Меню

Қашқадарё

02.05.2017 1380

MAKTUBLARNI OCHGANDA...

Yakkabog‘lik Nargiza Moyliyeva bizga yuborgan maktubida “Assalomu alaykum” kalimasining qadri, ma’no-mohiyati to‘g‘risida fikr yuritgan. Turli manbalar asosida salomlashishning ma’nosi va ahamiyati haqida so‘z yuritgan muallif o‘z e’tiborini yoshlarning salomlashishlariga qaratadi.

“Yoshlarning salomlashishlarini kuzatdim... O‘g‘il bolalarning salomlashishi ajablanarli hol ekan, ikki do‘st bir-biri bilan boshlarini qo‘chqordek urishtirib salomlashayapti... Qizlar esa salom kalimasini qisqartirib, “assalom”, “assam”, “s...som” tarzida berishadi. Bu go‘yo ular orasida “moda”ga aylangan. Yanayam qizig‘i, jamoat joylarida, har kuni o‘qishda bir-birini ko‘radigan dugonalar o‘pishib ko‘rishishlari shartmikan?”

Shu fikrlarni bildirgan muallif salom so‘zini to‘la, chiroyli va samimiy tarzda talaffuz qilish lozimligini uqtiradi.

Yana bir yosh gazetxon – Qarshi shahrilik Nodir Norto‘rayev ham o‘rnak bo‘ladigan voqea – soliqlarni o‘z vaqtida to‘lamaydigan kishilarga o‘rnini topib berilgan tanbeh haqida yozibdi. Uning shu voqeani badiiy talqin qilishga qaratilgan hikoyasi “Vatan tuyg‘usi” deb nomlangan. Hikoyada ikki qo‘shni misolida soliq to‘lashga bo‘lgan ikki xil munosabat ochib beriladi. Qo‘shnisining hayotiy misollar yordamida tushuntirishlaridan so‘ng hikoya qahramoni Sattor aka soliqlarni o‘z vaqtida to‘lashga qaror qiladi:

“Sattor aka jim bo‘lib qoldi, Botir aka esa so‘zini davom ettirardi:

 - E qo‘shni, siz davlat xizmatidagi odamdan qochasiz, axir. Tejamkor bo‘lsangiz, shu soliqlarni bemalol to‘lashga qurbingiz yetadi-ku! Siz pulingizni he yo‘q, be yo‘q sarf qilaverib, qarzingizni vaqtida uzmasangiz, ko‘payib boraveradi-da! Yana o‘zingiz bilasizu ammo hozir yaxshi ish qilmadingiz...

Botir aka inspektor tomon yo‘l oldi. Sattor aka esa uyalganidan qizarib, joyida qotib qoldi. “O‘z yurtimning rivojiga hissa qo‘shish meniyam qo‘limdan keladi”, deb o‘yladi u va Botir akaning izidan yugurdi...”

Qamashilik taniqli ijodkor Momoxol Elmurodova O‘zbekiston Qahramoni Muhabbat Sharapova faoliyatiga bag‘ishlangan maqolasini “Eng suyukli ustoz” deb nomlagan. Unda o‘qituvchining hayot yo‘li, tajribasi, fikr-mulohazalariga keng o‘rin berilgan. Maqola muallifining “Qahramonlikning mas’uliyatini qanday his etayapsiz?” degan savoliga Muhabbat Sharapova shunday javob qaytaradi:

“Qahramonlikning yuki og‘ir bo‘lar ekan. Oldin 500 kishiga xizmat qilgan bo‘lsam, endi butun respublika ahliga xizmat qilishim kerak. El ko‘zida bo‘lish va katta mas’uliyat talab etadi... Onam rahmatli “Xalqning bolalarini o‘qitish uchun yaratilgansan”, der edilar. Men o‘zimni o‘quvchilarimsiz tasavvur qilolmayman. O‘zbekistonday go‘zal yurtda tug‘ilgan ekanman, bu mening baxtim. Shu el uchun, vatan uchun doim xizmat qilishga tayyorman va buning uchun xudodan kuch tilayman...”

Darhaqiqat, ustozlik – oliy rutba, muqaddas va mas’uliyatli vazifadir. Zero, o‘sib kelayotgan yosh avlodni har jihatdan barkamol qilib tarbiyalashda ustoz-murabbiylarning xizmatlari katta. Yoshlarni turli g‘oyaviy tahdidlardan asrashda esa ma’naviy qadriyatlarimiz, muqaddas manbalar muhim rol o‘ynaydi. Abdulaziz Maxsumov tahririyatimizga yo‘llagan maktubida shu xususda so‘z yuritgan.

