Меню

Қашқадарё

29.11.2016 1758

KAPALAK

...U aslida mehrdan, muhabbatdan yo‘g‘rilgan kichkinagina zarra edi. Yaratganning marhamati bilan Ona deb atalmish xilqat qornida soat sayin, kun sayin ulg‘ayib boraverdi va odamcha shakliga kirib, jajji yurakchasi murg‘ak vujudida dukillab ura boshladi. Onaning ko‘ksi ostida yana bir yurak bunyod bo‘ldi.

Oy sayin kuchlana bordi homila. Harakatlari tezlashib, jajji oyoqchalari bilan onasini tepadigan bo‘ldi. Homila har pitirlaganida qorni o‘rkach-o‘rkach bo‘lib yana o‘z holiga qaytishidan zavqlandi Ayol. Buni his etib battar "sho‘xligi" tutdi uning, garchi  hali Ona qanaqa zot ekani quvvai hofizasiga yetib bormagan bo‘lsayam o‘zini ko‘ksining ostida asrayotgan ayol quvonchiniyam, tashvishiniyam sezdi, xirgoyisidan maza qildi, ranj cheksa bezovtalandi.

Endi kun sayin ulg‘aydi chaqaloq. To‘qqiz oyga o‘tganda-ku betoqatligi ortib, ona qorni torlik qilib qoldi. Ko‘ngli kengliklarni tusadi. Bu tor "qafas"ni tark etgisi kelib, dunyoga talpinardi. O‘zi bilib-bilmay yorug‘likka chiqishga urindi.

Ammo negadir dunyoga kelishi kechikaverdi. Tirnoqlari o‘sib, qorinda qisila boshladi hamki tashqariga chiqmayapti. Negadir nafas olishi qiyinlasha boshladi. Shu paytgacha yayrab o‘sgan joyi endi unga yoqmayapti. Qayerga yashirinishni, qayerga qochib chiqishni bilmayapti. U yonga urilsa ham, bu yonga urilsa ham bo‘lmayapti. Quruqlikda qolayapti. Jajji vujud ichidagi yurak urishi sekinlashib, nafas olishi   qiyinlashayapti. Dimiqayapti. Bo‘g‘riqayapti. Holsizlanib, kuchsizlanayapti. So‘ng...  So‘ng... O‘zini taqdir   izmiga tashlab yuborayapti...

...Uni yorug‘ dunyoga chiqarib olganlarida chaqaloq ana shunday ahvolda edi. Zudlik bilan yordamga shoshilishdi: tanasini tozalashdi, oshqozonini yuvishdi, o‘pkasidagi suvni chiqarib olishdi. Shundan  keyingina yuzida hayot belgilari zohir bo‘lib, in-qilladi, yorug‘likka chiqqanini angladi va ko‘zini ochib, dunyoni ko‘rgisi keldi. Ammo ko‘zlari shunchalik horg‘in ediki, zo‘rg‘a ozgina ochildi, shundayam kipriklar orasidan tushgan nurni sezdi. Oppoq, oydin nurni. Dunyoni nur deb tasavvur qildi go‘dak.

Uning tepasida oppoq sharpalar tinimsiz aylandi. Chaqaloq bu sharpalarni yo sezdi, yo sezmadi, o‘ziga yordam berishayotganini yo angladi, yo   anglamadi, karaxt edi. Uning burunchasiga nimadir ulab havo yuborishdi. Oshqozoniga  uzun, ingichka ichak kiritib qo‘yishdi. Zont ulab, tanasiga allaqanday malhamlar yuborishdi. Shundan so‘ng peshobini chiqarib yubordi va xiyla yengil tortdi. Do‘xtirlar: "Xayriyat, go‘dak  hazm qilayapti",      deyishdi. Ammo kechga borib issig‘i chiqdi. Yana qo‘shimcha dorilar, suyuqliklar, muolajalar. Hayot uchun kurash davom etdi: bir yonda do‘xtirlar, bir yonda chaqaloqning o‘zi...      

Oradan ikki kun o‘tib uning tepasida yana bir sharpa paydo bo‘ldi. Sharpa yaqinlashishi bilan chaqaloq yoqimli haroratdan isib ketdi. Jajji yurakchasining urishi tezlashdi. Yumshoqqina qo‘l avval peshonasini, so‘ng yuzlarini siladi. Tanasi yayrab ketdi go‘dakning. Ko‘zlarini xiyol ochgisi, vujudiga ilohiy iliqlik berayotgan mavjudotni ko‘rgisi keldi. Bu hissiyot unga kuch berdi, avval qovoqlari qimirladi, so‘ng ko‘zlari  pirpirab ochildi. Uning ro‘parasida ko‘zlari to‘la iztirob, mung, parishon,  yuragi lov-lov yonayotgan Onaizor termulib turardi. Nigohlar to‘qnashdi. Onaning ko‘zlaridan ikki tomchi yosh dumalab go‘dakning yuziga tushdi. Chaqaloq ham yig‘ladi, faqat ovoz chiqarmay, ko‘z yoshi to‘kmay.

