Меню
Қашқадарё
Mirishkor tumani: YUKSAK MARRALAR SARI DADIL ODIMLAR BILAN
Bugun Mirishkorda ham istiqlol sabosidan fayziyob har go‘shada bo‘lgani kabi yaratuvchanlik, bunyodkorlik ruhi hukmron. Zamonga munosib qo‘sha-qo‘sha imoratlar qad rostlayapti, hudud qiyofasi yangilanib borayapti. Shunga monand mirishkorliklarning qarashlari, fikr-o‘ylari ham tobora yangilanib, g‘ayrat-shijoat bilan shu yurt ravnaqi, shu el istiqboli uchun hissa qo‘shish ilinjida yashayotir.
BUNYODKORLIK RUHI
Tumanning qay go‘shasiga bormang, bugun ulkan qurilish- bunyodkorlik ishlari ketayotganiga guvoh bo‘lasiz. Yangi tipdagi maktablar, bolalar musiqa va san’at maktabi, tibbiyot muassasalari, savdo va xizmat ko‘rsatish obyektlari, namunaviy loyiha asosidagi uy-joylaru aholi dam olish markazlari – barcha-barchasi hudud chiroyiga chiroy qo‘shib, odamlarning hayot tarzini tubdan yaxshilash, turmush madaniyatini oshirishga xizmat qilayapti.
Xususan, Yurtboshimiz tashabbusi bilan qishloq joylarda barpo etilayotgan namunaviy loyiha asosidagi uy-joylar Mirishkor aholisiga ham manzur bo‘lib, har jihatdan qulay sharoit yaratayotir.
- Bunday uy-joylar yashash uchun har tomonlama qulayligi bois, ularga bo‘lgan talab oshayapti, - deydi tuman hokimligining qurilish-obodonlashtirish masalalari bo‘yicha bosh mutaxassisi Shavkat Toshmatov. – Shuni hisobga olgan holda, joriy yilda tumanimizning Kalta massivida 14 ta, Yangi Jeynov massivida esa 16 ta shinam uy-joy qurildi. Kelasi yil uchun yana 30 ta ana shunday uy qurilishi rejalashtirilgan bo‘lib, Kalta massivida 10 ta, Yangi Mirishkorda 20 ta zamonaviy imorat barpo etiladi.
Tumanda qishloqlarning shaharga bo‘ylashishini ta’minlayotgan bunday uy-joylar soni 2009-yildan buyog‘iga 215 taga yetdi. Bu esa bir paytlardagi paxsa devorli odmigina imoratlar o‘z o‘rnini mana shunday ko‘rkam, zamonaviy qishloq uylariga bo‘shatib berayotgani, ularda istiqomat qilayotgan yurtdoshlarimizning hayotidan mamnunlik tuyib, bugunidan rozilik hissi bilan yashayotganidan dalolat beradi.
FERMER BOY BO‘LSA...
- Mirishkor – katta potensialga ega tuman, - deydi tuman hokimining ijtimoiy-iqtisodiy masalalar bo‘yicha o‘rinbosari Alisher Meylimurodov. – Shu bois, uzoq yilga mo‘ljallangan ulkan rejalarni sira cho‘chimasdan amalga oshirish imkoni mavjud. Ayniqsa, qishloq xo‘jaligi sohasida tuman viloyatda o‘zining mustahkam o‘rniga ega. G‘alla yetishtirish bo‘yicha viloyatda 2-o‘rinda turadi. Joriy yilgi hosilimiz cho‘g‘i ham yomon bo‘lmadi.
Albatta, bu yutuqlar mirishkorlik fermerlar, asl dehqonlarning sa’y-harakati natijasidir. Buni birgina tumanning Chandir massivida joylashgan “Yangiboy” fermer xo‘jaligi misolida ham ko‘rish mumkin. Tashkil etilganiga 20 yildan oshgan xo‘jalikda asosiy e’tibor paxta va g‘alla yetishtirishga qaratilgan. Jami 88 gektar maydondan iborat xo‘jalik dalalarining 42 gektarida paxta yetishtiriladi. 43 gektar yerda esa g‘alla ekiladi. Joriy yilgi natijadan xo‘jalik a’zolari mamnun: davlatga don sotish shartnomaviy rejasini ortig‘i bilan bajarib, 160 tonna o‘rniga 185 tonna don topshirildi.
