Меню

Қашқадарё

29.11.2016 1553

«OVCHI»NING TUZOFI

Bugungi dunyoda tobora avj olib borayotgan turli zararli diniy-ekstremistik guruhlarning ish uslubini ham ovchining hiylasiga o‘xshatish mumkin. Har qanday diniy  mutaassib oqim o‘z "o‘lja"sining hayotiy muhim ehtiyojlarini inobatga olgan holda o‘z ta’limotini jozibador qilib ko‘rsatishga harakat qiladi. Odamlarning bunday oqimlar ta’siriga tushib qolishi odatdagi axborot doirasidan tashqariga chiqadigan turli shov-shuvlarga ortiqcha e’tibori  bilan ham belgilanadi. Bunday e’tiborni bugungi kunda keng tarqalayotgan g‘ayritabiiy hodisa va jarayonlarning haqiqatan ham mavjudligi haqidagi axborotlar oziqlantirib turadi. Turli axborot manbalarining doimiy ta’siri ostida bo‘lgan bir  paytda inson g‘ayriilmiy, soxta diniy g‘oyalarni qabul qilishga moyil bo‘lib qoladi. Quyida diniy-ekstremistik guruhlarning odamlarni o‘ziga jalb qilish, o‘z safiga qo‘shish yo‘llari va usullaridan ayrimlarini ko‘rib chiqamiz.

Shunday usullardan biri - "oz-ozdan" texnologiyasidir. Bunda faqat birgalikda namozga borish, dam olish kunlarini birga o‘tkazish,  ijtimoiy tarmoqlar orqali muloqotda bo‘lib turish kabi kichik iltimoslar bilan yollanayotgan shaxsni o‘z maqsadiga jiddiy yon bosishga majbur qilish yo‘lidan boriladi. Bir martalik iltimos bajarilgach, keyingi "o‘tinch" havola etiladi va siz bu gal ham yo‘q demasdan, aytilganni ado etasiz. Bu esa asta-sekinlik bilan ruhiyatingizda ta’sir o‘tkazayotgan shaxsga nisbatan qaramlikni keltirib chiqaradi.

Keyingi usul - "doimiy miya yuvish" vositasida to‘daning g‘oyalarini amalga oshirish yollanayotgan kishining shaxsiy qiyinchiliklari va jamiyatdagi muammolarni hal etishning eng maqbul yo‘li, degan qarash tinmay uqtirib boriladi. Bora-bora bunday "dars"ni miyasiga singdirib borgan kishi mutlaq haqiqat sifatida qabul qiladi.

So‘ngra "guruhiy ta’sir etish" uslubi qo‘llanadi. Bunda jamoaning barcha a’zolari yangi a’zoni turli tomondan yagona g‘oyaga yo‘naltirilgan fikrlar bilan "ko‘mib" tashlaydi. Albatta, tabiatan inson ko‘pchilik  ma’qullab turgan fikrni beixtiyor o‘ziga singdirishga moyil bo‘ladi. "Shuncha odam ta’kidlab, ma’qullayaptimi, demak, rost",  degan o‘yga boradi.

Ayni paytda, yollanayotgan shaxsga betinim yangidan-yangi ma’lumotlar berish va uning o‘z fikri bilan yolg‘iz qolishiga yo‘l qo‘ymaslik orqali unda e’tiroz bildirish yoki bahslashishga imkon qoldirmaslikka harakat qilinadi va bir paytning o‘zida unga faqat shirin gapirilib, u haqda g‘amxo‘rlik, aksariyat hollarda moddiy yordam ham ko‘rsatiladi.

Shuni ham ta’kidlash kerakki, bu masalada "o‘zimni nazorat qila olaman va xohlagan vaqtimda jamoadan chetlasha olaman", degan xayoldan uzoq bo‘lish lozim. Chunki ko‘pchilik mutaassib oqimlar yangi tarafdorlarni yollashda  ruhiy ta’sirning yuqoridagi kabi usullaridan faol foydalanadi va unga ortga qaytish uchun deyarli imkon qoldirmaydi.

Diniy ekstremistik harakatga aralashib qolmaslik uchun nimalarga e’tibor berish kerak?

