Меню
Қашқадарё
ISLOM KARIMOV ISH USLUBI
O‘shanda “paxta ishi” niqobi ostidagi qatag‘onlar avjiga chiqqan, “markaz”dan kelgan “desantchi”lar tomonidan har bir xo‘jalikdan brigadirdan tortib raisgacha, 25-30 kishi tergovga chaqirilar, rais (direktor), bosh buxgalter, bosh iqtisodchi, kassir va albatta yana bir kishi – bo‘lim boshlig‘imi, ombor mudirimi, ekspeditormi qamoqqa olinar edi. Qamalmay qolgan bosh agronom, bosh injener, bosh zootexnik va shu kabi mutaxassislar lavozimidan ozod etilar, ular o‘rniga tajribasiz yoki tashkilotchilik qobiliyati past, o‘rtamiyona kadrlar qo‘yilar edi. Bundan tashqari, qanchadan-qancha kishilarning to‘lov vedomostlaridagi imzolari tekshirilar, ayrimlari og‘zaki so‘roq qilinardi.
Nohaq qamalgan va tergovga chaqirilganlarning oila a’zolari, qarindosh-urug‘lari prokuratura va sud idoralari eshigida sarson edi. Ko‘pchilik viloyat, tuman partiya qo‘mitalariga, yuqori idoralarga murojaat etar, lekin ulardan hech qanday yordam ololmasdi. Dard ustiga chipqon deganlaridek, aynan o‘sha og‘ir yillarda 3 yil surunkasiga viloyatda qurg‘oqchilik yuz berdi. Go‘yoki qashqadaryoliklarga tabiatning ham rahmi kelmasdi. “Qoraqum”ga o‘xshash chorvador xo‘jaliklar mollari suvtekinga sotib yuborildi, xo‘jaliklarning o‘zi tugatildi. Odamlarning ko‘ziga ish ko‘rinmas, hamma yarim karaxt, yarim falaj bo‘lib qolgan, vahimaga tushgan edi.1986-yildan “qayta qurish” siyosatining xo‘jalik va korxonalar rahbarlarini “saylash”, mehnat jamoalari kengashlarini tuzib, xo‘jalik yuritishni “demokratlashtirish” tajribasi boshlandi. Korxona-tashkilotlarning aksariyatida ushbu tadbir o‘zining teskari natijasini berdi. Talabchan, prinsipial rahbarlarning katta qismi mehnat jamoalarida to‘rt-besh yulg‘ich, qo‘li egri yoki dangasa kishilar buzg‘unchiligi tufayli saylovdan o‘ta olmadi. Ular o‘rniga ochiqchasiga davlat mulkini talon-toroj qiladiganlar yoki bundaylarning jilovini tortolmaydigan bo‘sh-bayov kishilar saylandi. Natijada ko‘pchilik korxona va tashkilotlarda mehnat intizomi buzildi, ahvol og‘irlashdi. Korxonalarning o‘zaro va davlat budjetiga to‘lovlari izdan chiqib, qarzdorlik keskin o‘sib ketdi. Qishloq xo‘jaligi korxonalarini qo‘ya turaylik, sanoat, transport, qurilish korxonalari ishchi-xizmatchilari maoshlari ham pasayib, ayrimlarida oylik maosh to‘lanmas edi. Viloyat tizimli inqirozga tushib qolgan edi.
Tizimli inqiroz deganda, ijtimoiy, iqtisodiy, siyosiy, kadrlar, mafkuraviy, madaniy, maishiy turmush, jamiyat hayotining barcha asosiy sohalaridagi inqiroz nazarda tutiladi. Odamlar kommunistik mafkuraga, ijtimoiy adolatga ishonmay qo‘ygan edi. Yashash shunday og‘ir davr va sharoitda viloyatga birinchi rahbar bo‘lib Islom Karimov kelgandi.
U kishi faoliyatining birinchi kunlaridanoq “desantchi”larning o‘zboshimchaligini, manmanligini jilovladi. U kishining qat’iyati sabab “desantchi”lar va ularning mahalliy gumashtalarining birdaniga tili qisilib qoldi.
