Меню
Қашқадарё
MA’NAVIYAT MEZONI
Hamrohlarimdan biri "Opa, iltimos, baklashkani yerga emas, maxsus qutiga tashlang!" deya ayolni ogohlantirgach, u bir qizardi-da, istar-istamas talabni bajardi. Bizning suhbatimiz esa shu mavzuga burildi. Hammamizda o‘z-o‘zidan savollar tug‘ila boshlagandi:
- Nega chiqindini sal narida - ikki-uch qadamcha uzoqlikda turgan "urna"ga tashlashga erinamiz?
- Loqaydlikdanmi bu yoki..?
«NIMA BO‘PTI?!»
Bir multfilm bo‘lardi. Uning qahramoni begemotcha atrofidagi har qanday voqeaga befarq qaraydi, na hayratlanadi, na g‘azablanadi, na pinagini buzadi. Doimiy gapi bitta: nima bo‘pti?!
Oramizda dunyoqarashi keng, atrof-muhit musaffoligiga o‘zini mas’ul deb biladiganlar ko‘pchilik. Ammo besh qo‘l barobar emas-da! Hamrohlarimdan biri ayrimlarning bunday nojoiz xatti-harakatiga "urna", ya’ni maxsus chiqindi qutilarining bir-biridan uzoqroq masofaga qo‘yilganini sabab deb bildi. Qutilarni imkon qadar har bir o‘rindiq yoniga qo‘yib chiqish kerakmikin? O‘tirib, monitordan biror nima tomosha qilayotgan yoki suhbatdoshi bilan berilib gaplashayotgan odam o‘rnidan qimirlagisi kelmasligi mumkin-da!
Boshqa birov esa aybni ularning o‘ziga ag‘dardi:
- Ming gapir, ming ogohlantir, amal qilishni istamagan odam baribir amal qilmaydi. Yoniga qo‘yib qo‘ysangiz ham shu ahvol. Tushuntirib bo‘lmaydi, agar "Bu ishing noto‘g‘ri, shunday chiroyli joyni iflos qilayapsan", desangiz, ayrimlar pinagini buzmay "Iflos bo‘lsa, senga nima? Sen qurib qo‘yibsanmi?" deydi.
Darhaqiqat, ularning nazdida, dam olish joylari, xiyobon va istirohat bog‘lari hammaniki, har kim istaganicha foydalanishi, o‘zini istaganicha tutishi mumkin. Lekin bu madaniyatlilikni ham belgilashini unutmaslik lozim.
Avvalo, ko‘pchiligimiz atrof-muhitga o‘ta befarq munosabatdamiz: "Nima bo‘lsa, bo‘laversin, menga nima?", "Toza tut, ozoda saqla, deyverishadi-da, qo‘yilgan xizmatchilar tozalamay nima qiladi?" qabilida yon-atrofimizga e’tiborsizlik, loqaydlik bilan yondashishga o‘rganib qolganmiz. Bu holga shu qadar ko‘nikib qolganmizki, shahar ichidagi yashil hududlar, ko‘ngilochar maskanlarda tozalikka rioya qilish lozimligi masalasi nazarimizda juda mayda, arzimas gapday ko‘rinadi. Ayrimlarga bu haqda gapirsangiz, "Nima bo‘pti, shu bilan osmon uzilib yerga tushibdimi?" degan istehzoli javob olasiz. Oqibatda gapingiz o‘z kuchini yo‘qotib, hatto o‘zingizda ham o‘ta mayda mavzuni tilga olganga o‘xshash kayfiyat tug‘iladi. Xuddi o‘sha multfilmdagi begemotcha singari atrofdagi holatga befarq: "Nima bo‘pti?" deya pinak buzmay turaverishga odatlanasiz.
ARZIMAS NARSA...MI?
