Меню

Қашқадарё

19.04.2016 1332

“KAK RANSHE...”

Qarshi shahrida bir muzqaymoq paydo bo‘libdi. Nomi “Plombir”. U kishi salomatligiga xavf soladimi, yo‘qmi, bunisi bizga qorong‘i, gap boshqa narsada.

Sobiq tuzumni qo‘msash... G‘alati eshitiladi-a?! Harqancha g‘alati bo‘lmasin, biz so‘z yuritayotgan muzqaymoqda o‘sha, sobiq tuzumni qo‘msash alomatlari seziladi.

Bugun mamlakatimiz mustaqilligining chorak asrini nishonlashga yaqin turib, istiqlol bizga ota-bobolarimiz orzu qilgan ulkan baxtni ato etganini yurakdan  anglagan bir chog‘imizda kimdir sobiq tuzum davridagi atamayu so‘zlarni xaridori ko‘p mahsulotga tiqishtirib tursa, ajablanishimiz, ozroq fikrlab, g‘azabga tushishimiz aniq.

Bu muzqaymoq va undagi “targ‘ibot” xususida avval matbuotda o‘qigandimu, poytaxtda sotilayotgan bo‘lsa, endi savdodan olib tashlangan bo‘lsa kerak, degan o‘yda yurgandim. Qarangki, bosh kentda anchayin urilib-surilgan shekilli, bu muzqaymoq o‘ziga viloyatimizdan bozor topibdi. Xilining ko‘pligidan anglash mumkinki, u o‘z xaridoriga ega.

Gapning indallosini aytganda, muzqaymoq qadog‘iga tushirilgan surat – qizil bo‘yinbog‘ taqqan, qizil pilotka kiygan pioner qizchaning rasmi kishini taajjubga soladi. Qo‘lida o‘roq-bolg‘a ko‘tarib olgan erkak va ayol haykali surati, OTK (“Otdel texnicheskogo kontrolya”), GOST – (“Gosudarstvenniy standart”) kabi sobiq sovet davlatining ma’lumu mashhur atamalarini ko‘rib, kimgadir bizning hur-omon kunlarimiz, farovon hayotimiz yoqmayapti, shekilli, deb o‘ylab qolasiz. Yo‘qsa, tinch-osoyishta kunlarda, shiddatli, ayni paytda keskin va ziddiyatli zamon har lahza ogoh bo‘lishni taqozo qilib turgan bir davrda sobiq tuzumdagi atamayu tasvirlarni esga olishdan maqsad-muddao nima bo‘lishi mumkin?

To‘g‘ri, yurtimizda tadbirkorlikni rivojlantirish uchun keng imkoniyatlar yaratib berilgan, ammo bu uni suiiste’mol qilish kerak, degani emas.

Ular muzqaymoqqa “Kak ranshe” (“Xuddi avvalgidek”) deb yozishibdi. YA’ni muzqaymoq ta’mi xuddi avvalgidek deyish barobarida sobiq tuzum ramzlaridan foydalanib, nima deyishmoqchi?!

Deylik, internetda zarur faktlarni qidirib turgan chog‘ingizda qaysidir sahifada bir ko‘rinib-yo‘qolgan behayo surat, yaxshi gaplar orasida qistirib o‘tilgan bo‘hton... ozgina-ozginadan kishi iymoniga putur yetkazib boradi. Yuqorida aytilgan muzqaymoq qadog‘idan joy olgan so‘z va tasvirlar orqali ham ozgina-ozginadan tarafdor yig‘ib borishga ko‘z tikilmaganiga kim kafolat bera oladi? Bugun sovet tuzumining ramzlaridan foydalangan “tadbirkor”lar ertaga buzg‘unchilarning timsolidan foydalanmasligiga-chi?! Bugun unga befarq qarab, e, arzimas bir yozuv-da, shunga shuncha vahima qilish shartmi, desak, ertaga muammo ana shu tarzda gazak olib ketmasligiga ishonch bormi?

Yo‘q, bu zinhor vahima emas. Aniq-ravshan ko‘rinib turgan haqiqat. Bo‘lmasa, mahsulot nomini brendga aylantirish uchun, foydalanaman desa, ming-millionta nom, ming-millionta surat bor.

Biz esa fikrimizda sobitmiz: endi “kak ranshe” bo‘lmaydi, o‘zbek xalqi “kak ranshe” ezilishni, tahqirlanishni istamaydi. Bizning o‘z tanlagan yo‘limiz, ko‘z tikkan cho‘qqimiz – aniq maqsadimiz bor.

B.O‘KTAM.

Сайт материалларидан тўлиқ ёки қисман фойдаланилганда веб-сайт манзили кўрсатилиши шарт!