Ko‘p tarmoqqa asoslangan fermer xo‘jaliklari faoliyati samaradorligini ko‘rgan fermer Muxtor Sharopov o‘z xo‘jaligida bog‘dorchilik va uzumchilik tarmog‘ini tashkil etdi.
- 2 gektar yerda mevali bog‘ barpo etganimizga 5-6 yilcha bo‘lib qoldi, - deydi u. – O‘rik, bodom, qaroli kabi mevali daraxtlar ekilgan. Hosilini olayapmiz. O‘tgan yil bahorida 1 gektar yerga tok ko‘chatlari o‘tqazdik. Nasib etsa, mo‘l hosil beradigan uzumzorga aylanadi, degan niyatdamiz.
Zamon talabiga “labbay”, deya javob qaytarishga o‘rgangan fermer kelasi yili mevani eksport qilishni mo‘ljallayapti.
- Bugungi kunda fermer haqiqiy yer egasi, mulkdorga aylandi, - deydi Muxtor Sharopov. - Biroq davr undan tadbirkor, ishning ko‘zini biladigan ishbilarmon bo‘lishni ham talab etayapti. Biz shu talabni hisobga olishimiz zarur. Shundan kelib chiqib, xo‘jaligimizda aholi va fermer xo‘jaliklariga texnik xizmat ko‘rsatishni ham yo‘lga qo‘ydik. Lekin bu bilan kifoyalanib qolmoqchi emasmiz. Hali oldinda rejalar, qilinadigan ishlar ko‘p. Chunki ishlaydigan davr keldi. Yer – o‘zimizniki. Topilayotgan daromad o‘zimizniki. Ishlash uchun sharoit yetarli. Yana nima kerak odamga?
Ma’lumotlarga ko‘ra, 2011-yilda Mirishkorda faoliyat yuritayotgan fermer xo‘jaliklari soni 753 tani tashkil etardi, bugungi kunda esa ular soni 1200 dan oshdi. Joriy yil ular tomonidan tumanning 22 ming 680 gektar yerida paxta parvarishlanmoqda, 23 ming gektar yerda esa g‘alla yetishtirildi. Meva-sabzavotchilikni rivojlantirish, kartoshka va poliz ekinlari yetishtirish hamda eksportga chiqarish yo‘lida qilinayotgan sa’y-harakatlar tuman iqtisodiy salohiyatini yanada oshirishga xizmat qilishi shubhasiz. Qolaversa, bu - dehqon bir zamonlardagidek faqat aytilganni bajaradigan, peshona teri bilan yetishtirgan hosiliga egalik qila olmaydigan mute shaxs emas, balki o‘z imkoniyatlarini yetarlicha baholab, chamalab ko‘ra oladigan, o‘z so‘zini ayta oladigan mulkdorga aylanganidan dalolat beradi.
CHO‘LDAGI YASHIL SALTANAT
Jeynov qishlog‘i adog‘ida kattagina o‘rmon ko‘zga tashlanadi. Bu – viloyat markaziy davlat o‘rmon xo‘jaligining Jeynov bo‘limiga qarashli hudud. 2004-yilda Bahoriston o‘rmon xo‘jaligi negizida tashkil qilingan mazkur bo‘limda ishlar zamon talablari asosida yo‘lga qo‘yildi. Yer maydoni 596 gektarni tashkil etadigan bu joyni haqiqiy yashil saltanat deyish mumkin. 32 turdagi mevali va manzarali daraxtlar parvarishlanayotgan maskanga kelgan kishining bahri dili ochiladi. O‘zimizning shirin-shakar meva beradigan olmayu anor, shaftoliyu olxo‘ri, bodomu o‘rikdan tashqari, bo‘lim xodimlari yapon soforasi, zarang, tog‘ archasi, katalpa kabi noyob daraxt turlarini ham ko‘paytirishmoqda. 11 gektar yer maydoni ko‘chatxonaga aylantirilib, bu yerda urug‘dan ekilgan 1 million tup turli mevali va manzarali daraxt ko‘chatlari parvarishlanayapti. Bundan tashqari, turli-tuman noyob gul ko‘chatlari ko‘paytirilmoqda.
