Меню
Қашқадарё
NUQUL YOMONLIK HAQIDA O'YLAYDIGAN ODAM O'ZIGA YOMONLIK QILIB YASHAYDI
Saralangan satrlar
Ahmad A'zam o‘zbek adabiyotida o‘z o‘rni, uslubiga ega adiblardan sanaladi. Uni ko‘pchilik "O‘zlik" ko‘rsatuvi orqali yaxshi biladi. "Asqartog‘ tomonlarda", "Ro‘yo yoxud G‘ulistonga safar", "Hali hayot bor", "Soyasini yo‘qotgan odam" kabi kitoblarini o‘qigan kitobxon esa chinakam ixlosmandga aylanadi. Adib qissa, hikoya va maqolalaridan saralangan lavhalarga ko‘z yugurtirish asnosidayoq bunga to‘la amin bo‘lasiz.
***
Haqiqatan-ey, yomon gap ham shu, bir chiqmasin, keyin tamom - to‘xtamaydi, o‘zicha ko‘payib, bolalab ketaveradi. Mana, bir odamning mazasi yo‘qroq ekan, deb ko‘ring, shunchaki, jo‘rttaga gap chiqaring, kun o‘tmay, o‘zingizni uning janozasiga aytib keladilar, bormasangiz, yana odamgarchilikdan chiqqanga yo‘yadilar. O‘lsang, sening o‘ligingni ham shu odamlar ko‘taradi-ku, deb qo‘rqitadilar yana. O‘v birodarlar, es joyidami, o‘zim to‘qigan mish-mish bu, oqibatini o‘ylamabman, deb hargiz urining, borib allaqachon uning oilasidan ko‘ngil so‘raganlarni shafe keltiradilar. Hay-hay demasangiz, savob uchun go‘riga yetti ketmon tuproqni zo‘rg‘a sanab tortganlar ham chiqib qoladi.
***
Xodimlarning aytishib qolganlari, tartibsizlik yo kechikishlarini, iloji bo‘lsa, ko‘rib ko‘rmaslikka oladi, ustidan chiqib qolsa, noiloj, astoydil kuyinadi: "Tartib yaxshi-ku, nima qilamiz buzib, a?", "O‘n besh daqiqa barvaqt uyg‘onish yaxshi-ku, nima qilamiz ko‘p uxlab, a?" yo "Tinchgina ishlab yurganimiz yaxshi-ku, urish-janjaldan baraka toparmidik, a?" deydi bunaqa paytlari.
Abduzafar aka yaxshilikni yaxshi ko‘radi.
***
Rafiqa kishi ming chiroyli bo‘lmasin, muzeyga qo‘ymaysan... axir, ey, yashash kerak u bilan!
***
Ko‘mir - yonadi, qorong‘u - qora - yong‘u. "Yong‘u" degan so‘z bormi-yo‘qmi? Bo‘lsa kerak. "Cholg‘u", "ayolg‘u", "burg‘i", "yoqilg‘i", "yonilg‘i"... Yo‘q, bu yog‘iga bachkanalashdik. Lekin nimadir bor! "Qora", "qorong‘u" - bir-biriga bog‘liq-ku. Shunday-da. Qorong‘u - qora - yong‘u, qora yonuvchi, qora nur. Qorong‘u qora nur bo‘lib tarqaladi. Kunduz kuni ham taralib-tarqalib ketaveradi o‘z-o‘zicha... Bunaqa o‘xshatishlar kurakda turmaydi-yu, lekin qora ko‘mir bilan qorong‘ulik o‘rtasida nimadir bog‘lanish bor...
***
Odam kirasini beradigan taksiga o‘tirganda qancha havo oladi-yu, o‘ziga birkitilgan mashinadan ta'sirlanmaydimi!
***
Tinch, hayot bir maromda kechadigan ishxonalarda odamlarning ko‘ngli doim yangi gapga, hatto yomonlikka bo‘lsa-da, nimadir o‘zgarishga tashna turadi.
***
Talant emish. Bu ham dudama tig‘dek bir narsa-da, qancha o‘tkir bo‘lsa, shuncha o‘zingni kesadi, solinib turadigan qini bo‘lmagandan keyin.
***
Rahbar notinch bo‘lgandan keyin, jamoaning ham paytavasiga qurt tushadi. Shoxiga ursang, tuyog‘i zirqiraydi, degani shu-da.
