Меню

Қашқадарё

25.02.2017 2412

IRIM-SIRIM – BEMA’NI NARSA

Ma’lumki, taqdirga imon keltirish dinimiz asoslaridan biri. Shunday ekan, barcha yaxshilik va yomonliklarni taqdirdan deb bilish va u Allohning xohishi bilangina yetadi, deb ishonish eng to‘g‘ri yo‘ldir.

Islomdan ilgarigi johiliyat zamonida odamlar bipop ishni qilmoqchi bo‘lsalar, qush uchirib ko‘rar edilar. Agar qush tepaga ko‘tarilib o‘ng tomonga uchsa, xursand bo‘lib, o‘sha ishni boshlardilar. Agar qush chap tomonga uchsa, xafa bo‘lib, shumlanar va o‘sha ishni qilmas edilar. Payg‘ambarimiz alayhissalom ushbu e’tiqodni rad qilib, insonlar shumlanayotgan narsalar hech qanday zarar ham, manfaat ham keltira olmasligini bayon qildilar. Bu borada Abu Hurayra (r.a.) rivoyat qilgan bir hadisda Payg‘ambarimiz (s.a.v.) bunday deganlar: “Kasallikning yuqishi yo‘qdir, shumlanish yo‘qdir, ruhlarning qushga aylanib yurishi yo‘qdir, safar oyidan shumlanish yo‘qdir”.

Hozirgi kunda ham kishilar orasida ana shunday noto‘g‘ri fikr va irim-sirimlar uchrab turadi. Masalan, yo‘lda ketayotgan odam oldidan qora mushuk o‘tsa, bir falokat yuz beradi, deb tushunadi. Asr vaqtida qichqirgan xo‘rozni ham bexosiyat hisoblab, uni so‘yib yuborish kerak, deb o‘ylaydilar. Bu kabi illatlarni ko‘plab sanash mumkin.

Ikkita farzandni bir vaqtda uylantirganda ulardan birining oilasi baxtsiz bo‘ladi, deb o‘ylaydiganlar ham bor. Bunday fikr insonlar o‘rtasida o‘zaro kelishmovchilik, shubha-gumon va fitnalarga sabab bo‘lgani uchun Payg‘ambarimiz alayhissalom bu kabi noto‘g‘ri fikrlarning har qanday ko‘rinishini rad qilgan. Aslida yoshlarni oilaning iqtisodiy imkoniyatiga, oila boshliqlarining o‘zaro kelishuviga muvofiq kam xarajat bilan nikohlab qo‘yish savobli ish. Chunki dinimiz ko‘rsatmalarida “Xayrli ishlar kechiktirilmaydi”, deyiladi. Qaysi oyda, qaysi kunda, qanday tartibda bo‘lsin, yoshlarning to‘ylarini qilib ularni xursand qilish sunnatdir.

Turli bo‘lmag‘ur irimlarga ishonuvchilarga esa shunday deyish mumkin: agar taqdirda baxtsizlik yozilgan bo‘lsa, farzandlar alohida-alohida nikohlab qo‘yilsa ham yoshlar bebaxt bo‘lishi yoki aksincha qo‘sha nikoh bilan oila qurgan yoshlar eng saodatli xonadon sohiblari bo‘lishlari mumkin. Ahmad ibn Hanbal (r.a.) rivoyat qilgan hadisda Payg‘ambar alayhissalom: “Taqdirni duodan o‘zga hech narsa qaytara olmaydi, umrni yaxshilikdan o‘zga hech narsa uzaytira olmaydi”, deydilar.