- Faqat bugina emas, 5 xildagi dorivor o‘simlik ham yetishtirayapmiz, - deydi bo‘lim boshlig‘i Muqimboy Olloberdiyev. – 6 gektar yerga topinambur, 1 gektar yerga tirnoqgul, 0,5 gektar yerga kashnich, 50 sotix yerga moychechak, 2 gektar yerga isiriq ekilgan. Shifobaxsh giyohlar dorixonalarga shartnoma asosida yetkazib beriladi. Bundan tashqari, 10 gektar yerda qovoq yetishtirayapmiz, 3 gektar yerga lavlagi ekilgan.
Bo‘limda 20 nafar ishchi-xodim mehnat qilayotgan bo‘lib, xo‘jalik qoshida asalarichilik, parrandachilik va quyonchilik ham yo‘lga qo‘yilgani quvonarli. 100 dan oshiq asalari oilasi boqilib, aholiga toza asal yetkazib berilayapti.
- Albatta, bu ishlarning bari istiqlol tufayli, - deydi Muqimboy Olloberdiyev. – Yurtimizda qishloq xo‘jaligi tarmoqlarini kengaytirishga katta e’tibor qaratilayapti. Biz ham bu ishdan chetda turishni istamadik. 3 yilcha avval parrandachilikni yo‘lga qo‘ygandik. Hozirda tovuqlar soni 200 dan oshdi, 90 ta kurkamiz ham bor. O‘tgan yili hukumatimiz tomonidan quyonchilikni rivojlantirishga qaratilayotgan e’tibordan kuch olib, quyonning 5 bosh poluvelikan turidan olib kelgandik. Hozirda 80 tadan oshdi.
Bo‘lim xodimlarining kelajak rejalari ham ulkan. Xo‘jalik tarkibida qo‘riqxona tashkil etish, mavjud tarmoqlar ishini yanada rivojlantirish, tuyaqush fermasi tashkil etish kabi orzu-maqsadlar bilan mehnat qilishayapti. Eng muhimi, ilgarigiday “bizda faqat shu-shu ishlarni amalga oshirish mumkin, xolos, bundan ortig‘i talab qilinmayapti-ku” qabilida emas, tashabbuskorlik ruhi bilan yangicha ishlash, yangicha qarash shakllangan. Bu esa ko‘plab yutuq-muvaffaqiyatlarga yo‘l ochishi shubhasiz.
QORAKO‘LI HAM MASHHUR
Ma’lumki, Mirishkor chorvadorlar yurti ham sanaladi. Ayniqsa, qorako‘lchilik-naslchilik shirkat xo‘jaliklarida tayyorlanadigan qorako‘l terisi mashhur. Uning Pomuq navi noyob va xaridorgir. “Qovurg‘agul” nomi bilan taniqli bo‘lgan mazkur nav boshqa hududlarda tayyorlanadigan qorako‘ldan chiroyli ko‘rinishi va sifatliligi bilan ajralib turadi.
Tumanda 2 ta - “O‘zbekiston” hamda G‘afur G‘ulom nomli qorako‘lchilik-naslchilik shirkat xo‘jaliklari faoliyat ko‘rsatmoqda. Ularga qarashli yaylovlarda 27 yarim mingdan ortiq qorako‘l qo‘ylari boqilayapti.