Islom Abdug‘aniyevich viloyat partiya qo‘mitasining har bir mas’ul xodimi bilan shaxsan suhbatlashdi. Ularga “Siz mutasaddilik qilayotgan sohada 1986 yilda nimalarga erishildi? Agar ijobiy natijalar qo‘lga kiritilgan bo‘lsa, ularni mustahkamlash uchun, agar natijalar salbiy bo‘lsa, ularni to‘g‘rilash uchun nimalar qilish kerak?” va “Qashqadaryoni qoloqlikdan chiqarish uchun siz mutasaddi bo‘lgan sohada qanday o‘zgarishlar qilish lozim?” degan savollar bilan murojaat etdi.
Islom Abdug‘aniyevich har bir xodimni, ayniqsa “desantchi”larni savolga tutar, qizartirib, terlatib, fikrlarini rad etar, nega xom-xatala, o‘rganilmagan masalani ko‘tarib kelayapsan, deya koyir edi. Olib kelingan hujjatlarni qattiq tahrir qilar, bir necha marta qayta ishlashga majbur etar edi. Tezda ularning Islom Abdug‘aniyevich huzuriga kirishga yuragi betlamaydigan, tizzasi qaltiraydigan bo‘lib qoldi. Biz, qo‘mita apparatida ishlaydigan mahalliy kadrlar esa, qaddimiz ko‘tarilib, o‘z fikrimizni ochiq ayta boshladik. Hammamiz ko‘tarinki ruh bilan, viloyatdagi ahvolni o‘nglash uchun bahamjihat ishga tushib ketdik.
Lekin viloyatni qoloqlikdan olib chiqish, odamlarning ertangi kunga ishonchini tiklash uchun apparat ishini to‘g‘ri yo‘lga qo‘yish yetarli emas edi. Islom Abdug‘aniyevich deyarli bir oy davomida har kuni iqtisodiyot tarmoqlari, ijtimoiy himoya va ta’minot, ilm-fan, madaniyat, xullas, jamiyat hayotining har bir sohasi bo‘yicha viloyatning turli bo‘g‘in rahbarlari, tajribali mutaxassislari bilan norasmiy davra suhbati o‘tkazdi. “Qanday muammolar bor, sizning sohangizda viloyatni qoloqlikdan chiqarish uchun nimalarni o‘zgartirish, qanday yangiliklarni joriy qilish kerak?” degan savol bilan murojaat etdi. Jo‘yali takliflarni eshitsa, darhol yig‘ilish qaroriga kiritdi, tegishli mutasaddi tashkilotlarga topshiriq berdi.
Qaysi soha bo‘yicha davra suhbati o‘tkazilishi belgilangan bo‘lsa, u kishi tong sahardan viloyatning o‘sha sohaga mansub korxona va xo‘jaliklariga, obyektlariga borib ahvolni ko‘rar, joylardagi ishchi-xizmatchilar va mutaxassislarning fikrini o‘rganib qaytar edi. Shu sababli davra suhbatlari juda jonli va qizg‘in o‘tardi. Islom Abdug‘aniyevich bir oy ichida viloyatning barcha muammolarini ipidan-ignasigacha bilib oldi.
Davra suhbatlari samaradorligi faqat muayyan sohadagi muammolarni hal qilish bilangina cheklangan emas. Ularning o‘sha paytdagi muhim samarasi bor ediki, suhbatlar mazmuni, qarori ertasi kuniyoq butun viloyatga tarqalar, suhbat ishtirokchilari butun tafsilotlarni joylarda rahbarlarga, o‘z jamoasiga, yaqinlariga, qarindosh-urug‘lariga yetkazar edi.
Viloyatda qabul qilinayotgan qarorlar, amaliy ishlar xalqda ertangi kunga ishonchni tiklay boshladi. Ishdan qo‘li sovib qolgan qashqadaryoliklar mehnatga qaytdi. Buni qarangki, o‘sha yili tabiat ham kulib boqdi. Bahor seryog‘in kelib, odamlarning kayfiyatini ko‘tardi.
