Меню
Қашқадарё
KITOB – SAODAT ESHIKLARINI OCHUVCHI KALIT
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 12-yanvardagi “Kitob mahsulotlarini chop etish va tarqatish tizimini rivojlantirish, kitob mutolaasi va kitobxonlik madaniyatini oshirish hamda targ‘ibot qilish bo‘yicha komissiya tuzish to‘g‘risida”gi farmoyishi biz o‘qituvchilarni ruhlantirdi. Bu muhim hujjat zamirida, avvalo, ma’naviyatga, ma’rifatga, yoshlarimizning ertangi kuniga bo‘lgan yuksak g‘amxo‘rlik yotibdi. Farmoyishda belgilab berilgan vazifalar farzandlarimizning ta’lim-tarbiyasini yuqori bosqichga ko‘taradi, deb o‘ylayman. Bu esa, o‘z navbatida, yoshlarimizning yuksak ma’naviyatli barkamol shaxslar bo‘lib voyaga yetishlariga xizmat qiladi.
Kitob va mutolaaning o‘rnini hech narsa bosa olmaydi. Mutolaa inson tafakkurini kengaytiradi, uning jamiyatda, odamlar orasida hurmat-e’tibor topishida muhim o‘rin tutadi. Kitob o‘zini anglab yashaydigan har bir inson uchun do‘st, doimiy hamroh, bitmas-tuganmas boylikdir. Kitob - moziy darakchisi, bugunning tarbiyachisi, kelajak yo‘lboshchisi. U bilan oshno tutingan insonning martabasi doimo ulug‘lik oshyonida bo‘lgani qadim mutafakkirlarimiz asarlarida ko‘p ta’kidlanadi. Shoirlar sultoni Alisher Navoiy Farididdin Attorning “Mantiq ut-tayr” asarini o‘qishga tutinganlarida besh-olti yoshlardagi bola edi. Tabiiyki, keyinchalik ul zotning baland mavqega, komillikka erishishida kitobning o‘rni, xizmati beqiyos bo‘lgan.
Ilm maxzani, adabu komillikni o‘rgatuvchi murabbiy sanalmish bu mo‘jiza insoniyatning bugungi tamadduniga poydevor bo‘lgan. Ayni davrda esa unga yaqin bo‘lish, do‘st tutinishning ahamiyati har qachongidan muhimroqdir. Zero, “ommaviy madaniyat” deb nom olgan ma’naviy xuruj ongu tafakkurimizga qutqu solib turgan bir paytda kitob yaxshi himoyachi, to‘g‘ri yo‘l ko‘rsatuvchi beminnat vositadir.
Ayniqsa, bolalarga mo‘ljallangan, ularning har jihatdan barkamol bo‘lib ulg‘ayishlariga ta’sir ko‘rsatadigan kitoblarni nashr etish, kitobxonlik, mutolaa madaniyatini bolalikdan boshlashga e’tibor qaratish zamon talabidir. Davlatimiz rahbarining kitoblarni chop etish va tarqatishdagi muammolarni hal etish, yoshlar va aholi o‘rtasida mamlakatimizning boy tarixini, uning betakror madaniyatini, milliy qadriyatlarimizni keng targ‘ib qilish, darsliklar, maxsus va badiiy adabiyotga bo‘lgan ehtiyojni qondirish, adibu shoirlarimizning sara asarlarini boshqa tillarga tarjima qilish, chet el adabiyotidan tanlangan asarlarni tilimizga o‘girish masalasiga ham alohida e’tibor berayotgani xalq ma’naviyatini yuksaltirish, ayniqsa, yoshlarni komil inson qilib tarbiyalashda muhim qadam, deyish mumkin.
Farmoyishda maktablardagi adabiyot to‘garaklari faoliyatini rivojlantirishga alohida urg‘u berilgan. Darhaqiqat, maktablarda ayni shunday to‘garaklar faoliyatini moddiy rag‘batlantirish va tubdan yaxshilash vaqti keldi, deb o‘ylayman. “Adabiyot yashasa, millat yashar”, degan edi Abdulhamid Cho‘lpon. Adabiyotning yashashi uchun esa uning qadrini biluvchi odamlar, chin ma’nodagi adabiyot shaydolari, ixlosmandlari kerak. Yosh avlodni avvalboshdan kitobga oshno, badiiyatga muhib qilib tarbiyalash adabiyot o‘qituvchilari zimmasidagi mas’uliyatli ishdir. Bunday to‘garaklar muntazam faoliyat olib borsa, ularni bilimli, o‘z fanini chuqur biladigan, jondan sevadigan o‘qituvchilar boshqarib borsa, o‘g‘il-qizlarimizning dunyoqarashini kengaytirish, ularni adabiyotga oshno etish mumkin. Bu esa hozirda maktablarda yo‘lga qo‘yilgan adabiyot to‘garaklari ishini qayta ko‘rib chiqish, ular faoliyatini ishining ko‘zini biladigan, iqtidorli, bolalar qalbidan joy topa olgan murabbiylar, ijodkor pedagoglarga topshirish lozim, deb o‘ylayman.
Maktabimizda yaqinda ota-onalarning umumiy yig‘ilishi o‘tkazildi. Yig‘ilishda yuqorida keltirilgan farmoyish haqida ham so‘z yuritdik va ota-onalarga shunday savollar bilan murojaat etdik:
- Uyingizda kutubxona tashkil etilganmi? Oxirgi marta qaysi asarni o‘qigansiz? Farzandingiz mobil telefonidan, internetdan foydalanishiga qanday qaraysiz?
Bu savollarga ma’nili, biz kutganimizdek javob qaytargan ota-onalarning ko‘pligi quvontirdi. Zero, xalqimiz azaldan adabiyotni sevadigan, kitobxon xalq. Shunday ekan, endigi vazifamiz o‘qituvchi va ota-onalar birgalikda bolalarni yoshligidan kitobga oshno etish, ularni saralab o‘qishga o‘rgatish, shu orqali milliy qadriyatlarimiz, ming yillik ko‘hna va umrboqiy an’analarimiz ruhida tarbiyalash, chetdan kirib kelayotgan turli yot madaniyat g‘oyalari ta’siriga berilishlarining oldini olishdan iboratdir. Prezidentimizning tegishli farmoyishi esa bu yo‘lda barchamizga dasturilamal bo‘lishi shubhasiz.
Jamila TO‘RAQULOVA,
Qarshi shahridagi 29-maktab direktori