- Bugungi kunda xo‘jaligimizga qarashli 42 ta otarda jami 18 ming boshdan ziyod qo‘y boqilayapti, - deydi “O‘zbekiston” shirkat xo‘jaligi bosh cho‘poni Shodiyor Gulliyev. - Cho‘pon-cho‘liqlarimiz uchun sharoitlar yetarli. Mehnatga yarasha rag‘bat ko‘rayapmiz. Bu esa yanada mas’uliyat bilan mehnat qilishga undaydi.
Bundan tashqari, tumanda 4 ta qoramolchilikka ixtisoslashgan xo‘jalik faoliyat ko‘rsatayotgan bo‘lib, aholini sifatli go‘sht va sut mahsulotlari bilan ta’minlashga munosib hissa qo‘shayapti.
TOTUVLIKDA HIKMAT KO‘P
Mirishkor – ko‘p millatli tuman. O‘zbek, tojik, turkman, arab, tatar singari 20 dan ziyod millat vakillari bir oila farzandlariday tinch-totuvlikda hayot kechirmoqda. Yaratilgan sharoitlar bois ular asriy udum va an’analarining bardavomligini saqlab, ardoqlab kelishayapti.
- Qishlog‘imizda 24 mingdan ziyod aholi istiqomat qiladi, - deydi Yangi Jeynov QFY raisi Ro‘ziboy Toshev. – Necha-necha yillardan beri bu yerda o‘zbeklar, arablar tinch-totuvlikda, bahamjihatlikda yashab kelishayapti. To‘y-tadbirlar bormi, hashar bormi, hamisha yonma-yon. Quda-anda, do‘st-birodar bo‘lib yashayotgan bu ikki millatni et bilan tirnoqqa o‘xshatish mumkin.
Darhaqiqat, yurtimizda istiqlol yillarida millatlararo totuvlik g‘oyasi haqiqiy in’ikosini topdi. Qo‘lni qo‘lga berib, bahamjihat yashab, mehnat qilib kelayotgan arab, turkman, tojik millatiga mansub mirishkorliklarning tuman iqtisodiyotini rivojlantirish, uning salohiyatini belgilashda munosib ulushi bor.
Tumanning Pomuq, Chandir qishloqlarida esa asosan turkman millatiga mansub tub aholi istiqomat qiladi. Ularning asrlar osha saqlanib kelayotgan bardavom an’ana va urf-odatlari, o‘ziga xos hayot tarzi bilan tanishar ekansiz, bir jihat e’tiboringizni tortadi: aholi bugun o‘z hayotidan rozi. O‘z ona tilida erkin so‘zlashib, o‘z millatiga xos qadriyatlarni erkin namoyon etish imkoni yaratilganidan mamnun holda umrguzaronlik qilmoqda.
Chandir qishlog‘ilik Ma’mur Himmatov 73 yoshda. Bir umr halol mehnat ortidan ro‘zg‘or tebratgan Ma’mur ota turmush o‘rtog‘i O‘g‘ilshod Himmatova bilan 9 farzandni tarbiyalab, elga qo‘shdi. Bugun keksalik gashtini surayotgan nuroniy bilan suhbatlashsangiz, shukronalik hissini tuyasiz.
- Biz uchun shu yer – Vatan, - deydi otaxon. – Bunday yurt boshqa qayerda bor? Atrofda bo‘layotgan voqealarni ko‘rib, kuzatib, eshitib turibmiz. Shukur qilamiz, bizda hammasi joyida, yurt tinch, obod, farovon. Farzandlarimiz qayerda xohlasa, ta’lim olayapti, ishlayapti. Mehnat qilgan kam bo‘lmayapti. Yashasa, yashagulik, maqtasa, maqtagulik davr keldi. Ilgarigi davrlar bilan hozirgisini taqqoslasak, osmon bilan yercha farq borligini ko‘rasiz. Buni biz tengilar yaxshi bilishadi. Bunday zamonning qadriga yetish kerak.
Asosiysi, turli millat vakillaridan iborat tuman aholisi uchun millatlar o‘rtasidagi ahillik, totuvlik eng oliy qadriyatga aylangan.
