. Kelgusi vazifalar, boshqa hududlarda joriy etiladigan ish uslublari rejalashtirib olindi.

B.SAYFIYEV

Suratda: tadbir ishtirokchilari Geolog  mahalla fuqarolar yig‘inidagi 26-sonli tayanch punktida.

Sobir NARZIYEV olgan surat.

Сайт материалларидан тўлиқ ёки қисман фойдаланилганда веб-сайт манзили кўрсатилиши шарт!