Меню
Қашқадарё
ISTE’MOLDAN ORTGANI EKSPORTGA
Xususan, joylarda muttasil yangi intensiv bog‘lar barpo qilinmoqda, paxta maydonlari qisqartirilib, uning o‘rnida sabzavot, poliz mahsulotlari, dukkakli ekinlar ekishga asosiy e’tibor berilayapti. Natijada yurtimizda mo‘l-ko‘llik, bozorlar to‘kinligi ta’minlanayapti, narx-navo barqarorligi saqlanayapti. Ayni vaqtga kelib, biz ehtiyojdan ortgan mahsulotni tashqi bozorga chiqarish darajasiga ham yetdik. Zaminimizda ungan sarxil meva-sabzavot va poliz mahsulotlariga chet elda talabgor ko‘pligi eksport qilayotgan mahsulotlarimiz turi va hajmi hamda geografiyasini tobora kengaytirib borish imkonini bermoqda.
Ayni jabhada viloyatimiz ham ulkan salohiyatini namoyish etayotgani sir emas. Hududda barcha turdagi eksportbop qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish, shuningdek, ularni saqlash va ayrimlarini qayta ishlash uchun shart-sharoit, imkoniyat va resurs yetarli. Shu kunlarda pishgan meva-cheva, poliz mahsuloti va sabzavot borki, ichki iste’moldan ortgani saralanib, qutilarga joylanib, yuk tashuvchi transport vositalarida eksportga jo‘natilmoqda.
380 MING DOLLARLIK KELISHUV
Viloyatimizning Muborak tumani tuproq-iqlim sharoiti qishloq xo‘jaligi ekinlari, mevali daraxtlarning hududga mos keladigan turlarini tanlab ekishni taqozo qiladi. Biroq so‘nggi yillarda tumanda undirish biroz murakkab sanalgan sabzavot va poliz mahsulotlari yetishtirish keng yo‘lga qo‘yilib, bu borada katta tajriba to‘plandi va bugun yuqori mahsuldorlikka erishilmoqda. Ayniqsa, mahalliy tadbirkorlar tomonidan ko‘plab issiqxonalar qurilib, ularda pomidor, bodring va baqlajon yetishtirish avj oldi. Mazkur mahsulotlar bugun nafaqat ichki, balki tashqi bozorga ham yo‘naltirilayotgani bilan ahamiyatli.
- Hozirgi vaqtga qadar chet ellik hamkorlarimizga tumanimizda yetishtirilgan 8 ming dollarlik pomidor, 18 ming dollarlik baqlajon, shuningdek, 20 ming dollarlik qovun yetkazib berishga ulgurdik, - deydi tumandagi “Muborak Yaguar” mas’uliyati cheklangan jamiyati rahbari Oybek Abdullayev. – Rossiyadagi 2 ta firma bilan qiymati 380 ming dollarlik kelishuvga erishganmiz. Pomidor, baqlajon va qovundan tashqari, yil davomida sarimsoq va uzum sotish majburiyatimiz ham bor. Mahalliy 3 ta fermer xo‘jaligi va bir qancha tadbirkorlik subyektlari bilan mahsulot yetishtirib berish borasida shartnoma qilganmiz. Qolaversa, o‘tgan yili o‘zimiz ham 2 gektar yer olib, issiqxona barpo qildik. 1000 tonna sig‘imli, sovutish kamerali omborimiz bor. Shu bois xorijlik hamkorlarimizga buyurtmasini uzluksiz yetkazib berishda muammoga duch kelmaymiz.
Oybek Abdullayevning bildirishicha, kelgusida jamiyat qoshida zamonaviy texnologiyalar va xalqaro moliya muassasasi krediti asosida tomat pastasi ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish mo‘ljallangan. Ushbu tayyor mahsulotga ham chet elda xaridorlar talaygina.
MANFAATLI SHARTNOMALAR SONI OSHDI
Bir necha kun avval “Torpedo” navli 40 tonna qovun Nishon tumanidan 2 ta yuk mashinasiga yuklanib, Qozog‘istonga jo‘natildi. Shirindan shakar ushbu mahsulotni manzilda “Kuchmay” firmasi mas’ullari qabul qilib oladi. Tegishli eksport amaliyoti biroz avval Toshkent shahrida bo‘lib o‘tgan Xalqaro meva-sabzavot yarmarkasi chog‘ida mazkur firma va Nishon tumanidagi “Nishon oltin meva” mas’uliyati cheklangan jamiyati o‘rtasida imzolangan kelishuvga asosan bajarilmoqda. Tomonlar 1 million 600 ming dollarlik mahsulot oldi-sotdisi bo‘yicha shartnoma tuzgani e’tiborga molik.
