Меню
Қашқадарё
“KOMPYUTER BOLASI”
Mazkur matnga biroz o‘zgartirish kiritilgan, ya’ni uning ikki joyida uchragan “kompyuter o‘yinlari” so‘zi aslida “giyohvandlik” tarzida berilgandi. Shu so‘zlarning o‘rnini almashtirib qo‘ydim, xolos. Masalan, “futbolchi penaltidan gol urdi” jumlasini “bokschi penaltidan gol urdi” deya o‘qilsa, har bir kishi taajjubga tushadi, kulgidan o‘zini tiya olmaydi. Ammo yuqoridagi matnda “giyohvandlik” so‘zining “kompyuter o‘yinlari” so‘ziga almashtirilishi bilan ma’noda, mohiyatda hech qanday jiddiy o‘zgarish bo‘lgani yo‘q. Chunki bugun dunyo hamjamiyatini kompyuter o‘yinlariga mukkasidan ketish kasalligi giyohvandlik illati kabi chuqur tashvishga solmoqda va ular keltirib chiqaradigan oqibatlar ham bir-biriga juda o‘xshash.
Olimlarning fikricha, kiberludomaniya, ya’ni kompyuter o‘yinlariga ruju qo‘yish kishi ruhiyatiga ichkilikbozlik va giyohvandlik singari jiddiy ta’sir ko‘rsatar ekan. Shu bois, bugungi kunda mazkur kasallik allaqachon xavfli kasalliklar ro‘yxatiga kiritilgan. Eng yomoni, ushbu xastalik xuruj qilganda inson o‘yinni emas, o‘yin insonni boshqara boshlaydi. Natijada kishi nafaqat jismoniy va ruhiy jihatdan zo‘riqadi, balki ijtimoiy, oilaviy, hayotiy majburiyatlarga mas’uliyatsiz bo‘lib qoladi.
Kompyuter o‘yinlari nega ko‘pchilikning e’tiborini bu qadar o‘ziga jalb etayapti? Buning sababi nimada? Negaki, tasvir sifati, yorqin ranglar, xuddi hayotdagidek manzaralar, chiroyli shaharlar, mashinalar, bevosita klavishlar orqali amalga oshiriladigan funksiyalar... albatta har bir odamning e’tiborini tortadi. Bundan tashqari, kishi hayotda amalga oshirish imkoni bo‘lmagan harakatlarni kompyuterda, nari borsa, ikkita tugmachani bosish orqali uddalaydi. Ammo buning bari shunchaki sarob ekanligini anglamaydi.
Ayniqsa, kompyuter o‘yinlari bilan mashg‘ul bo‘lish o‘g‘il bolalar orasida ommalashgan. O‘g‘il bolalar yoshligidan nimaga qiziqadi? Sportchi, harbiy yoxud uchuvchi bo‘lishga. Shunga mos tarzda koptok, o‘yinchoq mashina va o‘yinchoq harbiy qurollar kabi buyumlar ularning jonu dili. Biroq baribir bolalarning ko‘nglida bu o‘yinchoqlarning haqiqiysiga bo‘lgan qiziqish ustunlik qiladi. Biroq ular haqiqiy mashinani boshqara olmaydi. To ulg‘aygunga qadar buning imkoni yo‘q. Kompyuter bolaga ana shu imkoniyatni yoshlik chog‘idayoq hadya etadi. Bolakaylar o‘yinlar asosida eng chiroyli, qimmatbaho mashinalarni (ular maxsus effektlar yordamida hayotdagi mashinalarga juda o‘xshatilgan, hatto ba’zilarini farqlay olmaysiz ham) boshqarishi mumkin, harbiy o‘qotar qurollardan istaganicha foydalanadi. Eng dahshatlisi, ayrim o‘yinlarda bolalar odam o‘ldiradi. Bu esa ularning fe’l-atvoridagi zo‘ravonlik, shafqatsizlik alomatlarini kuchaytiradi. Nega? Bu yoshdagi bolalarning kayfiyati, ruhiyati o‘zgaruvchan, erkin fikrlashi zaif yoxud endi shakllanayotgan bo‘lib, nimani ko‘rsa, shuni amalga oshirishga intiladi. Uning yaxshi yoki yomonligi to‘g‘risida o‘ylab o‘tirmaydi.
Yaqinda xitoylik 11 yoshli qizaloq bir necha kun davomida kompyuter o‘yinini o‘ynash natijasida jismoniy zo‘riqishdan vafot etdi, Tayvanda esa bir o‘smir 42 soat davomida qandaydir kompyuter o‘yiniga qattiq berilgancha hushidan ketgan. Yigitning joni shifoxonaga yetar-yetmas uzilgan. Yana bir voqea. Xitoyning Szyansu provinsiyasi Nantong shahrida Van ismli o‘smir kompyuter o‘yinlariga ishqibozlikdan qutulish uchun qo‘lini kesib tashladi. Van o‘z qilmishini izohlarkan, shu yo‘l bilan kompyuterda o‘yin o‘ynashni bas qilmoqchi bo‘lganini aytgan. AQShda esa bolalarning har o‘ntadan bittasi kompyuter va videoo‘yinlariga qaram bo‘lish kasalligiga chalingan. Hatto ayrim bolalar o‘yin diskini sotib olish uchun pul o‘g‘irlashayapti. Bu kabi salbiy voqealar jahonning turli mamlakatlarida kun sayin ortib bormoqda va bu bizni ham xavotirga solmay qo‘ymaydi. Chunki o‘sha yurtlardagi bolalar orasida tarqalgan kompyuter o‘yinlariga qaramlik kasalligi ham bir kunda yoxud qisqa muddatda yuzaga kelib qolmagan. Aksincha, u asta-sekinlik bilan bolalar va o‘smirlar hayotiga kirib borgan. Biz esa ana shundan ogoh bo‘lishimiz kerak.
Azizbek NOROV