***
Ishdagi odamlar uchun erkin bir joy bo‘lishi kerak. Mana, mahallada ko‘cha, istagan odam chiqadi, aylanadi, birov qo‘y, demaydi, chunki hammaniki-da, nima ishing bor, o‘zing ham yuraver, boshqalarga xalal bermasang bo‘ldi-da. Ko‘chaga bir kishi xo‘jayin emas, bu aqlga ham sig‘maydi. Bu yerda esa bir odam butun boshli dolonni o‘ziniki qilib olgan, lekin birov yurak yutib g‘ing demaydi. "Biz ham odam, balki bizning ham dolonda qo‘limizni belga qo‘ymasak ham, tahrirdan toliqib qotgan barmoqlarimizni qirsillatib, hushtak chalmasak ham, ming‘irlab xirgoyi qilib yurgimiz kelar", deb ayta oladigan til yo‘q.
***
Bugun ham o‘tdi-ey. Hech bir ish qilingani yo‘q, lekin asabbozlik bir dunyo. Yo‘q yerdan yo‘q xavotir, bo‘lmag‘ur tashvishlar. Shunga qancha odam xafa, qanchasi bezovta. Odamning hayoti shunaqa maydami, a? Kun ketidan kun o‘tadi, tashvishing borgan sari ziyoda, qilgan ishingning tayini yo‘q.
***
Odam bu dunyoda yolg‘iz emas. Keyin, u faqat yomonlik ichida, yomonlik ko‘rib yashamaydi, uning umr yo‘li yaxshiliklar silsilasidan iborat.
Nuqul yomonlik haqida o‘ylaydigan odam o‘ziga yomonlik qilib yashaydi.
***
Juda qizig‘-a, maktabni a'lo baholar bilan bitirgan, rostdan ham a'loga o‘qigan peshqadam o‘quvchining o‘zi institutga kirolmasa! O‘zi kirolmaydi, vassalom! Undan zo‘rlari ham bo‘lgan-da, desangiz, o‘qishga kirgandan keyin shunaqa zo‘rlarni kunduz kuni chiroq yoqib axtarasiz. Qoyilmi? Yo‘q, qoyil bo‘lmay qo‘ygansiz.
***
Yomonlik ham umrga o‘xshab o‘lchab berilgan.
***
Ayvonga bir aniq maqsadda chiqqanim yo‘q, shunchaki har kungi odatim, mana uyqudan uyg‘ondik, dunyoga yana bir qarab qo‘yaylik, o‘zimizni ham ko‘rsataylik deb qaradim. Dunyo ham o‘sha-o‘sha, lekin shu ko‘rinishida o‘zining emas, mening o‘zgarganimni belgi qilayotgan bir narsa bordek, shu kalavaning uchini topolmay, ko‘nglim doim o‘zi tayanib turadigan tayanchlarini yo‘qotib qo‘ygandek omonat edi, agar tushuntira olgan bo‘lsam. Ijarada bir o‘zim turganimdan emas, ana shu xayollar chulg‘ab olgani, bu xayollar iskanjasida yakka ekanim va yonimda hatto hamxona do‘stim yashaganda ham, unga bu ahvolimni aytganim bilan, nafaqat u, do‘st, balki umuman hech kim tushunmasligi, hech birovga tushuntirib berolmasligim uchun ham mahkum yolg‘iz edim.
***
Dod deb yuborging keladi - qog‘ozga dodlaysan odam! Qog‘ozning esa faqat qulog‘i bor, og‘zi yo‘q - sado bermaydi! Axir, hamdardga dodlaysan-da, odam!
Tilda atay buzg‘unchilik bilan davlat qonunini buzib, bunaqa kinolaru qo‘shiqlarni yasab tashlayotgan, hammayoqni chet atamalaru chalasavod yorliq, reklama matnlariga to‘ldirayotgan, allambalo alfozda jild-jild bosmalarni "badiiy asar" deb chiqarayotgan, efirda qanaqadir yaroqsiz "o‘zbekcha" vag‘illab turganlar shu loqaydlik botqog‘imizda gurkirab o‘sayotgan alaflardir va ularni insofga chaqirish, tarbiyali bo‘lishga undash, til - bu tafakkurimiz zamini, milliy boyligimiz - o‘zligimiz, uni buzish emas, qo‘riqlash, asrash, tozalab turish lozimligini uqtirish ham befoyda. Xuddi men yozayotgan shu gaplarni ham devorga gapirayotganim kabi.
***
Birinchi muhabbat mening ham esimda ekan-u, ammo tuyg‘uning o‘zi yo‘qolib qolibdi. Bo‘lmasa, bir qizni ikkinchi sinfdaligimdan tortib to maktabni bitirguncha yaxshi ko‘rganman, har kuni, ishonasizmi, har kuni uning otini aytib uxlaganman, uyg‘onganimdan keyin ham tilimga kelgan so‘z - uning oti bo‘lgan. U qiz menga moyil bo‘lganmi, yo‘qmi, bilmayman-u, lekin o‘zim uni juda qattiq yaxshi ko‘rganman. O‘sha shirin azoblarimning hammasini eslayman, lekin ko‘nglimda qilt etgan tuyg‘u yo‘q. Keyin eslasam, birinchi sevgimdan sovib, endi nima keragi bor, deb ko‘nglimning bir gadoytopmas burchagiga tiqib qo‘ygan ekanman, mana, topolmayman.
