Меню
Қашқадарё
OPA-SINGILLAR
Opada dang‘illama uy, qator-qator mashina, kalondimog‘ qaynona, olifta er.
Singilda paxsa uy, nurayotgan devor, sodda qaynona, mehnatdan boshi chiqmagan er.
Unisining qadami o‘lchovli, so‘rovli, tergovli. O‘z uyida begona.
Bunisida borini baham ko‘rishgan, uyim-joyim deb turishgan. Yarimta non - rohatijon.
Qiziq...
Kichik qiz opasiga havas qiladi...
Opa esa singlisiga...
TAQDIMOT
U o‘ziga Muxlis degan taxallus qo‘yib, shu paytgacha yozganlarini to‘plab kitob chiqardi. Kitobining otini ovoza qilish uchun taqdimot o‘tkazadigan bo‘ldi va tadbirga ustoz shoirni ham chorladi.
“Bormasam xafa bo‘ladi, borsam so‘z berishadi, yozganlari she’r emas-ku, nima deyman?”, o‘ylovga qoldi ustoz va... yo‘lini topdi.
U taqdimotda Muxlisning she’rlari haqida emas, Adabiyot haqida gapirdi...
VAFO
Hakima opa eridan tul qolganida endigina 22 bahorni qarshilagan edi. Nogoh oyoq ostidan chiqqan falokat uni baxtidan, ikki bolasini otasidan mahrum qildi. Ayol ranj chekdi, alam chekdi. Lekin oh-faryod bilan ish bitmasligini bildi, erining suratini kattaytirib, uy to‘riga ilib qo‘ydi, gullar bilan o‘radi. Unga bo‘lgan sadoqatini amalda ko‘rsatdi. Bolalarini otasizligini sezdirmay o‘stirdi, birovdan kam qilmadi.
Kezi kelganda g‘amxo‘rlik qildi, kezi kelganda qattiqqo‘llik. Ular odamlar hurmat qiladigan kishilar bo‘lib yetishdi.
Hakima opa yagona o‘g‘lidan judo bo‘lib, qartayib qolgan qaynonasi atrofida parvona bo‘ldi. Qo‘lidan kelgan yaxshilikni ayamadi. Yosh boladay bo‘lib qolgan qariyaning barcha injiqliklarini ko‘tardi.
Bugun Hakima aya buvi, ko‘plab nabiralari bor. Xonadoni bolalarning shovqiniga to‘lgan. U bolakaylarni erkalaydi, achomlaydi-yu, xayolga cho‘madi. Shunday shirin nabiralarni bag‘riga bosmay ketgan turmush o‘rtog‘ini eslaydi, u haqda nabiralariga so‘zlab beradi.
Uy to‘rida hamon erining surati osig‘liq turibdi.
MUHABBAT
Ular bir-birlarini ko‘rmay, bilmay taqdir taqozosiyu ota-ona rizoligi bilan turmush qurishdi. Juda yaxshi yashashdi. Hayotlari tinch va osuda bo‘ldi. Ba’zan tortishib qolishsa-da, zum o‘tmay esdan chiqarishdi. Birovdan ko‘p, birovdan kam bo‘lishmadi. Boriga shukur qilishdi. Bolalarning dunyoga kelishi rishtalarni mustahkam etdi.
Ittifoqo erning yanada yaxshiroq yashagisi kelib qoldi. Oilasini yanada baxtiyor ko‘rgisi keldi. Ishga otlandi. Uzoqroq joyga. Ayoli termulib qoldi. Bolalari sog‘inib qoldi...
Qiziq, telefon ayolning ovunchog‘iga aylandi. Oshxonaga kirsa ham, qo‘shninikiga o‘tsa ham qo‘lida telefon. “Dadasi qo‘ng‘iroq qilib qolishlari mumkin”,– deydi har ikki gapning birida.
Eri qo‘ng‘iroq qilib qolgan paytlar yuzlari yashnab, qizarib ketadi. “Qo‘ng‘iroq qildilar,– deydi quvonchini kim bilandir baham ko‘rgisi kelib. – Sog‘-salomat ishlayotgan ekanlar. Noyabrda qaytaman, dedilar”.
Keyin ohista qo‘shib qo‘yadi:
“Qachon noyabr kelarkin?”
Eri qo‘ng‘iroq qilavermasa ayol faromush ahvolda bir narsaga termulib, xayolga cho‘mib ketganini o‘zi ham sezmay qoladi.
Ayolni kuzatib turarkanman, xayolimdan bir o‘y kechdi:
“Muhabbat deganlari shu emasmikin?”
Lola O‘ROQOVA