Islom Karimov oddiy kishilar, keksa va yoshlar, joylardagi suvchi, traktorchi, brigadir, cho‘pon-cho‘liqlar bilan suhbatlashishni, ularning g‘am-tashvishlariga sherik bo‘lishni yaxshi ko‘rardi. Suhbatlardan haqiqiy ahvolni, o‘zini qiziqtiradigan masalalar haqida oddiy odamlar, xalq fikrini bilib olardi.
Aytaylik, biror kishini tashkiliy bo‘lim va tuman rahbariyati qandaydir lavozimga tavsiya qilayapti. Barcha kerakli hujjatlar to‘plangan, xolis kishilarning fikrlari o‘rganilgan. Bunday hollarda Islom Abdug‘aniyevich tavsiya qilinayotgan kishi tug‘ilgan yoki ishlayotgan tumanga yo‘l olib, o‘sha yoqqa ketayotgan chol-kampirnimi, boshqa bir kishinimi mashinasiga chiqarib olgan va ular bilan turmush tashvishlari, viloyat va tuman rahbarlarining ishlari, fe’l-atvori, odamgarchiligi, qobiliyati haqida erkin suhbatlashib ketgan. Kezi kelganda, lavozimga tavsiya etilayotgan kishi haqida so‘ragan. U haqda rasmiy hujjatlarda aniqlab bo‘lmaydigan detallarni bilib qaytgan. Shu asosda tavsiya qilayotgan bo‘limga “yaxshi kadr tanlabsizlar, uning shunday ijobiy jihatlari bor” yoki “kadrlaring biroz xom, hali pishib yetilmagan” yo bo‘lmasa “bilimi, tajribasi yetarli-da, lekin unda qat’iyat, izchillik yetishmaydi, rahbarlikni tortolmaydi”, deya fikrini bildirardi, hech kim eshitmagan, bilmaydigan faktlarni keltirar edi.
U kishining dalalarni yolg‘iz aylanib yurganida, suvchilar, traktorchilar, cho‘ponlar, dala shiyponida chopiqqa, yaganaga chiqqan ayollar bilan qilgan suhbatlarini bugun ko‘pchilik eslaydi.
Suhbatlar beiz qolmadi. Joylarda mehnat va hordiq chiqarish sharoiti yaxshilandi. Shiyponlarda issiq ovqat tayyorlanadigan bo‘ldi, do‘konlar ochildi. Ularda non, qadoqlangan choy, tuz, shakar-qand, sovun, moy, gugurt, kalish va shunga o‘xshash ro‘zg‘or uchun kerakli mahsulotlar bor edi.
Bu gaplarni kimdir mayda-maishiy gaplar, Islom Karimov kabi buyuk inson va yo‘lboshchi haqida yirik, olamshumul dalillarni, voqealarni eslash to‘g‘riroq bo‘lardi, deb hisoblashi mumkin. Ammo aynan shu mayda detallarda Islom Karimovning asl buyukligi, teran xalqchilligi namoyon bo‘ladi. Uning fe’l-atvori va insoniy fazilatlarining chuqur ildizlari xalq bilan tutashib ketgani ko‘rinadi. Qolaversa, xalq fikrini, kayfiyatini bilish – bu boshqaruvda sotsiologik tadqiqotni qo‘llash demakdir. Chunki og‘zaki suhbat, kuzatuv sotsiologik tadqiqotning usulidir.
“Paxta ishi”ning amalda qatag‘onning yangi ko‘rinishi ekanini ham Islom Karimov oddiy odamlarga yaqinligi tufayli tezda anglab yetdi. Qatag‘onchilar ayb qo‘yishda amalda turli buxgalteriya, tayyorlov, kirim-chiqim hujjatlariga, tergov berayotganlardan qo‘rqitib olingan ma’lumotlarga tayanar edi. Tashqi tomondan go‘yoki hammasi qonuniy edi. Ammo viloyatning yangi rahbari qamalganlarning najot so‘rab kelgan oila a’zolari bilan suhbatlashib, “paxta ishi” zamirida aslida zulm, zo‘ravonlik, qo‘rqitish va xalqni talash yotganiga amin bo‘ldi. Shijoat va jasorat bilan nohaqlikka qarshi kurashni boshlab yubordi.
