Меню

Қашқадарё

04.10.2016 1748

“OILA TABIBI”

Ko‘z oldingizga keltiring: yozning musaffo ertasi. Tog‘ yon bag‘irlarida atrof yam-yashil tusga kirgan. Havoda gul-chechaklar, o‘t-o‘lanlarning yoqimli ifori suzib yuribdi. Quyosh terak bo‘yi ko‘tarilgan vaqtda yalangliklar, o‘tloqlar bo‘ylab vizillagan tovushlar quloqqa chalina boshlaydi. Bu – asalarilarning yangi mehnat kuni boshlanganidan darak. Guldan gulga qo‘nib, ertadan to oqshomga qadar tinmay ishlaydigan, bol yig‘ish uchun uyasidan ancha olis masofalarga uchib borishiga to‘g‘ri keladigan bu mitti jonivorlarning harakatini kuzatib turgan kishi beixtiyor asalarining o‘zi ham, u yetishtiradigan ne’mat ham aslida bir mo‘jiza ekanligiga     iymon keltiradi.

Ma’lumotlarga qaraganda, bir kilogramm asal to‘plash uchun asalari inidan 120-150 ming marotaba uchib chiqishi, 400 ming chaqirim masofani uchib o‘tishi kerak. Bu hasharot shuncha zahmat evaziga yiqqan mahsulotining faqat 100 dan bir qismini o‘zi iste’mol qiladi.

Ba’zida uyadan bir gala asalarining g‘uvillaganicha havoga ko‘tarilib, betartib parvoz boshlaganini kuzatish mumkin. Bu bezovtalikning boisi shundaki, uyada asalari soni ko‘paygan, natijada, oila qirolichasiga raqiba paydo bo‘lgan. Asalarichilar bu “oilaviy g‘alayon”ni bostirishning yo‘lini yaxshi bilishadi: darrov yuzga maxsus niqob tutilib, biror narsa taqillatiladi, shunda shovqinni sevmaydigan hasharot to‘dasi daraxt yoki butaga qo‘nib, g‘uj bo‘lib oladi. Endi ularni bemalol ramkaga qo‘ndirib, yangi uyaga joylashtirish mumkin.  Bu – oilalar soni yana bittaga oshdi, degani.

Shunisi diqqatga sazovorki, asalari oilasi o‘ziga xos tartib asosida mehnat qiladi. Bu harakat xuddi puxta ishlangan mexanizmni eslatadi. Ular odatda inni tozalashga, asal yig‘ishga, to‘planayotgan mahsulotni qorovullab turishga alohida-alohida “mas’ul” bo‘lgan holda ishlaydi. Aprel oyidan to oktabrga qadar asalari uchun qizg‘in ish pallasi. Oktabrdan keyin esa qishga tayyorgarlik ko‘rish vaqti yetadi. Asalarichi shu muddatda asalari uyalarini kerakli hududlarga ko‘chirish, hasharotni parvarishlashga jiddiy e’tibor qaratishi talab qilinadi.

- Qaysi oyda qanday joyga ko‘chirish kerakligini o‘simliklarning hududlardagi joylashuvi hamda gullash paytiga qarab belgilaymiz,  - deydi Qarshi tumanilik tajribali asalarichi Ibot Qurbonov. – Asalari uyalari bahorda o‘t-o‘lan, daraxt-butalar qiyg‘os gullagan hududlarga qo‘yilsa, yozda beda, yantoq kabi o‘simliklar gullagan maydonlar yoki paxta dalalariga yaqin joy tanlanadi.

Asalni ham asalarichilar mavsumiga qarab, “may asali”, “yantoq asali”, “paxta asali” kabi nomlar bilan yuritishadi. Apreldan oktabrga qadar davom etadigan mavsumda 2-3 marotaba, yil yaxshi kelganida esa undan ham ko‘p marta asal olish mumkin bo‘ladi. Bitta asalari uyasi 14-15 kilogrammgacha asal beradi.

Aslida tabiatning o‘zi – asal uchun manba. Asalarini bahor va kuzda ko‘proq sun’iy ozuqa – shakar eritmasi bilan oziqlantirish talab etilsa, yozda qo‘shimcha ozuqani kamaytirish mumkin (lekin butkul to‘xtatilmaydi). Bu vaqtda tabiiy shira – gul changlarining o‘zi ham ozuqa, ham hosil yig‘ish uchun yetarli bo‘ladi. Shuni ham ta’kidlash o‘rinliki, hasharotning bol to‘plashi ikki taraflama foydali jarayon: ham o‘zi uchun asal yig‘adi, ham o‘simliklarning changlanishiga yordam beradi. Bu esa, ma’lumki, o‘simlikning tabiiy ko‘payishi, hayot zanjirining bardavomligi uchun muhim ahamiyatga ega.

