Меню
Қашқадарё
MEN BILGAN OCHUN
Zoologiya darsligida suv tubida hayot kechiradigan bir hujayrali mitti jonzot – amyoba haqida o‘qigan edim. O‘qituvchimiz u haqida gapirib berarkan, “yashab ketishi uchun xatarni his qilgan amyoba sistazi – ya’ni o‘z tabiiy qobig‘i ichiga berkinsa bormi, uni lazer nuri ham teshib kirishi qiyin”, degan edi.
Darhaqiqat, tabiat qonunlariga ko‘ra, ojizlik qanchalik kuchli bo‘lsa, jonzotning himoya uslubi ham shu qadar kuchli bo‘ladi.
***
Ahmoqning eng katta ahmoqligi o‘zining ahmoqligini bilmasligida.
***
Samimiyat har qanday sohada omad garovidir.
***
Ba’zan maqsadga yetish uchun yarim qadamgina yo‘l qoladi. To‘g‘ri yo‘l. Biroq inson zoti mug‘ombirlikni tanlaydi, oqibatda esa maqsadiga erisholmaydi.
***
Inson qilishi mumkin bo‘lgan eng katta kashfiyot - o‘z-o‘zini kashf etmoqlik.
***
Insonning insonga qiladigan eng katta ezguligi shirin xotiralar qoldirish bo‘lsa kerak. Eng katta yovuzligi esa uni bunday xotiralardan judo qilish...
***
Olamda bag‘rikeng odamning bag‘rikengligini suiiste’mol qilishdan ham ortiqroq xudbinlik bormikan?..
***
Yorug‘ olamda So‘zdan og‘irroq yuk, So‘z uvolidan og‘irroq gunoh bo‘lmasa kerak. Odamni tosh otib o‘ldirib bo‘lmas, ammo bir kalima yomon So‘z uni o‘ldiradi! Otilgan o‘q bir kishini yiqitishi mumkin, qarg‘ish yetti pushtini quritadi!
Qo‘rqish... Qo‘rqish kerak So‘z uvolidan...
***
Siz uchun muqaddas tuyg‘uning o‘zga uchun sariq chaqaga arzimasligi... alam qilmaydimi?!
***
Insonga xos illatlardan biri – e’tirofga muhtojlik. Har qaysi jabha, har bir faoliyatda e’tirof kutadi inson, bu esa qanchalik tabiiy bo‘lmasin, qaysidir ma’noda baribir illat.
Ammo, tanho Muhabbatdagi e’tirof kutishgina illat emas, ehtiyojdir!
***
Hayotimizdagi barcha ikir-chikirlarni bir joyga yig‘ib yaxlitlasak, ulkan ehtiyojni barpo qilgan bo‘lamiz. Yashash ehtiyoji!
***
Aslida butun faoliyatimiz faqat ehtiyojdan iborat. Turmushimizda ehtiyojdan bo‘lak hech narsa yo‘qday go‘yo. Savob amallarni, shuningdek, barcha yaramas ishlarni qandaydir ehtiyoj tufayli amalga oshiramiz.
Ehtiyoj – tiriklik va harakat degani! Ehtiyoj – ezgulik va yovuzlik degani!
***
Yolg‘onchi odam o‘zi aytayotgan yolg‘onning haqiqat ekaniga qattiq ishonadi. Rostgo‘y inson og‘zidan chiqayotgan gapning haqiqat ekaniga hamma vaqt biroz shubha bilan qaraydi...
***
Barcha insonlarga xos yana bir illat, nomukammallik shundaki, u o‘z kamchilik va nuqsonlarini boshqa birovda ko‘rishga moyil bo‘ladi.
***
Qarama-qarshi fikrga ega bo‘lish na tafakkur, na xudbinlik nishonasi. Bu odat shunchaki insonning o‘ziga xosligidandir.
***
Aqlli odam aqli yetmay qolgan o‘rinlarda jaydarilikni niqob qilib oladi.
***
Yolg‘onchi odam – qo‘rqoq, qo‘rqoq odam – yolg‘onchi bo‘ladi.
***
Inson jamiyatga bandi ekanini, o‘zining jamiyat tomonidan boshqarilayotganini har doim ham sezavermaydi. Buni bugun o‘zim sira yoqtirmaydigan – tirsagiga yamoq yopishtirilgan zamonaviy urfdagi pidjakni sotib olganimda his qilib qoldim...
***
Bemorning sog‘ayishi uchun tibbiyot ham, tabobat ham oddiy bir vosita. Sog‘ayish uchun yagona sabab aslida Ishonchdir.
Bayram ALI