Меню

Қашқадарё

10.03.2016 1632

LAETOLIDAGI IZLAR KIMNIKI?

VULQON VAYRONASIDAGI SO‘QMOQ

1978-yilda Sharqiy Afrikada ibtidoiy odam qoldiqlarini topish bo‘yicha qidiruv ishlarida muhim rol o‘ynagan paleoantropolog va yozuvchilar oilasining vakilasi Meri Liki Laetolida qazish ishlarini olib boradi. Mazkur qishloqdan 20 kilometr narida so‘ngan Sadiman vulqoni joylashgan. Qariyb to‘rt millioncha yil avval u harakatdagi vulqon edi. Bir safargi otilishida mazkur vulqon tuzilishi mayda daryo qumini eslatuvchi karbonat kulini yer yuziga itqitib tashlaydi. Vulqon otilishi, aftidan, bir sutkadan ortiq davom etmagan. Lekin butun tevarak-atrof bir santimetr qalinlikdagi kul qatlami bilan qoplangan. Vulqon otilganidan so‘ng darrov yomg‘ir yog‘adi. Kul ivib qoladi, uning yuzida xuddi endigina yotqizilgan asfaltda qolgani kabi bu yerdan nima yurib o‘tgan bo‘lsa, izi qolaveradi: fillar, jirafa, antilopa, karkidon, to‘ng‘iz... kabi. Keyin bu izlarni tropik quyosh quritadi. Meri Liki guruhi shu kul qatlamiga qadar kavlab kelib, filning bir nechta yirik iziga duch kelishdi, bu izlar yonida esa odam oyog‘i iziga juda o‘xshash bo‘lgan izlar zanjiri bor edi. Bu aql bovar qilmas topilma edi: chunki odamning kelib chiqishi haqidagi rasmiy fanda amal qilgan nazariyaga ko‘ra, gominidlar (odam ajdodlari) faqat uchlamchi davrga kelibgina (to‘g‘rirog‘i, 1,8 million yil avval, undan ilgari emas), tik yuradigan bo‘lishgan. Olimlar esa 3,7 million yil oldin qoldirilgan izlarni topishgandi. Bu esa odam evolyutsiyasining davriylik shkalasi haqidagi ilmiy tushunchani bosh-oyoq o‘zgartirib yuborardi. Hatto ekspeditsiyaning ayrim a’zolari izlar shunchalik uzoq vaqt mobaynida saqlanib qolishi mumkinligiga ishonishlari qiyin bo‘ldi. Bu topilma nufuzli olimlar o‘rtasida qanchalik qizg‘in bahs va e’tirozlarga sabab bo‘lganini tasavvur qilsa bo‘ladi. Biroq davr to‘g‘ri aniqlanganiga Merining ishonchi komil edi, bu qadimiy izlar odamning tik yuruvchi ajdodi tomonidan qoldirilgan. O‘zining komil ishonchiyu g‘ayrat-shijoatini u barcha safdoshlariga yuqtirdi va ish qizib ketdi. Paleontologlarning birgalikda zo‘r berib ishlashlari natijasida 23 metr masofada elliktacha izdan iborat halqa topildi. Izlarni yemirilishdan saqlash uchun Tim Uayt ularning ichiga juda kam miqdorda quyilgan maxsus qotirgichdan foydalandi. Amerikalik Luiza Robbins tekshirib ko‘rib, oyoq izlari haqiqatda ikki nafar gominid (qadimgi odamsimon maymun)ga tegishli ekani haqidagi nuqtai nazarni bayon qildi. Ehtimol, ikki odam birga yurishgan, ulardan biri (oyoq kafti o‘lchovi kattarog‘i) erkak, boshqasi esa taxminlarga ko‘ra homilador ayol bo‘lgan. Izlarga qaraganda, bu turga mansub gominidlar million yildan kam bo‘lmagan vaqtdan beri ikki oyoqda yurgan.

DARAXTDANMI YOKI DARAXTGA?

