Меню

Қашқадарё

09.01.2025 933

KELAR ZAMON UCHUN HOZIRLANAYLUK, O'TGAN ZAMON UCHUN EMAS

Saralangan satrlar

Mahmudxo‘ja Behbudiy Turkiston jadidlarining tan olingan rahnamosi, mustaqil jumhuriyat g‘oyasining yalovbardori, yangi maktab g‘oyasining nazariyotchisi va amaliyotchisi, o‘zbek dramachiligini boshlab bergan birinchi dramaturg, teatrchi, noshir, jurnalist edi.

Uning o‘z davri matbuoti sahifalarida e'lon qilingan "Ikki emas, to‘rt til lozim", "A'molimiz yoinki murodimiz", "Zo‘raki boy", "Jaholat dardlaridan", "Oh, bonkalar bizni barbod etdi", "Tarixi ixtiroi bashar", "Muhtaram yoshlarg‘a murojaat", "Til masalasi", "Bizni kemirguvchi illatlar", "Ehtiyoji millat", "Millatlar qanday taraqqiy etarlar" kabi maqolalari yurtni ozod, xalqni ma'rifatli, kelajakni buyuk ko‘rish orzusi bilan yashagan katta shaxs timsolini aks ettirib turadi. Quyida saralangan lavhalar fikrimizga dalildir.

*  *  *

Fors shoiru udabosi asarlari qiyomatg‘acha lazzati ketmayturgan xazinai ma'naviydurki, mundan foydalanmoq uchun ovrupoyilar milyardlar sarf etarlar.

Bizg'a saodatdurki, turkiy va forsiyni tahsil bilurmiz. Har turkni forsiy va har forsni turkiy bilmog'i lozimdur.

*  *  *

Bizg‘a lozimki, o‘z naf'imiz uchun ruscha bilayluk, hukumat maktablarida o‘quylik. Davlat mansablarig‘a kirayluk. Vatanimizg‘a va dinimizg‘a xizmat etayluk. Musulmon bo‘lub turib taraqqiy qilayluk. Bu zamon tijorat ishi, sanoat va mamlakat ishlari, hatto dini islom va millatg‘a xizmat ilmsiz bo‘lmaydur. Masalan, bugungi "podsholik duma"g‘a o‘z din va millatimiz naf'ig‘a so‘zlamoq bizlar uchun mumkin bo‘lur. Ammo anda borib so‘ylaguvchi kishi bizg‘a yo‘q. Anda borib naf'i bir o‘n sana o‘qumoq kerak, zamondan, qonundan xabardor bo‘lmoq kerakdur.

*  *  *

 Hadisi sharifdan ma'lum bo‘ladurki, janobi payg‘ambar o‘z sahobalaridan Zayd bin Sobitg‘a yahudiy xatini o‘qub-o‘rganmoqg‘a buyurgan ekanlar. Va ul janob Umar hazrat nubuvvat panohi ila yahudiy xatini o‘rganib hazrat payg‘ambarg'a yahudiylardan kelaturgon xatlarni o‘qub berar ekanlar.

*  *  *

Ma'lumdurki, dunyoda har kim umid va a'mol ila yashaydur. Kecha-kunduz mehnat va mashaqqat tortmoq oyanda uchundur. Har kim o‘z oyandasini yaxshilikka harakat etar va kelar zamonda o‘z orzusi va havasig‘a yetmoq uchun hech dam olmasdan hol qadarincha harakatdadur...

Endi a'molimizg‘a diqqat qilmoq kerak. Aksar xalqimizni a'moli shulki, ishlasa va foyda qilsa. Shoyadki, o‘g‘il va qizini to‘y qilsa va ham qanday! O‘z qatorindagi odamlarni qilgan to‘yidan ziyodaroq!

Bechora kosibni a'moli to‘ydur. O‘zi rohat yuzi ko‘rmaydur. Kecha-kunduzni 18, balki 20 soatni mehnatg‘a o‘tkaraturgon kosiblarimiz bordur. Haqqincha yemaydur, kiymaydur. O‘n va yigirma sanalar mehnat va mashaqqat etar va xudodan o‘g‘il tilar, to‘y qilmoq uchun. Ana, bechorani a'moli. Yigirma sanalik mehnati uch kun to‘yda tamom.