Viloyatning avvalgi rahbarlaridan najot ololmagan kishilar yangi rahbar qabuliga oqib kela boshladi. Ularning har birini qabul qilib, yordam berishga ishontirib, xotirjam qilishi barcha qashqadaryoliklarda umid uyg‘otdi. Bu umidlar ro‘yobga chiqa boshlagach, qashqadaryoliklarda yangi rahbarga nisbatan mehr-muhabbat va sadoqat tuyg‘usi mustahkamlandi.
Islom Karimov tabiatan islohotchi-ijodkor rahbar edi. Uning bu xususiyati Qashqadaryoni qoloqlikdan olib chiqishda, iqtisodiyotni boshqarishga yangi usullarni joriy qilishda, odamlarning turmush va mehnat sharoitini yaxshilashda, sog‘liqni saqlash, xalq ta’limi, madaniyat, sport masalalariga alohida e’tibor qaratishda yaqqol ko‘zga tashlandi, xalqqa ham, yuqori rahbarlarga ham manzur bo‘ldi. Sobiq markaz uning o‘z fikriga egaligidan, mustaqil qarorlar qabul qilib, “markaz”ning nomaqbul ko‘rsatmalarini inkor qilishidan biroz cho‘chisa-da, tizimli inqirozga tushib qolgan O‘zbekiston rahbarligiga uni tavsiya qilishdan boshqa chora topa olmadi.
Islom Karimovning ish uslubiga nazar tashlasak, birinchidan, bu uslub barcha axborotni, vaziyatni imkon qadar to‘la va aniq bilishga, har tomonlama tahlil qilib, xulosalar chiqarishga, ijobiy amaliy natijaga erishishga qaratilgan.
Ikkinchidan, masalaning mohiyatli, birinchi darajali jihatlari, sabablari aniqlanib, ikkinchi darajalilaridan ajratilar, shoshilmasdan va ayni paytda paysalga solinmasdan tez va to‘g‘ri qaror qabul qilinar edi.
Uchinchidan, qabul qilingan qaror ijrosi oxirigacha yetkazilar, qattiq nazoratga olinar edi. Chora-tadbirlar qo‘l uchida bo‘lmasdi. Har bir band ijrochisi, moliyaviy va moddiy manbalari, muddati aniq belgilanardi. Shu ma’noda Islom Abdug‘aniyevich doimo “Eng yaxshi g‘oya, qaror ham tashkiliy va iqtisodiy jihatdan ta’minlanmasa, o‘zini obro‘sizlantiradi” degan fikrni tez-tez takrorlab, uqtirib turardi.
To‘rtinchidan, qilajak ishlarimiz to‘g‘riligi va zarurligiga xalq ishonch hosil qilib, bizni qo‘llab-quvvatlasagina muvaffaqiyatga erishish mumkinligini ta’kidlardi. Buni u kishi masalani mafkuraviy ta’minlash, xalqqa suyanish, deb atardi. Shunday qilib, har bir tadbir, dastur moddiy-moliyaviy, tashkiliy va mafkuraviy jihatdan ta’minlanar edi.
O‘zbekiston rahbari lavozimida Islom Karimov o‘zini buyuk davlat arbobi, ulkan nazariyachi va amaliyotchi sifatida ko‘rsatdi. U kishi yaratgan taraqqiyotning “o‘zbek modeli”ni butun dunyo tan oldi. Iqtisodiyot, ta’lim, sog‘liqni saqlash sohalarida o‘tkazilgan islohotlar va ularning natijalari xalqaro konferensiyalarda o‘rganildi, BMT rasmiy hujjatlari sifatida butun dunyoga tarqatildi.
Islom Karimov jamiyatni har tomonlama yangilash va mamlakatni barqaror rivojlantirish bo‘yicha ulkan maktab yaratib ketdi. U kishining masalaga teran, xolis ilmiy yondashuvi, ish uslubini har tomonlama o‘rganish, o‘zlashtirish keyingi taraqqiyot yo‘limizda ham asqatishi shubhasiz.
Abdurahim ERKAYEV,
falsafa fanlari nomzodi