Меню
Қашқадарё
KESH – ALLOMALAR YURTI
Yurtboshimiz “Har qanday yurt o‘zining buyuk farzandlari, shu zaminda yashab o‘tgan aziz avliyolari bilan tabarruk va muqaddasdir. Qashqadaryo zaminida bunday insonlar juda ko‘p o‘tgan”, deb aytgan edi. Haqiqatdan ham Qashqa vohasi, uning qadimiy Nasaf va Kesh shaharlari ilm-fan sohasidagi salmoqli ishlari bilan dovrug‘i dunyoga ketgan olimu fuzalolarga beshik bo‘lgan. Manbalarda birgina Kesh viloyatida VII asrdan XII asrgacha 60 nafardan ortiq muhaddis, mufassir, faqih va tarixchi olimlar yetishib chiqqanligi tilga olinadi.
Ana shu ulug‘ yurtdoshlarimiz haqida oz bilishimiz “qizil” o‘tmishning oqibati bo‘lsa, yana ko‘pgina allomalarimizning o‘z davrida ilm olish va boshqa sabablar bilan o‘zga yurtlarga ketib, o‘sha joylarda vafot etgani, yozgan asarlari ham turli mamlakatlarga tarqalib ketgani, o‘zimizdagi mavjud qo‘lyozmalar ham to‘liq o‘rganilmagan va nashr etilmagani bilan bog‘liqdir. Bu sohada dastlabki debocha nashrlardan “Nasaf va Kesh allomalari”, “Keshning mashhur siymolari” nomli mo‘jaz kitoblar chop etilganini ta’kidlash lozim.
Shuni quvonch bilan aytishimiz mumkinki, endilikda keshlik allomalar hayoti va ilmiy faoliyatini o‘rganishga e’tibor kuchaydi. Shu jihatdan Imom Buxoriy xalqaro markazida, faoliyat olib borayotgan yosh tadqiqotchi Shukrulla Umarovning xayrli ishlari diqqatga sazovordir. U Kitobdagi Xoja Buxoriy nomli o‘rta maxsus islom bilim yurtini bitirgach shu o‘quv dargohida bir necha yil talabalarga dars berdi. So‘ngra faoliyatini Samarqand viloyati Payariq tumani Xo‘ja Ismoil shaharchasidagi Imom Buxoriy xalqaro markazida davom ettirdi. Shukrulla bu ilmiy dargohning manbashunoslik bo‘limida ishladi. Bu sohada muayyan tajriba orttirgach, ustozi, tarix fanlari doktori, markaz direktori Ubaydulla Uvatovning tavsiyasi bilan keshlik allomalarning hayoti va ijodi ustida ilmiy tadqiqot ishlarini olib borishni boshladi. U dastlab keshlik mash-hur alloma Abu ibn Humayd Keshiy (Abdulhamid Keshiy) ilmiy merosiga murojaat qildi. Chunki uning qalamiga mansub qo‘lyozmalar, boshqa ilmiy manba va adabiyotlar anchagina edi. U ana shu manbalar ustida bir necha yil tinimsiz ish olib bordi, allomaning sermazmun hayoti va merosini chuqur o‘rgandi, arab olimlari va zamondoshlarining buyuk ajdodimiz haqida yozib qoldirgan esdaliklari, fikr-mulohazalari bilan tanishdi. Shular asosida “Imom al-Buxoriy saboqlari” jurnali, viloyatimizda nashr etiladigan gazetalarda maqola e’lon qildi. 2013 - yilda esa “Abdulhamid Keshiy ilmiy merosi” kitobi nashr etildi.
Shukrulla Umarov ilmiy-tadqiqot ishlarini davom ettirdi. Endi uning ilmiy tadqiqot dasturiga Abdulhamid Keshiyning izdoshlari, o‘rta asrlarda Keshda tug‘ilib, ilm-fan, islom dini ravnaqiga xizmat qilgan boshqa allomalar kiritildi. Bu haqda mamlakatimizda va xorijda qulyozmalar, yirik arab va yevropa sharqshunoslarning mavzuga oid tadqiqotlari anchagina bor edi. Yosh tadqiqotchi mazkur manba va adabiyotlarni sinchiklab o‘rganib, ulardan o‘nlab keshlik allomalarni aniqladi. Natijada uning qalamiga mansub “O‘rta asrlarda Keshda yashagan allomalar” nomli monografiya yaratildi. Imom Buxoriy xalqaro markazi ilmiy kengashi tomonidan ma’qullangan mazkur monografiya nashr qilishga tavsiya qilindi. 2015 - yilda “Zarafshon” nashriyoti monografiyani alohida kitob holida chop etdi.