Navbatdagi savol tug‘iladi: xo‘sh, nega shunday o‘ylashadi? Axir atrof-muhit muhofazasiga e’tiborsizlik ko‘plab ekologik muammolarni keltirib chiqarayotgani sir emas-ku! Barcha ulkan muammolar aslida oddiygina, arzimas tuyuladigan ishdan boshlanadi-ku! Bunga Qarshi muhandislik-iqtisodiyot institutida ekologiya va atrof-muhit muhofazasi yo‘nalishida tahsil olayotgan 3-bosqich talabasi Javohir Rustamov shunday munosabat bildirdi:
- Buning boisi, menimcha, ayrimlarning bilimsizligida. Ya’ni ularda ekologiyaga doir bilim "nol" ko‘rsatkichda, faqat ekologiya degan so‘znigina bilishadi. Uning tub mohiyatidan, oddiygina baklashka yoki sellofan xaltacha keltirib chiqaradigan zarar yig‘ilib-yig‘ilib, global muammolarga - atmosfera ifloslanishi, iqlim o‘zgarishi, yerlarning degradatsiyasiga olib kelayotganidan mutlaqo bexabar. Agar ular ekolog olim, mutaxassislar ko‘rib, anglab turgan muammolaru kelajak haqidagi tahlikali bashoratlardan yetarlicha xabardor bo‘lishsa, bunday yo‘l tutishmasdi.
Eng yomoni, bu salbiy odat bolalarning ko‘z o‘ngida bo‘layapti. Qush uyasida ko‘rganini qiladi, degan naql bor. Bolalarga nimani o‘rgatayapmiz? Nimani qoldiramiz? Bir uyum chiqindinimi? Buni har bir kishi yaxshilab o‘ylab ko‘rishi kerak...
SHAHAR KIMNIKI?
Saranjom-sarishtalik - madaniyatning muhim mezonlaridan biri. Shu bois o‘zimiz yashaydigan, o‘zimizga tegishli bo‘lgan uy, hovlida shu mezon o‘lchovlariga xos harakat qilishga odatlanganmiz. Chunki o‘zimizniki-da. A shahar-chi?!
Bu yerda bir jihatdan ko‘z yumib bo‘lmaydi: shu shahar, shu yurt, shu tabiatni o‘ziniki deb bilmaslik, "shukrona ne’mat" deb ataladigan tuyg‘uning yo‘qligi. Agar shu tuyg‘u bo‘lganida, o‘z uyini toza-ozoda saqlashga qanchalik harakat qilinsa, millionlab-milliardlab mablag‘ evaziga bunyod etilgan go‘zal maskanlarga ham zarar yetkazmaslikka shunchalik tirishilar edi. Dam olish maskanlarida tozalikka rioya qilmaydiganlar uyda o‘zlarini bunday tutishmasa kerak. Hamma joyni toza-ozoda saqlashga, xonalar yo hovliga biror zarar-shikast yetmasligiga harakat qiladilar, oilaning qolgan a’zolaridan ham shu talab etiladi. Xo‘p, uy o‘zingizniki. Shahar-chi? Shu yerda yashaysizmi, demak, shahar ham sizniki, bizniki, hammamizniki. Uydagi toza-ozodalik, orastalik shaharda ham bo‘lishi shart. Iflos-ivirsiq uyga mehmon kelsa, qanchalik xijolat tortib, uyalsak, shahrimiz uchun ham shunday hisni tuyishimiz kerak: yashab turgan hududimiz xunuk, betartib bo‘lsa, o‘zimiz uyatga qolamiz axir! Qolaversa, davlat barpo etib berayotgan bu kabi go‘zal maskanlar faqat va faqat shu yerda yashovchilar uchunligini ham unutib qo‘ymaslik kerak. O‘zimiz uchun yaratilgan ne’matning qadrini bilmasak, u bizni tark etishi tayin. Bu haqda muqaddas manbalarda juda ko‘p misollar, hikmatlar keltirilgan.
