Меню
Қашқадарё
ODAM SAVDOSI – ASR MUAMMOSI
Aytish o‘rinliki, 2008-yil 17-apreldagi “Odam savdosiga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi Qonun hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2008-yil 8-iyuldagi “Odam savdosiga qarshi kurashish samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosini ta’minlash bo‘yicha viloyat bojxona boshqarmasi xodimlari tomonidan tadbirlar davom ettirilmoqda. Respublika idoralararo komissiya qarori bilan tasdiqlangan Odam savdosiga qarshi kurashish samaradorligini oshirish bo‘yicha 2017-2018-yillarga mo‘ljallangan chora-tadbirlar rejasi ijro uchun qabul qilinib, belgilangan ishlarning o‘z vaqtida va sifatli bajarilishi nazoratga olindi.
Shuningdek, barcha bojxona postlari, jumladan, “Qarshi aeroporti” va “Qarshi-Kerki” chegara bojxona postlarining kirish va chiqish zallarida odam savdosiga qarshi kurashish, uning oldini olish va bu turdagi jinoyatning og‘ir oqibatlari haqida ma’lumot beruvchi turli xildagi ko‘rgazma, banner va bukletlar qo‘yilib, qisqa metrajli videoroliklar namoyishi tashkil qilingan.
Bundan tashqari, chet elga ishlash yoki dam olish va boshqa maqsadlarda ketayotgan fuqarolar bilan profilaktik suhbatlar o‘tkazilib, odamfurushlar domiga tushib qolmasliklari bo‘yicha tushuntirishlar berib borilmoqda.
- Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, 2017-yilning birinchi yarmida viloyatning chegara bojxona postlari orqali jami 66 ming 814 nafar fuqaro, shundan 32 ming 377 nafari kirish va 34 ming 437 nafari chiqish tartibida harakatlangan, - deydi viloyat bojxona boshqarmasi katta inspektori Sobir Xolmurodov. – Xorijga chiqqan fuqarolarning 18,3 foizi ishlash, qolgan qismi sayohat, tijorat, ta’lim olish va boshqa maqsadlarda ketishgan.
Tadbirda bu borada atroflicha ma’lumot berilib, odam savdosi jinoyatining mudhish oqibatlari xususida joylarda o‘tkazilayotgan targ‘ibot tadbirlari samaradorligini yanada oshirish bo‘yicha fikrlashildi. Ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga soha mutaxassislaridan batafsil javoblar olishdi.
T.PO‘LATOV