*  *  *

Har kun bir musulmonni nimarsalari bozorg‘a dini uchun... sotilur. Va har sudda naqadar hovli, xona, bog‘ sotilur. Har kun naqadar veksellar "protest", naqadar do‘kon, korxona hajz, pechat bo‘lur. Bu nimaning jazosi? To‘y, ma'raka, ta'ziya, ko‘pkari, bazm. Bir mahallada ahli savob yigirmadan bir yo‘q. Imoni islomni dalillari ila bilaturg‘onlarni nari qo‘yduk. Erta qozilar barham bo‘lsa, zamoncha qozi bo‘laturg‘on birgina kishi butun o‘n milyo‘n Turkistonda yo‘q. Yo‘q, yana yo‘q. Hoy, hoy, xaloyiq! Bizlar devonami sog‘?

*  *  *

Ismimizni bilmaymiz! Nima uchun? Bizg‘a o‘rgatmabdurlar. Masalan, ismimiz Abdulsamad ekan, "Absamat", hatto qishloqlarda "Apsat" derlar. Afu buyurilsun, adabdan xorij bo‘lsa-da, adabg‘a da'vat etar. Oti Yodgor ekan - Jodigor, Lutfullo ekan - "Nutfullo" ataladur (Astag‘furullo). G‘alat atamoq sababi ila avom kotiblar tarafidan qozixona, valasnoyxona hujjatlarinda va hukumat mahkamalarinda ham shul tariqa g‘alat va masxaralik holatinda yozilur. Hatto shaharlarda, do‘kon va korxonalarni tepasinda ruscha va musulmoniy xat ilan "Obdukodir", "Patxulla", "Sanatullo" ("San'atullo"), "Obduraxmon" va mundan ham g‘alatroq yozilib osilgan lavhalar bordur. Bu g‘alatlar bonka va xazina va notarius-maqovolot muharrirligi doiralarig‘acha borar. Bu zamon bu g‘alat ismlarni to‘g‘ri yozib mahkamag‘a berilsa, mahkamadan to‘g‘rini g‘alat deb qaytararlarki, alarni qaytarishi to‘g‘ridur.

*  *  *

Bas, siz muhtaramlar ham o‘z avlodingizni va aziz bolalaringizni, agarda xohlasangizki, sizdan ko‘ra taraqqiy etsa, din va millatg‘a xizmat etsa (Din va millatg‘a xizmat ilm va oqcha ila bo‘lur). Shu ilmi zamoniyni tahsil qilmoq uchun harakat qilmog‘ingiz lozimdur. Hamvatanlarimiz mulkini sotib to‘y qilganidek siz-da, hatto lozim bo‘lganda mulkingizni sotsangiz-da o‘g‘lingizni zamoncha o‘qumoqig‘a sa'y qilsangiz. To‘yga isrof qilinaturgon oqchalarni o‘qumoq yo‘lig‘a sarf qilsangiz!

*  *  *

Muhtaram birodarlar! Barchamizga oftob kabi ravshan va ayondurki, makotib - taraqqiyning boshlang‘ichi, madaniyat va saodatning darvozasidur. Har millat eng avval, makotibi ibtidoiysini zamoncha isloh etib ko‘paytirmaguncha taraqqiy yo‘lig‘a kirub madaniyatdan foydalanmas. Madaniyati hoziradan mahrum qolub, sanoye' va maorif salohi ila qurollanmagan millat esa, dunyoda rohat va saodat yuzini ko‘rolmas.

*  *  *

Bizlarda bir fazilat bor bo‘lsa, ul ham faqat taassuboti johilonadan iboratdur. Demak, bizlar hozirgi nimkola diyonatimizni yolg‘uz taassub soyasida saqlab turubmiz. Lekin ushbu tamaddun asrida ilmsiz quruq taassub ila ham yashab bo‘lmas. Chunki zamonamiz shunday zo‘rki, ozgina fursatda churuk taassubotimizni asosidan qo‘parib tashlaydur. Shuning uchun zamonaning muhlik asbobig‘a qarshu muqovamat etadurgon bir narsa bor bo‘lsa, ul-da maorifdur.

*  *  *

Ba'zi afandilar mehmonni "qo‘noq" deyilsun deb taklif etarlar. Holbuki, qo‘noq deganda, bir turk fahmlaydur. Mehmon deganda, turk fahmlagani ustida, yana bir forsiy musulmon qarindoshimiz-da anglaydur. "Tilimizdan forsiy va arabiyni quvayluk", bu ko‘p yengil orzu, ammo ijrosi mumkin emas orzulardandir.