Meri Liki o‘sha yilning o‘zida AQShga keladi va topilma haqida jurnalistlarga so‘zlab beradi. Uning kashfiyoti dunyo olimlarini hayratga soldi. Nazariya tarafdorlari hatto Merini qalbakilashtirishda ayblashga urinishdi. Darvin ta’limotiga ko‘ra, qoldiqlari topilgan maymun uchlamchi davrga mansub driopitek (daraxtda yashab, mevalar bilan oziqlanuvchi qadimgi maymun, qoldiqlari Sharqiy Afrika va Yevroosiyodan topilgan) bo‘lib, daraxtdan yerga tushgan va tik turib yuruvchiga aylangan. Engels o‘zining mehnat nazariyasini darvincha ta’limotga ilova qilgan holda, mazkur qarashni yanada rivojlantirdi. Engels ta’limotiga ko‘ra, qo‘lning rivojlanishi va mehnat tufayli maymun odamga aylangan. Lekin ko‘pchilik olimlarda maymun odamning ajdodi ekaniga shubha uyg‘otadigan jiddiy bir jihat bor. Maymunlarning orqa oyoqlari ushlovchi vazifasini bajaradi, shox va lianalarga mahkam, epchil tirmashish va daraxtdan daraxtga tez o‘tish imkonini beruvchi pishiq bosh barmog‘i bor. Odam oyog‘ining kafti esa tayanch uchun xizmat qiladi va ushlash xususiyatiga ega emas. Antropolog V.V.Bunak, ingliz anatomi Frederik Vud Jons, amerikalik paleontolog G.Osbori, antropolog G.A.Bonch-Osmolovskiylar maymun odamning ajdodi bo‘lolmaydi, chunki u ushlay oladigan oyoqlarga ega va bunday oyoq tayanch vazifasini bajara olmasdi, deb hisoblashdi. Va hozirgi kunda yana bir gipoteza keng tarqaldi: maymun odamga aylanish uchun daraxtdan yerga tushmagan, aksincha, teskari jarayon yuz bergan – maymunsimon odam qandaydir sabab bilan daraxtga chiqib olgan va maymunga aylangan. Ochig‘i, savol tug‘iladi: bu degenerat (“chala odam”) qay tariqa o‘zining tayanch a’zosini ushlovchi organga aylantirgan? Buning uchun ular oyoq kaftining besh barmog‘ini birlashtiruvchi metatarzal bog‘liqlikni buzishlariga va bosh barmoqning birinchi oyoq kafti va ponasimon suyak o‘rtasida joylashgan tik bo‘g‘imini yumaloq suyakka aylantirishlariga to‘g‘ri kelardi. Agar ular bunday qila olishsa, unda nima uchun maymun panjasi evolyutsiya jarayonida odamniki kabi oyoqqa aylana olmagan?

BIZ NAYAPITEKLARDAN KELIB CHIQQANMIZMI?

Rus olimi L.I.Ibrayev nazariyasiga ko‘ra, odam qirg‘oqbo‘yi nayapitek (yarim suvda yashovchi odamsimon maymun)laridan kelib chiqqan. Ular 2-3 million yil avval pliotsenda, yarimsavannaning tog‘oldi hududlaridagi daryo, ko‘l va irmoq bo‘ylarida yashagan, suvda cho‘milgan, qisqichbaqa, qurbaqa, mollyuska, baliq, toshbaqa va turli hasharotlarni ovlashgan, qush tuxumlari, sohilbo‘yi rezavorlari, daraxt mevalari hamda boshqa ildizu yeguliklarni to‘plashgan. Nayapiteklar ovlash va chig‘anog‘u toshbaqa kosasini ochishda maydalangan tosh, tayoq va suyaklardan foydalanishgan. L.I.Ibrayevning fikricha, old panjalarining yegulikni tutib turish bilan bandligi nayapiteklarni tik holatda yurishga majbur qilgan. Sayoz suvliklarning tubi esa yumshoq bo‘lgani bois ularda yurish uchun oyoq kafti katta va tekis bo‘lishi kerak edi.