- Yil boshida ham rossiyalik sheriklar bilan 2 million dollarlik mahsulot yetkazib berish bo‘yicha kelishgandik, nufuzli yarmarkada ishtirok etganimiz esa manfaatli shartnomalarimiz sonini ko‘paytirishga imkon yaratdi, - deydi jamiyat rahbari Beknazar Sariyev. – Mavjud majburiyatlarimizga ko‘ra, ushbu ikki davlatga joriy yil oxiriga qadar 10 xildan ziyod meva-sabzavot, poliz mahsuloti va uzum eksport qilishimiz lozim. Shu maqsadda tumanimizdagi 133 ta fermer xo‘jaligi va aholi vakillaridan mahsulot xarid qilishni ko‘zlayapmiz. Ular bilan ham shartnoma tuzganmiz. Ayni damda zaxiraga meva-cheva g‘amlashni ham boshladik. Katta miqdorda uzum, shaftoli tayyorlab qo‘ydik. Hali zamon ularni ham eksportga jo‘natamiz. Joriy yilda 15 gektar yer olib, “Jiyan” navli qovun ekdik. Har gektaridan 15 tonnagacha mahsulot olish mo‘ljalimiz bor. 10-15 kunda qovunlarni uzib olishga kirishamiz, daladanoq mashinaga yuklab, xorijlik sheriklarga yetkazib beramiz.
Muhimi, tadbirkor eksport qilinajak mahsulotni uzoq vaqt asl holicha saqlash masalasini ham ijobiy hal etdi. 540 million so‘m investitsiya kiritish sharti bilan “nol” xarid qiymatida olingan bo‘sh bino yaqinda Turkiya va Germaniyadan keltirilgan zamonaviy sovutish uskunalari bilan jihozlandi. Mazkur omborxonaga bir paytning o‘zida 280 tonna mahsulot joylash mumkin. Ushbu loyiha asosida 20 nafarga yaqin kishini ish bilan ta’minlash belgilangan.
XORIJDA MAHSULOTLARIMIZGA XARIDOR KO‘P
Kitob tumani mirishkorlari bog‘dorchilik va uzumchilikda dong taratgan. Bu yerda yetishtirilgan ta’mi tilyorar mevayu uzumga nafaqat yurtimizda, balki chet mamlakatlarda ham xaridor ko‘p. Xorijlik hamkorlar bilan mahsulot yetkazib berish bo‘yicha imzolanayotgan shartnomalar ko‘lami ham shundan dalolat beradi. Misol uchun, tumandagi “Ozodbek Foziljonovich” fermer xo‘jaligining 3,5 million dollarlik meva va uzumni eksportga sotish bo‘yicha kelishuvi bor. Xo‘jalik mutasaddilari ushbu kelishuv talablarini bajarishga astoydil harakat qilishmoqda. Mazkur subyekt tomonidan shu kunga qadar Qozog‘istonga 40 ming dollarlik mahsulot eksporti amalga oshirildi.
- Mamlakatimizda yetishtirilgan meva-sabzavot va poliz mahsulotlari chet ellik xaridorlarga nihoyatda manzur bo‘layapti, - deydi fermer Foziljon Vohidov. – Hamkorlarimiz bilan muloqotimiz chog‘ida bunga to‘la amin bo‘layapman. Ular bizdan barcha turdagi qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini sotib olish istagini bildirishayapti. Hozircha ko‘proq kishmish navli uzumdan jo‘natdik. Kuz fasli boshlanishi bilan xurmo va anor eksportiga kirishamiz. Ho‘l mevadan tashqari, mayiz, no‘xat, moshni eksportga chiqarish haqida o‘ylab turibmiz. Xullas, nimaga talab tushsa, shuni yetkazib berishga shaymiz.
Darhaqiqat, shu kunlarda dehqonu bog‘bonlarimizning ishi mo‘l. Pishib, maromiga yetgan meva-sabzavotni yig‘ib olish, saralash kerak. Chunki mahsulot qanchalik sifatli bo‘lsa, eksport ko‘lami oshadi. Bu esa barchaga birdek manfaat keltiradi. Avvalo, valyuta tushumi ortadi, buning evaziga kelgusida yurtimizga zamonaviy texnologiyalarni olib kelish imkoni paydo bo‘ladi. Natijada hududlarda yangi ishlab chiqarish korxonalari, xizmat ko‘rsatish shoxobchalari vujudga keladi. Ko‘plab ish o‘rinlari yaratiladi. Bu esa xalqimiz farovonligi yanada ortishi, iqtisodiyotimiz tobora ravnaq topishiga xizmat qilishi bilan diqqatga sazovordir.
Mirzohid JO‘RAYEV
Sobir NARZIYEV olgan suratlar.