Faraz qilaylik, yuqoridagi kabi holatlarda noma’lum yoki yaxshi tanish bo‘lmagan shaxs sizga murojaat qildi. U suhbat boshida islom asoslarini o‘rganishga qaratilgan harakatlarga rag‘bat berib, asl musulmonning burch va javobgarligi kabi mavzularda so‘z yuritadi. So‘ng bilvosita savollar bilan sizga taalluqli ma’lumotlar, xususan, diniy va siyosiy qarashlaringiz bilan qiziqadi. Suhbat oxirida esa o‘zining islomga qiziqishi behad ekani va yaqin birodarlari bilan diniy bilimlarini puxta egallayotganini aytib, sizga ham shuni taklif etadi. Ta’kidlash joizki, bunday suhbatlar bir martalik muloqotda bo‘lishi yoki bir necha uchrashuvga cho‘zilishi mumkin. Kishining qanday jamoaga jalb qilinayotgani haqida to‘la ma’lumotga ega bo‘lishga intilishi kelajakda o‘zi va oilasini jiddiy ko‘ngilsizliklardan saqlaydi. Masalan, "Islomga doir bilimlarni kimdan va qaysi asarlar orqali chuqur va mukammal o‘rganish mumkin?"   degan savolga boyagi "suhbatdosh" umumiy javob qilsa, ya’ni "Qur’oni karim va hadislardan", deyish bilan chegaralansa, undan kengroq javob olishga harakat qilish zarur. Agar suhbatdosh an’anaviy, rasmiy usullarni rad etsa yoki ularning sayozligini ta’kidlasa yoxud nashriyot va uning manzili ko‘rsatilmagan norasmiy adabiyotlarni tilga olsa yoki norasmiy  shaxslarning islom dunyosidagi o‘rni haqida ijobiy so‘zlasa, uning mutaassib g‘oyalar tarafdori ekaniga ishonch hosil qilish mumkin.

Ta’kidlash joizki, hamma vaqt ham diniy mutassib oqim a’zolari ilk suhbatdanoq norasmiy adabiyotlar va shaxslar haqida batafsil so‘zlamaydi. Ular o‘z g‘oyalariga jalb qilish maqsadida rasman tan olingan diniy adabiyotlar orqali saboq olishni tavsiya etishi hamda boshlang‘ich ilmlarni o‘rganishga taklif qilishi mumkin. Bularning bari qanchalik jozibali va to‘g‘ri bo‘lib ko‘rinmasin, diniy ma’lumoti va aniq maqsadini bilmagan odamdan diniy bilimlarni o‘rganishga harakat qilish salbiy oqibatlarga olib kelishi mumkin.

Yuqoridagi fikr-mulohazalardan kelib chiqib, har bir kishi quyidagilarga alohida e’tibor qaratishi    zarur:

- mustaqil fikrga, sog‘lom negizda shakllangan dunyoqarash va mustahkam irodaga ega bo‘lish;

- sog‘lom hayot tarziga amal qilish, milliy va umuminsoniy qadriyatlarni chuqur o‘rganish va ularga rioya etish;

- turli diniy oqim va yo‘nalishlar ta’siri hamda aqidasiga qarshi o‘zida immunitet hosil qilish, buning uchun mafkuraviy tahdidlarga qarshi doimo sergak, ogoh va hushyor bo‘lish;

- o‘zi yaxshi bilmaydigan, shubhali shaxslar bilan muloqot qilmaslik;

- internet tizimida diniy ekstremizm, terrorizm va missionerlikni targ‘ib qiladigan sayt hamda ijtimoiy tarmoqlarga kirmaslik.

Ulug‘ bobomiz Alisher Navoiyning: "Do‘stlar fikridan va dushmanlar makridin beparvolig‘ joiz ermas va bu ish nadomatdin o‘zga natija bermas",   degan so‘zlarida katta ma’no mujassam. Shu kabi hikmatlar, aql va ogohlikdan suv ichgan dunyoqarash hech qachon o‘z egasiga pand bermaydi.

O‘tkir G‘UZAROV,

Kitob tumanidagi Xoja Buxoriy nomli o‘rta maxsus islom  bilim yurti  mudiri

Сайт материалларидан тўлиқ ёки қисман фойдаланилганда веб-сайт манзили кўрсатилиши шарт!