Меню

Қашқадарё

06.09.2016 1859

MILLAT MASH’ALLARI

Sohibqiron bobomiz Amir Temurning “Temur tuzuklari” asarini har gal varaqlaganimda xayolimdan shu kabi o‘ylar o‘tadi. Zero, Sohibqiron nomining tilga olinishi bilan yana qator muborak ismlar yodga kelaveradi: Amir Temurning vatanparvarligi o‘zidan avvalroq yashab o‘tgan, bizgacha ko‘hna rivoyatlar qatlarida yetib kelgan Shiroq, Spitamen kabi qahramonlar, mo‘g‘ullar bosqiniga qarshi ko‘ksini qalqon qilgan Jaloliddin Manguberdi, Temur Malik singari alplar jasoratidan quvvat olib, o‘z navbatida, keyingi avlodlarga shu jasorat, shu matonatni meros qilib qoldirdi. U va avlodlari hukmronlik qilgan davrda ko‘hna Movarounnahr har jihatdan gullab-yashnadi, rivoj topdi.

“Temur tuzuklari”ni ulug‘ sarkarda va amirning o‘z avlodlari – merosxo‘rlariga qilgan o‘git-nasihatlari, saltanatni boshqarishda o‘z tajribasiga tayanib aytgan xulosalaridan iborat qo‘llanma, deyish mumkin. O‘z millatining haqiqiy jonkuyari, yo‘lboshchisi sifatida Sohibqiron eng avval saltanatining mustahkamligi, sarhadlarining tinchligini ta’minlash uchun harakat qiladi, bor kuch-g‘ayratini shu ishga sarflaydi. Ulkan saltanat barpo etib, uni odilona yo‘riq asosida boshqarar ekan, xalq, ya’ni raiyat holidan mudom ogoh bo‘ladi. O‘z atrofida jipslashgan amirzodalar va bek-ayonlarni ham shunga da’vat etadi. Adolat uning eng birlamchi tuzugi edi. “Kuch - adolatdadir” kalomi Sohibqironning bir umrlik shiori bo‘lgan. Bu kalima “Temur tuzuklari”da ham ta’kidlanadi va Sohibqiron o‘z avlodlariga har ishda adolatga tayanib ish ko‘rish lozimligini uqtiradi. O‘z tajribasidan kelib chiqqan holda “Tuzuklar”da shunday yozadi:

“Ochiq yuzlilik, rahm-shafqat bilan xalqni o‘zimga rom qildim. Adolat bilan ish yuritib, jabr-zulmdan uzoqroqda bo‘lishga intildim”.

Umuman, mazkur asarni sinchiklab o‘qigan kishi Sohibqironning oqilona ichki va tashqi siyosatdan tashqari yana ikki tamoyil – adolat va bunyodkorlikka tayanib ish ko‘rgani ma’lum bo‘ladi. Bu tamoyillar Temurning har bir ishida, har bir tadbirida ko‘zga tashlanadi. Adolat mezoni bilan ish ko‘rish uning ko‘plab muzaffariyat va yutuqlariga, saltanat uzra mustahkam turishiga zamin yaratgan edi. Shu bois, Temur bu tamoyilni mahkam ushlagan va avlodlariga ham shuni uqtirgan edi. “Sulton har narsada adolatpesha bo‘lsin, qoshida insofli, adolatli vazirlar saqlasin, toki podshoh zulm qilgudek bo‘lsa, odil vazir uning chorasini topsin. Agarda vazir zolim bo‘lsa, ko‘p vaqt o‘tmay saltanat uyi qulaydi”, deydi u. Umr bo‘yi shu qoidaga amal qilgan Sohibqironning mamlakatni idora qilish uslubini o‘zga yurtlar tojdorlari ham kamoli diqqat bilan o‘rganganlari bejiz emas. Zero, tarixdan ma’lumki, o‘sha davrning ko‘zga ko‘ringan qudratli podsholari bizning bobomiz bilan hisoblashganlar, u bilan o‘zaro yaxshi munosabatda bo‘lishga intilganlar.