Hududda turkman va arab madaniy markazlari faoliyat ko‘rsatayotgan bo‘lib, “Al-arabiya”, “Go‘zal”, “Sarvinoz” kabi folklor jamoalari nafaqat tuman va viloyatda, balki butun respublikada ma’lum va mashhurdir. Tumandagi bayram tadbirlari, to‘y-tomoshalar ularning ishtirokisiz o‘tmaydi.
JEYNOV SHIRINLIKLARI
Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, Mirishkorda faoliyat ko‘rsatayotgan kichik va o‘rta biznes subyektlari soni o‘tgan yili 382 tani tashkil etgan bo‘lsa, bu yilga kelib, 400 tadan oshgan.
Shu o‘rinda ta’kidlash kerakki, bir paytlar Mirishkor tumani faqat paxta, g‘alla yetishtirishga ixtisoslashtirilgan agrar hudud va salohiyati shu bilangina o‘lchanar edi. Odamlar turmushi haminqadar, infratuzilma o‘ziga yarasha, aholi shunga ko‘nishga majbur edi. Bugun-chi? Bugun tumanning qaysi go‘shasiga bormang, gullab-yashnayotgan turmush manzaralarini ko‘rasiz. Chekka-chekka hududlarda ham qator savdo do‘konlari, maishiy xizmat ko‘rsatish obyektlariyu ishlab chiqarish korxonalari ishga tushirilayapti. Istiqlol yillarida har qanday yaxshi yangilik darhol qo‘llab-quvvatlanayotgani, tadbirkorlikka keng yo‘l ochilgani hudud obodligi, aholi turmush darajasi farovonligini ta’minlamoqda.
Bugun Mirishkorning qishloq joylarida faoliyat boshlagan ko‘plab savdo, xizmat ko‘rsatish, ishlab chiqarish subyektlari tuman aholisining turli mahsulotlar va xizmatlarga bo‘lgan ehtiyojini qondirish barobarida qishloq yoshlarining ish bilan bandligini ta’minlashda ham muhim omil bo‘layapti. Jeynov qishlog‘ida ishlab turgan non, makaron va qandolat mahsulotlari ishlab chiqariladigan sex faoliyati bunga yorqin misol bo‘la oladi. Tadbirkor Fayzulla Toshev rahbarligidagi “Yuksalish” firmasiga qarashli sex ochilganiga 3 yilcha bo‘lib qoldi. Asosan, non, makaron mahsulotlari ishlab chiqarilayotgan sexda keyinroq turli-tuman shirinliklar tayyorlash ham yo‘lga qo‘yildi. Turli shakldagi pechenye va pryaniklar maxsus o‘ramlarda savdo do‘konlariga shartnoma asosida yetkazib beriladi. Bundan tashqari, to‘y-tantanalar uchun buyurtmalar qabul qilinadi. Eng muhimi, bu yerda yaratilgan 6 ta ish o‘rnining 3 tasida kollej bitiruvchilari ishlamoqda.
- Kollejni shu yil tamomlaganman, - deydi sex ishchisi Muhammadali Sayfullayev. - Sexda ishlayotganimdan mamnunman. Biz tayyorlayotgan mahsulotlarni hamqishloqlarimiz maqtab-maqtab tanovul qilayotganlarini ko‘rganimda, faxrlanaman. Bu yerda ish o‘rganib, kelajakda o‘zim ham mustaqil ish boshlashni niyat qilayapman.
Kichik biznes va xususiy tadbirkorlikka qaratilayotgan e’tibor mazkur sohaning tobora keng rivojlanib, ravnaq topishi uchun omil bo‘lib xizmat qilayapti.