*  *  *

Kelar zamon uchun hozirlanayluk, o‘tgan zamon uchun emas. "Ona tili, ona tili", bu yaxshi orzu. Ammo tilsiz onalar tilig‘a maktabiy kitoblar yozila bersa, Turkistonda adadsiz buzuq ona tillar shevasig‘a adadsiz kitoblar yozmoq lozim kelurki, Andijonda yozilgani Buxoroda, Avliyootada yozilgani Qarshida anglashilmaydur. Chunki bu onalarni tili bir-biridan farqlikdur. Taraqqiy etgan millatlar onalari o‘qutar ekan, biz avval onamizni o‘qutub, anga til o‘rgatmoqimiz kerak. Chunki bizni ilm va tilsizligimiz alardandur.

*  *  *

Bizni kemirguvchi illatlar deganda, zaxmu maraznimi gumon etarsiz? Yoinki, sil, sil-ar-iya va maxavliknimi dersiz? Yo‘q, andan ham yamonroq va andan ham jonxarosh, bevoya, xonavayron va g‘arib etguvchi bir dard, biz - turkistoniylarni shahri va qishloqi yoyinki yarim madaniy, yarim vahshiy sinflarimizg‘acha istilo etib, butun tirikligimizg‘a sorilg‘on va bizni inqirozg‘a va tahlikag‘a va jahannamg‘a yumalataturgon to‘y, azo ismindagi ikki qattol dushmanni derman.

*  *  *

Ko‘pkari va uloq chopmoqlik odati mal'unonasig‘a har viloyatdan har sana yuzlar kishi oxiratg‘a ko‘char, na qadar kishi majruh va ma'yub bo‘lar. Ko‘p kishilar sayr va ko‘pkari shumligi ila ishdan va ziroatdan qolur. Uyig‘a ozuqasi yo‘q, ho‘kuzi va sog‘ar siyiri yo‘q ekan, bir necha yuz so‘mg‘a ot olib va har kuni anga hindidek parastish etib, har kun bir so‘m sarf etar, na uchun?

*  *  *

Boshqa millatlarga qaralsa ko‘rilurki, muntazam maktablari bor va avval maktabda diniy ilm ustida dunyoviy ilm va fanlar ham o‘qilur. Chunki dunyoda turmoq uchun dunyoviy fan va ilm lozimdur. Zamona ilmi va fanidan bebahra millat boshqa millatlarga poymol bo‘lur.

*  *  *

Qonun va Ovrupo odatlarini bilmaganimiz uchun boyimiz bo‘lsun, qozi va milliy hukamomiz va aholimiz bo‘lsun ko‘b tashvish va zarar ko‘rar. Zamoni sobiqda faqat shari'at bilmoq kifoya etardi. Endi qonun va zakunni bilmoq ham lozimdur.

*  *  *

Davlat dumasi nari tursin, sudga va rasmiy mahkamalarga kirib, bizni mudofaa qiladurgon kishimiz yo‘q. Boshimiz og‘risa do‘qturga boramiz, ammo dardimizni aytmoqga til yo‘q. O‘zimizdan do‘qtur yo‘q.

Ikkimiz bir-birimiz ila nizo qilamiz. Ketamiz zakunchiga, so‘ylamoqg‘a til yo‘q. Oradagi odamlar yana bizg‘a firib berar, pul berarmiz, yuguramiz, yana ishlar barbod, oxiri yo‘q.

Imorat solmoqchi bo‘lsak, plon-loyihasi lozimki, injinerga muhtoj bo‘larmiz. Ammo biz hanuz "muhandis" ismini bilmaymiz.

*  *  *

Turkiston mevasi, donasi, toshi, tufrog‘i, eski nimarsalari Ovrupo bozoriga ketar. Muni Ovrupo dallollari kelib oz bahoga olib ketar, mehnatni biz qilurmiz, foydani ular ko‘rar. O‘z nimarsamizni Ovrupo bozoriga eltib, yaxshi bahоga sotaturgon bizda bir odam yo‘q. Azbaski, Ovrupo ila savdo qilaturgon kishini (o‘zi) avval o‘n sana zamona ilmi o‘qumog‘i lozim.

*  *  *

Bu ketishni oxiri yamondur, o‘qumoq, o‘qutmoq kerakdur. Bolalarga otalardan ilmi diniy va ilmi zamoniy meros qolsun.

BEKZOD tayyorladi.

Сайт материалларидан тўлиқ ёки қисман фойдаланилганда веб-сайт манзили кўрсатилиши шарт!