"Bo‘sh kelma, asalim! Hayot uchun, yashash uchun kurash! - pichirladi Ona. - Bilaman, charchading, toliqding. Holing yo‘q. Hammasini ko‘rib turibman. Ammo sen yashashing kerak! Kurash, asalim, kurash! Bo‘sh kelma! Meni tashlab ketma! Axir birinchi farzandimsan! Onalik baxtimsan! Kurash, asalim, kurash!"

Aynan shu paytda bola bor vujudi bilan kurashayotgandi, jajji qo‘lchalariga ilashib qolgan ingichka ichakni mahkam qisib olganicha tanasidagi dardni bosiqlik bilan yengardi. Ehtimol, xuddi shu dard katta kishida bo‘lganida butun olamni ko‘chirib yuborarmidi? Baqirarmidi? Darddan chilparchin bo‘lib ketarmidi? O‘limga rozi bo‘lib qo‘ya qolarmidi? Ammo u na baqirishni biladi, na yordam so‘rashni. Darddan xalos bo‘lgisi keladi-yu, bo‘lolmaydi, negaki dard a’zoyi badanini chirmovuqday o‘rab, malaxday bosib, och bo‘riday tishlab olgan.

Tushdan so‘ng chaqaloqning oshqozonidan quyqa qon tushdi. Suyuqlik yuborib oshqozonini yuvishdi, bir ozdan keyin qon tinganday bo‘ldi. Keyin qontalash lablarining atrofi ko‘kara boshladi, ko‘karish oyoqlariga  ko‘chdi. Yana malham yuborishdi. Keyin plazma, qon... Hech biri kor qilmadi. Dard tobora zabtiga oldi, jigari, talog‘i kattalashdi. Miyasiga kislorod bormay, qon quyildi...

Ertasi kuni rangi dokaday oqarib ketdi, ichi tinimsiz yuborilgan suyuqliklarga to‘lib, ularni chiqarishga buyragining quvvati yetmadi, peshob qilmay qo‘ydi. Yuzlarida, oyoqlarida shish paydo bo‘ldi...

...U aslida mehrga, muhabbatga yo‘g‘rilgan kichkinagina zarra edi. Ona qornida yayrab o‘sayotgandi. Hammasi tug‘ruq davrida sodir bo‘ldi. Tug‘ruq muddatidan o‘tib ketganini, apparat bola suvsizlangan, dimiqqan deb xulosa berganini negadir e’tiborga olishmadi. Negadir loqaydlik qilishdi. Negadir onada to‘lg‘oq boshlanishini kutishdi, negadir boshlangan og‘riqning pishishini kutishdi. Besh soat o‘tdi hamki, dard pishmadi, o‘n soat o‘tdi hamki dard pishmadi, ittifoqo ona qornidagi suvning ifloslanganini payqab qolishdi. Keyin onani operatsiya qilishdi.

Bola balchiqqa belanib tug‘ildi...

...Hammaning ko‘z o‘ngida  oppoqqina, chiroylikkina, jajjigina chaqaloq shamday erib bitdi... Gulday so‘lib ketdi... Erib, so‘lib kapalakka aylanib qoldi. Qanotlari oppoq yumshoq, momiq kapalakka. Oppoq qanotlari bilan u osmonlarga uchib ketdi. Qo‘l yetmas joylarga uchib ketdi. Ucha-ucha jannatlarga borib yetdi. Jannat gullariga borib qo‘ndi kapalakka aylanib qolgan oppoqqina, chiroylikkina, jajjigina chaqaloq...

 Osmonlarda uchib yurgan Ona esa pastga qulab tushdi. Yuragi bilan tushdi. Yuragi yonib ketdi, ilma-teshik bo‘ldi. Bag‘ri huvillab qoldi. Qo‘llari quruq qoldi. Bir martayam go‘dagini bag‘riga bosolmadi-ya. Bir martayam ko‘ksini tutolmadi-ya. Bir martayam erkalatolmadi-ya. Bir martayam...

...Ertasi kuni chaqaloqni dunyoga keltirgan do‘xtir kirib onaga tasalli berdi:

- Xafa bo‘lma, qizim. Hammasi xudoning ishi. Biz bandalarning qo‘lidan  nimayam kelardi...

Uning egnida oppoq xalat bor edi...

Lola O‘ROQOVA

Сайт материалларидан тўлиқ ёки қисман фойдаланилганда веб-сайт манзили кўрсатилиши шарт!