Odam tishlarining tuzilishi ham nayapiteklardan meros. Gominidlar tishining maymun tishidan muhim farqi – boshqalaridan ajralib, chiqib turadigan so‘yloq tishlarning yo‘qligidir. Ravshanki, yumshoq va silliq mollyuskalar yoki baliqlarni yeyish uchun bunday so‘yloq tishlarning nayapiteklarga keragi yo‘q edi. Qaytaga, so‘yloq tish ularga chig‘anoqning ichini sidirib yeyishga xalal berardi. Xuddi shu sababli odamning qadimiy ajdodlarining qoziq tishlari qisqarib, kurak tishlarga aylangan.

L.I. Ibrayev o‘z gipotezasini isbotlash uchun yana boshqa ko‘pgina dalillarni keltiradi. Va uning nazariyasi ham odamning kelib chiqishi haqidagi boshqa nazariyalar singari hayotga tatbiq etilishga haqli.

FAETON AVLODLARI

Ko‘pchilik nazariyalar odam tabiiy tanlanish asosidagi evolyutsiya jarayonida paydo bo‘lgan, degan fikrni ilgari suradi. Va bu jarayon uzluksiz va tadrijiy davom etadi. Aniqrog‘i, odamlar – evolyutsiya mahsulidir, aytish kerakki, Yer farzandlaridir. U holda, odam Yerdagi hayotga eng moslashmagan mavjudotlardan biri ekanini qanday izohlash mumkin? Buning bir isboti sifatida Yerdagi boshqa organizmlar orasida insonda xastaliklar ko‘p uchrashini keltirish mumkin. Shu o‘rinda biz go‘yo o‘zga sayyoralikka o‘xshaymiz. Ehtimol, chindan ham boshqa sayyoradan kelgandirmiz? Masalan, rus fantast yozuvchisi Aleksandr Kazansev ilmiy davralarda keng yoyilgan odamzodning o‘zga sayyoradan kelgani haqidagi gipotezani rivojlantirar ekan, o‘z asarlarida (“Faetlar” va boshqa) Mars va Yupiter orbitalari o‘rtasida joylashgan Faeton sayyorasida bir zamonlar ulkan tamaddun gullab-yashnagani, sayyorani butunlay yakson qilgan nihoyatda qudratli qurollar qo‘llangan urushda halokatga uchragani (hozir o‘sha joyda asteroid halqasi bor) haqida yozadi. Omon qolgan faetlar esa Marsga uchib o‘tishadi, keyin esa Quyoshning bora-bora sovishi natijasida yashash uchun qulaylashgan sayyora - Yerga o‘tishgan. Qolaversa, kim ham bizning tamaddunimiz yagona va takrorlanmas, deb ayta olardi? Ehtimol, odamzod sayyoralararo urushlar va tabiat hodisalari (asteroid tushishi kabi) tufayli bir necha marta halokatga uchragan bo‘lishi ham mumkin. So‘ng yana qayta vujudga kelib, ibtidoiylikdan to bugungi ko‘rinishga qadar taraqqiyot bosqichini o‘tagan.

Darvoqe, Laetoli haqida. 2011-yilda professor A.N.Zaytsev rahbarligidagi tadqiqotchilar guruhi (Sankt-Peterburg universiteti) tomonidan Sadiman vulqoni oyoq izlari topilgan vulqon kulining manbai emasligini isbotladi. Bu xulosa kulning tarkibida melilit minerali yo‘qligi, kimyoviy tarkibi bilan nefelin va piroksendan farq qilishi tufayli kelib chiqqan. Unda bu yerdagi kul aslida qayerdan paydo bo‘lgan? Shu narsa haqida bosh qotirish kerakka o‘xshaydi...

Muallif: Mixail YURYEV.

Rus tilidan Xurshida ABDULLAYEVA tarjimasi.

Сайт материалларидан тўлиқ ёки қисман фойдаланилганда веб-сайт манзили кўрсатилиши шарт!