1941-yilda “Canadian Bee Journal” jurnali mashhur olim   Albert Eynshteynning asalari haqidagi olamshumul xulosasini e’lon qilgan. Olim shunday degan edi: “Asalarilar bo‘lmasa – o‘simliklar changlatilmasa – yegulik bo‘lmasa – odam ham bo‘lmaydi”.

- Ko‘pincha, qanday asal yaxshiroq, foydaliroq bo‘ladi, deb so‘rab qolishadi, – deydi Ibot Qurbonov. - Shifo o‘rnida asalning bir yilligidan boshlab, o‘n-o‘n besh yil saqlanganigacha so‘rab kelishadi, sababi, asal uzoq saqlanganida shifobaxshlik xususiyatlari ortib boraveradi. Biz asalarichilar uchun esa eng toza asal – yangi olingani. Yangi asalning organizmga foydasi mo‘lroq, deb o‘ylayman.

Ibot Qurbonov bu ish bilan qariyb 30 yildan beri shug‘ullanib keladi. Tajribali mutaxassisning asalari zotlariga munosabati    bilan qiziqdik.

- Menga ko‘proq o‘zimizning mahalliy zotdagi asalari ma’qulroq, - deydi u. – Vaqti-vaqti bilan ona asalarini almashtirib turaman, shu yo‘l bilan hasharotning “qoni”ni tozalash mumkin. Shunda asalari baquvvat bo‘ladi va uzoq yashaydi. Har xil kasalliklarga ham chidamli bo‘ladi. Ayni paytda 170 uya asalari parvarishlayapman. Hammasi mahalliy zotdan. Mavsumda 3 tonnadan ziyodroq asal oldik. Asosiysi, barcha sohada bo‘lgani kabi asalarichilikda ham ishning ko‘zini bilgan yutadi.

Ma’lumotlarga qaraganda, bugungi kunda yurtimizda asalarining  mahalliy zoti bilan bir qatorda chetdan keltirilgan “o‘rta Rus”, “kulrang Kavkaz tog‘ asalarisi”, “Karpat”, “Italiya” kabi turlari keng tarqalgan. Qarshi tumanilik yana bir asalarichi Oybek Abdullayev “Karpat” zotiga qiziqayotganini bildirdi.

- “Karpat”ning kasalliklarga chidamliligi, sermahsulligi menga ma’qul kelayapti, – deydi u. – Buning ustiga, bunday asalari bizning iqlimga yaxshi moslashar ekan. Hozirda o‘zimizning mahalliy zotga mansub asalari parvarishlayapman. Kelasi bahordan esa “Karpat” zotidagilaridan olmoqchiman.

Kuzning ikkinchi oyidan boshlab, asalari qishga taraddud ko‘rishni boshlaydi. Ular endi o‘zlariga oziq bo‘ladigan shira to‘plashga o‘tishadi. Shu bilan birga, asalarichilar uyalarga shakar eritmasi qo‘yishni ko‘paytirishadi. Qishlovga tayyorlanishda tajribali asalarichilar inni issiqroq saqlashga, har bir uyada kamida 10-15 kilogrammgacha ozuqa bo‘ladigan asal qoldirishga e’tibor qaratish lozimligini    ta’kidlashadi.

- Internetda yaqinda qiziq bir ma’lumotni o‘qib qoldim: ayrim mamlakatlarda asalari faqat bir mavsum boqilar ekan, - deydi Oybek Abdullayev. – Mavsum so‘ngida esa oxirgi asal olinib, asalarining o‘zidan voz kechisharkan. Kelasi bahorda yangi oilalar sotib olinadi va parvarishlanadi. Bu usul bizga to‘g‘ri kelmaydi. Qishdan asrab-avaylab olib chiqilgan asalari bahorda yaxshi ko‘payadi, hatto bir uyadan bir  nechta yangi oilalar vujudga kelishi mumkin. Shuning uchun qishlovga katta ahamiyat qaratamiz.

Xullas, asalarini parvarishlashning shunga o‘xshash jihatlariga e’tiborli bo‘lish ko‘zlangan samarani beradi. Yaxshi qaralgan “oila tabibi” esa butun oilangizning salomatligi yo‘lida vobasta bo‘la oladi.

Xurshida ABDULLAYEVA

Сайт материалларидан тўлиқ ёки қисман фойдаланилганда веб-сайт манзили кўрсатилиши шарт!