“Qudratimizga shak-shubhangiz bo‘lsa, biz qurdirgan binolarga boqing”. Bu mashhur ibora Temur ilgari surgan bunyodkorlik g‘oyalaridan kuch olgani sir emas. Ma’lumki, Sohibqiron davrida Movarounnahrning shaharu qishloqlari obod manzillar bo‘lgani, savdo karvonlari qatnaydigan yo‘llar atrofida minglab rabotu karvonsaroylar bunyod etilgani nafaqat tarixchilar solnomalarida, balki chet ellik sayyoh va diplomatlar esdaliklarida ham qayd etilgani barchamizga yaxshi ma’lum. Yurtini obod, xalqini to‘q-farovon ko‘rishga intilishdek ezgu shiorni o‘z oldiga maqsad qilib qo‘ygan Amir Temur o‘z farmoni bilan ko‘plab masjidu xonaqohlar, madrasayu saroylar qurdirishi barobarida boshqalarni ham shu kabi bunyodkorlik ishlariga da’vat etadi, rag‘batlantiradi:

“Xarob bo‘lib yotgan yerlar egasiz bo‘lsa, xolisa tarafidan obod qilinsin. Agar egasi bo‘lsa-yu, lekin obod qilishga qurbi yetmasa, unga turli asboblar va kerakli narsalar bersinlar, toki o‘z yerini obod qilib olsin”.

Temurning amri farmonida doimo bunyodkorlik amaliga katta ahamiyat qaratilgan. Zero, obod yurt taraqqiy topadi, bunday yurtda fayz-baraka bo‘ladi. Shuning uchun buyuk Sohibqiron “Xarob bo‘lib yotgan yerlarda korizlar qursinlar, buzilgan ko‘priklarni tuzatsinlar, ariqlar va daryolar ustiga yangi ko‘priklar qursinlar, yo‘l ustida har manzilgohga rabotlar qursinlar. Yo‘llarga kuzatuvchi va soqchilar qo‘ysinlar, har bir rabotga bir nechta odamni joylashtirsinlarki, yo‘llarni kuzatish va saqlash ishlari shularga tegishli bo‘lsin. Yo‘lovchilar mollarini g‘aflat bosib, o‘g‘irlatib qo‘ymasliklarining vazifasi ham o‘shalarning zimmasida bo‘lsin”, deb uqtiradi.

Albatta, Temur va temuriylar davriga xos bu qarashlar o‘sha zamon mutafakkirlari asarlarida ham o‘z aksini topib, insonparvarlik, xalqparvarlik g‘oyalari, Vatanni sevish, unga jonfidolik kabi fazilatlarning tarannum etilishiga turtki bo‘lgan. Ayniqsa, temuriylar zamonasining eng yirik namoyandasi, milliy adabiyotimizning benazir siymosi Alisher Navoiy ijodiyoti ayni shu g‘oyalar bilan sug‘orilganki, bu asarlar asrlar osha xalqimiz iftixoriga aylanib, jahon afkor ahlining hayratiga sazovor bo‘lib kelayotir. Ma’lumki, Navoiy nafaqat ijodkor, mutafakkir, balki davlat arbobi ham edi. Temuriy shoh Husayn Boyqaro saroyida avval muhrdor, so‘ngroq amir hamda vazir lavozimlarida faoliyat ko‘rsatgan bu buyuk inson adolatu bunyodkorlikni mahkam tutgan zot sifatida ezgulik g‘oyalarini o‘z asarlarida ifodalab, amallarida aks ettira bildi. Yuksak gumanizm g‘oyalari, komillikka erishish orzusi Alisher Navoiy ijodining eng asosiy leytmotivini tashkil etadi. Yurtni sevish, Vatanga sadoqat, xalq qayg‘usi bilan yashash Navoiy asarlarida aks ettirilgan deyarli har bir ijobiy qahramon uchun xos fazilat. Farhod, Bahrom yoki Iskandar kabi shohu shahzodalar timsolini gavdalantirar ekan, Navoiy ular orqali adolatga asoslangan davlat va jamiyat barpo etish haqidagi ezgu orzularini bayon etadi. Shu bilan birga, uning oddiy xalq vakili bo‘lgan qahramonlari ham shunday: adolatni o‘zlari uchun eng muhim qoida deb biladilar va shu yo‘lda, shart bo‘lsa, o‘z jonlarini ham tika oladilar.