“Islom tarixida VII-X asrlar ilm-fan va madaniyatning rivojlanish davri bo‘lgan”, deb yozgan kitob muallifi monografiyaning kirish qismida. Ana shu davrlarda ko‘plab movarounnahrlik allomalar - Buxoriylar, Samarqandiylar, Termiziylar, Xorazmiylar, Nasafiylar, Keshiylar, Shoshiylar va Farg‘oniylar yetishib chiqib, dunyo ilm-fani taraqqiyotiga juda katta hissa qo‘shganligi tarixiy haqiqatdir. Movarounnahrlik muhaddislarning o‘zi 3 mingdan ziyod bo‘lgan. Bugungi kunda yettinchi va o‘n ikkinchi asrlar oralig‘ida 60 nafardan ortiq keshlik allomalar yashab o‘tganligi ma’lum. Keshda payg‘ambarimiz Muhammad (s.a.v.)ning hadislarini o‘rganish va fiqh (islom huquqshunosligi) ilmiga taalluqli maktab ishlagan, unga Abdulhamid Keshiy asos solgan. Unda muhaddislar sultoni Imom Buxoriy, mashhur olimlar Dorimiy Samarqandiy, Abdulhamid Keshiy dunyoning turli joylaridan kelgan yoshlarga ta’lim berishgan. Bu maktabda keyinchalik Islom olamida hadis ilmi bo‘yicha shuhrat qozongan Imom Muslim uzoq Nishopurdan kelib, bilim olgan.
Mazkur taniqli allomalarning Keshdagi ilmiy hamkorligi IX asrning boshlari – 820-826 - yillar oralig‘iga to‘g‘ri keladi. Kesh ayni shu davrda dunyo ilm-fani o‘choqlaridan hisoblanib, Kufa, Bag‘dod, Hijoz, Shom, Marv va boshqa ko‘pgina mashhur shaharlar qatorida e’tirof etilgan. Imom Keshiy, Imom Buxoriy, Imom Dorimiy, Imom Muslim Keshda yashab, ilm tarqatganlari bois, ularning bu shahardagi buyuk xizmatlari hisobga olinib, dunyo ahli Keshga “Qubbat-ul ilm va-l-adab”-“Ilm va adab qubbasi” deb sharafli nom bergan.
Shukrulla Umarov ta’rif etgan monografiyada muallif o‘rta asrlarda yashagan Abdulhamid Keshiy, Hamid ibn Nasr Keshiy, ibn Yahyo Keshiy, Hafs ibn Burxon Keshiy, Ahmad ibn Muso Keshiy, Abu Shakur Solimiy Keshiy kabi o‘ttizga yaqin keshilik allomalarning hayoti ma’rifatparvarlik faoliyati, yozgan asarlari haqida ma’lumotlar bergan.
Keshlik allomalar ilmiy merosi bo‘yicha tadqiqot olib boruvchi yana bir yosh olim Soatmurod Primovdir. U Toshkent islom universitetining tadqiqotchisi. Yosh olim ustozi Saidmuxtor Oqilov ilmiy rahbarligida hijriy taqvim bo‘yicha V asrda Keshda yashagan Abu Shakur Muhammad Ibn Abdulloh Said Ibn Abu Shakur Solimiy Keshiyning yozgan bir necha asarlaridan bizgacha yetib kelgan yagona asari “At-Tamhid fi bayonit tavhid” (“Tavhid bayoni haqida qo‘llanma”) asari ustida bir necha yil izlanishlar olib bordi. Chunki bu asar shu vaqtgacha alohida o‘rganilib, tadqiq qilinmagan edi. Asarda yurtimizda keng tarqalgan moturidiya ta’limotining e’tiqodiy masalalari bayon qilib berilgan. Shu bilan birga muallif mazkur asarida ayrim adashgan firqalarning noto‘g‘ri e’tiqodlarini aqliy va noaqliy dalillar vositasida isbotlab bergan, boshqa dinlarning e’tiqodlariga ham xolisona o‘z qarashlarini bildirgan. Ayni vaqtda turli firqa vakillari bilan ilmiy bahslar olib borgan, alloma adashgan firqalarga ham nazariy, ham amaliy tarzda raddiyalar bergan.
Soatmurod Primovning uzoq vaqt davom etgan mehnati samara berdi. Yaqinda Toshkentda uning Solimiy Keshiy va uning “At-Tamhid fi bayonit tavhid” asari bosmadan chiqib, keng jamoatchilikka taqdim etildi.
- Alloma qoldirgan ilmiy-ma’naviy merosdan, - deydi Soatmurod Primov, - o‘sib kelayotgan yosh avlod shuuriga chinakam komil insonga xos g‘oyalarni singdirish, ularni ajdodlarga munosib barkamol avlod qilib tarbiyalash, islom dinining asl mohiyatini to‘g‘ri tushuntirish, ma’naviyat va huquqiy savodxonligini oshirishda foydalanish mumkin. Shu bilan birga asardagi kalom ilmiga oid, moturidiya ta’limotiga asoslangan mo‘tadillik, bag‘rikenglik g‘oyalari turli firqa va oqimlarning buzg‘unchilik va zararli g‘oyalariga, noto‘g‘ri qarashlariga zarba berishda muhim manba bo‘lib xizmat qiladi.
Keshlik allomalarning hayoti va ilmiy faoliyatini o‘rganishdagi dastlabki qadamlar katta ishning boshlanishi, xolos. Ularning boy ilmiy merosini o‘rganish va xalqimizga yetkazishdagi ezgu ishlar davom etishi shak-shubhasizdir.
Mo‘min AZIZOV,
tarixchi-jurnalist.
Sobir NARZIYEV olgan suratlar.