Keyingi paytlarda birgina Qarshi shahrida katta o‘zgarishlar ro‘y berdi. Shahar salqinligini ta’minlaydigan favvoralarning soni 30 ga yaqinlashdi. Qashqadaryo ustidagi ko‘prik va uning atrofi bir yilga yaqin muddat ichida butunlay qayta chiroy ochib, jannatmonand maskanga aylandi. Bu favvorali xiyobonu daryo sohilida sayr qilgan kishining bahri dili ochiladi. Lekin oyoq ostiga - ne-ne mehnatu zahmat evaziga o‘stirilgan maysalar orasi, daraxtlar tagiga e’tibor bersangiz, dunyoning lash-lushi shu yerda yig‘ilganday taassurot uyg‘onadi: saqich qog‘oz, baklashka qopqog‘i, pista po‘choqlari, turli xil o‘ramlar, bir martalik sochiqchalaru sellofan xaltachalarni ko‘rasiz. Favvoralar hovuzi qizil, sariq, qora, xullas, "kamalak rangi"dagi baklashka qopqog‘i bilan to‘la.
Bir haftacha burun hamkasblar bilan Amir Temur ko‘prigi atrofiga sayrga chiqqanimizda shundoqqina ko‘prik tagida suvda suzib yurgan baklashkalarni ko‘rdik. Tasavvur qilish qiyin emas: ichidagi ichimlikni maza qilib sipqorgan odam uzoq o‘ylab o‘tirmasdan idishni suvga uloqtirib qo‘ya qolgan. Kunda-kunora obodonlashtirish idoralari ishchilarining suv bo‘yida qo‘llarida kapalak tutiladigan to‘rli langarcho‘p bilan baklashkalarni "ovlab" yurganlarini ko‘rish mumkin. Ular suvni qayta-qayta tozalashar, biroq dam oluvchilar sohil va suvni ifloslantirishdan qachon to‘xtaydi?
JAZOLASH KERAKMI?
Odatda qonunni buzgani, yo‘l harakati qoidasiga amal qilmagani uchun har bir shaxs muayyan jazoga tortiladi. Bu chorani nega go‘zal maskanlarni ifloslantirayotganlarga qarshi qo‘llash mumkin emas? Aholi dam olish go‘shalarida o‘z kasbi bo‘yicha malakaga ega, avvalo o‘zi atrof-muhitga to‘g‘ri munosabatda bo‘ladigan maxsus nazoratchilar qo‘yilishi, ular tozalikka rioya qilmagan odamlarni ogohlantirib, lozim bo‘lsa, jarimaga tortishi, ustiga-ustak tashlagan chiqindisini olib, maxsus joyga eltib tashlashga majbur qilishi ma’qulmikin, degan o‘yga borasan kishi. To‘g‘ri, bunday joylarga odamlar hordiq chiqarish, yashillikdan bahra olish uchun boradi, qattiq-quruq tanbeh ularning kayfiyatini buzishi mumkindir, lekin, harholda, ozodalik qoidasiga befarq qaraydiganlarda asta-sekin ko‘nikma paydo bo‘ladi-ku! "Qo‘limdagi pista po‘choqni solish uchun uydan biror nima olvolay, bog‘da gap eshitaman, jarima to‘lab yurmay tag‘in", degan fikr shakllanadi-ku!
Atrof-muhitga munosabat odamning qay darajada madaniyatli ekanini ham belgilaydi. Madaniyatli kishi esa shahar-qishloqlarning obodlashayotgani, ko‘rkam maskanlar soni ko‘payayotgani o‘zi, oilasi, yaqinlari uchun, el, xalq uchun ekanini chuqur anglaydi, ongli ravishda bu joylarni asrab-avaylashga harakat qiladi. Xuddi o‘z uyini toza-orasta saqlagani kabi jamoat joyida ham tartibga, ozodalikka qat’iy amal qiladi. Harholda, bular - bizning o‘ylaganlarimiz, ko‘rganlarimiz haqidagi mulohazalarimiz. Atrof-muhitga munosabatni esa har bir shaxsning o‘zi, bilimi, dunyoqarashi, madaniyatidan kelib chiqqan holda belgilaydi...
Xurshida ABDULLAYEVA