Navoiy o‘z asarlarida bunyodkorlik g‘oyalarini ham keng tarannum etgan ijodkordir. Eslang: Armanistonga borgan Farhod arman xalqining suvga bo‘lgan ehtiyojini qondirish va sevgilisi Shirinning istagini amalga oshirish uchun tog‘ni teshib, ariq qazadi, suv keltiradi. Undan avvalroq, asarning boshida Chin podshosi Farhodning ko‘nglini ovlash uchun ajib saroylar qurdirgan edi. “Sab’ai sayyor” dostonida shoh Bahromning diliga taskin, dardiga shifo bag‘ishlash maqsadida ham saroylar qurilib, bunyodkorlik ishlariga zo‘r beriladi. Yoki “Xamsa”ning so‘nggi dostoni qahramoni Iskandarni oling. U yurtida tinchlik, farovonlikni barqaror qilib, yana bir katta ezgu ishga qo‘l uradi: ya’juj-ma’jujlar, ya’ni yovuzlik yo‘lini to‘sadigan ulkan devor barpo etadi. Bu kabi obodonchilik, bunyodkorlik ishlarini ulug‘ shoir o‘zgacha zavqu shavq bilan qalamga oladi. Amir, vazirlik chog‘larida, hatto davlat ishidan chekingan paytlarida ham Navoiy obodonchilik, bunyodkorlik ishlariga katta ahamiyat qaratgan, katta-katta mablag‘lar sarflab, el-ulus manfaatiga xizmat qiladigan madrasalar, xonaqohlar, shifoxona va xayriyaxonalar qurdiradi. Buyuk mutafakkirning bu kabi ezgu ishlari esa uni asarlaridan kam mashhur qilmagan: xalq, el-ulus orasida Navoiyning obro‘-e’tibori nihoyatda yuqori bo‘lganini tarixchilar keltirgan misollar orqali bilish mumkin. O‘sha davrda buyuk shoir ko‘plab iste’dod egalarining pushtipanohi bo‘lgan, yetim-yesirning boshini silagan. O‘z asarlarida tarannum etgan komil inson qiyofasini boricha o‘z shaxsiyatida namoyon etishga intilgan ulug‘ mutafakkirning quyidagi mashhur bayti eng avval uning o‘z shioriga aylangan:

Odamiy ersang, demagil odami,

Onikim yo‘q el g‘amidin g‘ami.

Yana bir millatdoshimiz – Zahiriddin Muhammad Bobur ham o‘z hayoti hamda faoliyati davomida shu qoidalarni o‘ziga shior deb bilgan shoh, sarkarda va mutafakkir edi. Bobosi Temurga har jihatdan munosib avlod bo‘lmish Bobur taqdir hukmi tufayli Vatanidan olisda – Hindda qurgan saltanatida adolatni o‘zi uchun asosiy qoidayu bunyodkorlikni bobomeros vazifa deb bildi. Manbalarda hindlar Boburga “Darvesh shoh” deya laqab berganlari aytiladi. U saltanatni boshqarish ishlarida qat’iylik, sabot ko‘rsatish bilan birga haqni nohaqdan ustalik bilan ajratib, ko‘p masalalarda ayrim tojdorlar kabi o‘z atrofidagi laganbardorlar gapi bilan emas, qalbining amri bilan ish tutgani, yaqinlari, umuman, inson zotiga ayricha hurmat bilan yondashgani uchun ham shu nomni orttirgandi.

Turlicha din va millat vakillarining o‘zaro tinchlik-totuvlikda yashashlari uchun sharoit yaratishga intilgan Bobur mamlakatda ko‘plab bog‘lar, saroylar barpo etdi. Uning farmoni bilan barpo etilgan “Bog‘i Shahraro”, “Bog‘i Jahonoro”, “O‘rtabog‘”, “Bog‘i vafo”, “Bog‘i Bobur” kabi bog‘lar Hindistonning mashhur va so‘lim go‘shalariga aylandi. Hind xalqiga yaqinlashishga harakat qildi, ularning urf-odat va an’analariga hurmat bilan qaradi.

Vatanini joniday sevgan, biroq taqdirning achchiq zarbi tufayli undan ayro yashashga majbur bo‘lgan bu ulug‘ zot o‘z asarlarida shu Vatanning bir parchasini tarannum etdi. Ayniqsa, “Boburnoma” asarida u Vatan manzaralarini ayricha muhabbat, hassos til bilan bayon etgani o‘quvchini lol qoldiradi. Bu satrlarni o‘qir ekansiz, o‘zingiz bilgan, ko‘rgan yurt manzarasining o‘sha davrdagi qiyofasi ko‘z oldingizda to‘la namoyon bo‘ladi. Ayniqsa, ota yurti Andijon, temuriylar poytaxti Samarqand, ko‘hna Qarshining o‘sha davrdagi qiyofasini sinchkov olim, usta kuzatuvchi kabi chizib, gavdalantirib beradi.

Yurt sog‘inchini g‘azalu ruboiylariga jo etgan Boburdagi Vatan tuyg‘usi to hanuz yuraklarga cho‘g‘ solishga qodir. Bu jihat bizni shu yurt, shu zaminni jonday sevishga chorlaydi.

“Tarix bir maktab bo‘lsa, buyuklar shu maktabning ustozlaridir”, degan edi mutafakkirlardan biri. Bu buyuklarning o‘gitlari bitilgan sahifalar esa sizu biz uchun muqaddas saboq manbaidir.

Xurshida ABDULLAYEVA

 

Сайт материалларидан тўлиқ ёки қисман фойдаланилганда веб-сайт манзили кўрсатилиши шарт!