***
E-e, bu zamon qayoqqa qarab ketyapti, o‘tgan o‘rtacha yozuvchilarimiz mayli, lekin nimaga buyuklarimiz ham e‘tibordan qolyapti, ha, hammasiga OAV, ko‘cha matbuoti, Internet sababchi, adabiyotga esa g‘arbdan modernizm balosi kirib kelyapti deb, yomonning kuchini yapaloqqa ko‘rsatamiz; kuchimizni o‘zimizga nisbatan yosh, lekin allaqachon ellikni qoralab, oldinga o‘tishga odob saqlab turgan adiblarimiz yo shoirlarimizga ko‘rsatamiz, yangicha badiiy tafakkur o‘zgarishlarini yot ta'sirlarga yo‘yib, qani an'analarimizga sadoqat, qani buyuklarimiz xotirasini hurmatlash deb na'ra tortishga chog‘lanamiz - befoyda, yoshlar g‘adir-budur bo‘lsa-da, o‘zlari kashf qilgan yo‘ldan ketaveradi, o‘tmishimizning cho‘ng qoyalarini darsliklarda tiklab qo‘ygan bo‘lsak-da, ularga qaramaydi. Ha-ya, tortadigan na'ramiz ham ichimizda - kitob o‘qimagandan keyin o‘tmish iztirobi bilan yozilgan maqolamizni ham o‘qimaydi-da. Keyin, o‘n kun, bir oy o‘tirib yozgan maqo-lamizga o‘zi zo‘rg‘a kun ko‘rayotgan ga-zeta hemiri ham ber-maydi.
Damimizni ichi-mizga yutib o‘ti-raveramiz.
***
So‘zga chechan bo‘lmagan tarjimonni asl matn qurbaqani rom etgan ilondek o‘z domida tutib turadi, erkin o‘girishiga qo‘ymaydi, u muqobil so‘zlar tanlashda ixtiyorini yo‘qotishdan tashqari, tarjima etilayotgan tilning ifoda xossalarini o‘z tiliga ham to‘g‘ridan to‘g‘ri, "kalka" yo‘li bilan ko‘chirishga o‘tib oladi.
***
Majnuntol tagiga o‘tqazing meni,
Boshqalar yig‘lasin, men yig‘lab bo‘ldim.
O‘zimning pushaymonlarim bor: shu bir-ikki uchrashuvda yaqin bo‘lgandek bo‘ldik, Mirtemir yuragini ochib gapirdi. Hozirlari o‘zimdan xafa bo‘lib ketaman: domlani gapga solib, boshidan nimalar o‘tganini bir-bir yozib olmaymanmi! Shu to‘rtlikni o‘qish bilan katta ko‘ngil kitobi ochilay degan edi-ku! Men nodon dunyo adabiyotiga shaydoman deb yonimdan o‘tib ketayotgan ozurda dunyoni ko‘r-maganman. Bu dunyo ikki yildan keyin qaytish bo‘ldi, o‘zi bilan qatag‘onning aytish ta'qiq hasratlarini olib ketdi, bizga faqat ishoralari qoldi.
***
Bir mung keladi, qadimlardan to‘g‘ri chiqib, ko‘kragimni qiyib o‘tganicha ertangi kunimga tortilib turadi bu ingichka sim dor. Bolalik kunlarim shu dorga tizilgan.
***
O‘zim haqimda "Men…" deb gap boshlamoqchi bo‘lsam, "menim"da shunday ajoyib insonlarning katta o‘rni borligi esimga keladi-da, eng avvalo ular haqida gapirib, qarzimni uzishim kerak, deb indamay qolaman.
***
Said uylanganda kuyovjo‘ra bo‘lib borgan edim, qishloqning bolalari "Vuy, manovi kishining sochini!", deb orqamdan duv ergashgan, chimildiqqa Saidni olib kirayotganimizda, ularning "kampir o‘ldi" degan odati bor ekan, bir kampir ostonaga yotib oldi, endi shunga uch so‘mmi, besh so‘mmi bersak, u yotgan joyidan tirilib turib, kuyov bilan uning jo‘ralarini o‘tkazib yuborar ekan, yotib olgan edi, men "Bosib o‘tib ketaveramiz, qari kampir ekan, e-e, o‘lsa o‘libdi-da", deb hazillashsam, boshini munday burib menga qaradi, sochimga ko‘zi tushib, "Voy, bu odamyovvoyi rostdan bosib ketadi!" deb sakrab turib ketgan edi...
B.SAYFIYEV tayyorladi.