“Bugun dunyoning turli burchaklarida din niqobi ostida, balandparvoz shiorlar bilan bajarilayotgan xunrezliklarning muqaddas Islom diniga mutlaqo aloqasi yo‘q, balki dinimizning musaffo ta’limotiga umuman to‘g‘ri kelmaydigan, mutaassiblikka olib borayotgan fitnalardir. Zero, Islom dinida begunoh qon to‘kish, zulm, fitna qoralanadi, insonlar o‘rtasida sovuqchilik, bo‘linish – tafriqaga olib keladigan har qanday aqidaga dinimiz qarshi bo‘lib kelgan”, deyiladi maktubda. Albatta, bunday g‘oyaviy tahdidlarga qarshi turish har bir ma’naviyatli insonning vazifasidir. Kitob tumanilik Sitora Sharipova bizga yo‘llagan maktublardagi mulohazalar ham yuqoridagi fikrlarga uyg‘un. “So‘nggi paytlarda ommaviy axborot vositalarida jahon mamlakatlarida terrorchilik harakatlari keltirgan kulfatlar to‘g‘risida ko‘p ma’lumotlar berilmoqda, - deb yozadi Sitora Sharipova. – Terrorizm qayerda bosh ko‘tarmasin, uning oqibatida insoniyat boshiga turli kulfatu musibatlar tushmoqda. Bu balo insoniyat sivilizatsiyasiga xavf solayotgan ekan, hamma yerda unga qarshi jiddiy va uzluksiz kurash olib borish talab etiladi. Bu kurashda esa faqat qurol kuchiga ishonishning o‘zi yetarli emas, balki odamlar, ayniqsa, yoshlar ongi va qalbini asrash uchun harakat qilmog‘i zarur...”

Keyingi xatida muallif bu kabi g‘oyaviy tahdidlar asosan internet saytlari orqali ongimizga kirib kelayotganini kuyinib yozadi va barchani ogohlikka, hushyorlikka chorlaydi.

Qarshi tuman servis va tadbirkorlik kolleji o‘qituvchisi Sevara Qudratovaning “Yoshlarimiz buyuk ajdodlarimizga munosib avlod bo‘lsin” sarlavhali xatida mamlakatimizda olib borilayotgan yoshlar siyosatiga doir chora-tadbirlar to‘g‘risida fikr-mulohazalar keltirilgan. Muallif bugungi kunda yoshlarning o‘zlari istagan sohaning yetuk mutaxassisi bo‘lib yetishishlari uchun yaratilgan sharoitlar haqida so‘z yuritar ekan, bunga munosib bo‘lish lozimligini ta’kidlaydi. Bu esa o‘qituvchi pedagoglarga ham bog‘liq:

“XXI asr – intellektual boylik, yuksak bilim va salohiyat talab qiladigan davr. Davlatimiz va jamiyatimizning bugungi kuni va kelajagi uchun eng muhim bo‘lgan sog‘lom va barkamol avlodni har tomonlama yetuk qilib tarbiyalash barchamiz uchun g‘oyat muhim va mas’uliyatli vazifaga aylandi...”

Kasbi tumanilik Azamat Usmonov yuborgan maktubda esa inson ma’naviyati haqida so‘z boradi. Boshqalarga yaxshilik qilish, ezgulik ulashish hamda savob amallarning etagini tutish insonni ma’nan yuksaltiradi, uning darajasini osmon qadar ko‘taradi. Quyidagi fikrlar esa har bir kishini o‘ylash, mushohada yuritishga chorlaydi:

“Shunday ekan, qilayotgan amallarimizga bir nazar solaylik-chi, bu o‘tkinchi dunyoda qanday yaxshi amallarni bajarayapmiz? Ota-ona, aka-uka, qarindosh va qo‘shnilarning haqqini beminnat ado etayapmizmi? Yana ham chuqurroq o‘ylab ko‘rib, keyin qaraylik-chi, o‘zimiz qolib, birovlarning aybu nuqsonini izlash bilan ovora emasmikinmiz? Ko‘nglimizni, xulqimizni, ikki dunyomizni bezash qolib, boshqalarga loy chaplash bilan mashg‘ul emasmikinmiz?..”

Xotira – muqaddas tushuncha. O‘tganlarni yod etish – har bir yuksak ma’naviyatli shaxsning eng mo‘tabar vazifasi. Yakkabog‘lik faxriy o‘qituvchi Qo‘chqor Eshpo‘latov bizga yo‘llagan maktubida 9-may – Xotira va Qadrlash kuni haqida to‘xtalib, o‘z ijod namunasi – O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimov xotirasiga bag‘ishlangan she’rini ilova qilgan. She’rda shunday satrlar bor:

Ezgu ishlaringiz eslaymiz shu dam,

Siz obro‘ topdingiz xalq orasidan,

Nomingiz abadiy bo‘lar mujassam,

Buyuklar kitobin sahifasidan...

Xullas, yuqoridagi singari xat va maqolalar doimiy e’tiborimizda. Ularni o‘qib, aziz gazetxonlar, yurtdoshlarimizning fikr-mulohazalari, o‘y-tashvishlari bilan yaqindan tanishamiz, ular bilan dildan suhbatlashganday bo‘lamiz. Zero, maktub – dil oynasi, deb bejiz aytilmagan...

TAHRIRIYAT

Сайт материалларидан тўлиқ ёки қисман фойдаланилганда веб-сайт манзили кўрсатилиши шарт!