KELAJAK EGALARI UCHUN
Mirishkorlik o‘g‘il-qizlar qobiliyat, iste’dodda boshqa tumanlardagi tengdoshlaridan aslo qolishmaydi. Fanda ham, san’at va sport sohasida ham ular yuqori marralarni egallab kelishayotir. Zero, tumanda buning uchun sharoitlar yetarli. Tuman markazida “Barkamol avlod” bolalar markazi, Bolalar va o‘smirlar sport maktabi, Bolalar musiqa va san’at maktabi faoliyat ko‘rsatayapti. “Barkamol avlod” markazida ayni kunda 210 nafar o‘g‘il-qiz 13 ta to‘garak asosida yo‘lga qo‘yilgan mashg‘ulotlarda ishtirok etishayapti. 2015 yilda ishga tushirilgan Bolalar va o‘smirlar sport maktabida esa kelajak egalarining jismonan sog‘lom va baquvvat bo‘lib voyaga yetishlari uchun barcha shart-sharoitlar yaratilgan. Badiiy gimnastika to‘garagida 4 yoshdan 11 yoshgacha bo‘lgan 30 nafardan ziyod qizaloqlar nafis sport turi bilan shug‘ullanayotgan bo‘lsa, milliy kurash, stol tennisi, voleybol, futbol kabi sport to‘garaklari ham bolalar bilan gavjum.
- Yutuqlarimiz chakki emas, - deydi murabbiy Umidjon Ochilov. – Joriy yilning aprel oyida 2000-2002 hamda 2003-2005 yillarda tug‘ilgan o‘smirlar o‘rtasida o‘tkazilgan milliy kurash bo‘yicha O‘zbekiston chempionati musobaqalarida 77 kilogramm vaznda yosh sportchimiz Siroj Ernazarov 1-o‘ringa sazovor bo‘ldi.
Maktabda mingga yaqin tuman yoshlari o‘zlari qiziqqan sport turi bilan muntazam ravishda shug‘ullanib kelishayapti. Ularning erishayotgan yutuqlari esa yildan yilga yuksalmoqda.
BAYRAMGA ENG MUNOSIB SOVG‘A
Keyingi paytlarda barcha tumanlarda bo‘lgani kabi Mirishkorda ham aholining mazmunli hordiq chiqarishini ta’minlash maqsadida bir qator xayrli tadbirlar amalga oshirildi. Joriy yilda tumanda 2 ta madaniyat va aholi dam olish markazi ishga tushirildi. Pomuqda iyun oyida ish boshlagan markaz 250 o‘rinli tomosha zali hamda turli to‘garaklar uchun mo‘ljallangan mashg‘ulot xonalariga ega. Pomuqlik yoshlar bu yerda doira, rubob, an’anaviy ijrochilik, tasviriy san’at, folklor va aktyorlik mahorati singari to‘garaklarda o‘z iste’dodlarini toblash, bilimlarini oshirish imkoniga ega bo‘lishdi. Shu yilning iyul oyi boshida esa Jeynov madaniyat va aholi dam olish markazi foydalanishga topshirildi.
- Bu biz uchun Istiqlolimizning 25 yilligiga eng yaxshi sovg‘a bo‘ldi, - deydi markaz direktori Hamro Sharopov. – Doira, rubob, karnay-surnay to‘garaklaridan tashqari bu yerda qizlarimiz uchun bichish-tikish to‘garagi faoliyati ham yo‘lga qo‘yildi. Foto-videostudiya esa yoshlarimizning qiziqishlariga juda mos keldi. O‘ylaymanki, markazimiz aholining eng sevimli go‘shalaridan biri bo‘lib qoladi.
Xullas, Mirishkorda bugun ana shunday manzaralarning guvohi bo‘lib, yuqoridagi kabi yaxshi yangiliklarni eshitasiz. Mustaqilligimizning 25 yillik tantanalarini esa tuman ahli yana qator yangiliklar bilan qarshi oladi. Qurilishi tugallanib, bayram arafasida foydalanishga topshirilishi mo‘ljallanayotgan bir qancha binolar tuman ahlining quvonchiga quvonch qo‘shishi tabiiy. Eng quvonarlisi esa, mirishkorliklar yuksak marralar sari dadil odimlar bilan ilgarilamoqda.
Xurshida ABDULLAYEVA
Sobir NARZIYEV olgan suratlar.