Irim-sirimlardan yana biri – safar oyidan shumlanishdir. Islomdan ilgarigi johiliyat zamonida bu oy haqida odamlar turli yomon gumon qilar edilar. Ular safar oyi ichida nikoh munosabatlarini bog‘lamas, biror ezgu ishga qo‘l urmas, tijorat yoki boshqa maqsadda ham safarga chiqmas edi. Buning ta’siri odamlar orasida hali ham saqlanib qolgan. Ikki hayit o‘rtasida to‘y qilmaslik, yangi uyga ko‘chib o‘tmaslik kabi e’tiqodlar shular jumlasidan. Bunday noto‘g‘ri qarash yaxshi va xayrli ishlarning kechikishiga sabab bo‘ladi. Natijada insonlar hayotidagi intizom izdan chiqadi.

Kishi bunday holatga tushganda, Alloh taolodan yordam so‘rab duo qilishi lozim. Urva ibn Omir roziyallohu anhu rivoyat qilgan hadisda Rasululloh alayhissalom: “Qaysi biringiz odamlar shumlanadigan biror narsani ko‘rib qolsangiz shunday deb duo qiling: “Ey Alloh! Yaxshilikni faqat O‘zing keltira olasan va yomonliklarni daf qilguvchi ham faqat O‘zingsan, kuch va quvvat ham faqat sendadir”.

Rasululloh (s.a.v.) dedilar: ummatimning ajralmas uch xususiyati bor: shumlanish, hasad va badgumonlik. Shunda bir odam: “Yo Rasululloh, kimda shu xislatlar bo‘lsa, uni qanday ketkazadi?”, deb so‘radi. Rasululloh (s.a.v.) javob berdilar: “Qachon hasad qilsang, Allohga istig‘for aytgin. Qachon gumon qilsang, uni tasdiqlamagin, qachon bir narsadan shumlansang, parvo qilmay o‘z ishingda davom etaver”.

Bundan ko‘rinadiki, turli narsa-hodisalardan shumlanib, irim-sirim qilish behuda narsa. Irim-sirim, bid’at-xurofotlarga ishonish mumkin emas. Sababi, ularning asli yo‘q. Bunday irim-sirimlar Qur’oni karimda bir necha oyatlar bilan rad etilgan. Hadislarda insonlar bunday yomon ishlardan qaytarilgan.

Rasululloh (s.a.v.) bir hadisi shariflarida “Irim-sirim qilingan narsalar Alloh taoloning taqdirisiz ta’sir etmaydi”, deb marhamat qilgan bo‘lsalar, boshqa bir hadislarida “Irim-sirim bema’ni narsadir”, deganlar.

Kishilar ba’zan yo‘l ustida biror jonivor uchrashidan, qarg‘a va boyo‘g‘li tovushidan hamda ba’zi bir raqamlardan irim qilishadi. Mazkur irimlar sabab muhim ishlarni yoki harakatlarni kechiktirish durust emas. Vafot etgan odamning ruhi kelib, turli jonivorlar shaklida chirqillab turadi degan gap qilish ham botil irimlardandir. Boyo‘g‘lining sayrashidan hech kimga zarar yo‘qdir. Chunki odamlar o‘ylaganiday, boyo‘g‘li sayraganida yoki in qurganda, daraxtlar qurib, uylar vayronaga aylanmaydi, aksincha boyo‘g‘li qurigan daraxtlar va vayronalarni qidirib topib, o‘sha joylargagina in quradi. Chunki uning yemishi bo‘lmish sichqon va kalamushlar, odatda, xuddi ana shunday yerlarda bo‘ladi.

Imonli kishi bunday ishlarni o‘zi ham qilmaydi, birovning ham qilishiga rozi bo‘lmaydi. Zero, og‘ir kunlarda insonning yordamchisi faqat Alloh taolo va qutulish vositasi duodir. Abu Hurayra roziyallohu anhu rivoyat qilib keltirgan hadisda Payg‘ambarimiz alayhissalom: “Balolardan, qora kunlardan, taqdir qabohatlaridan va dushmanlarning hasadidan o‘zingizga panoh tilab, Alloh taologa duo-iltijo qilinglar!” deydi.

Xulosa qilib aytish mumkinki, irim qilib, xayrli ishlarni boshqa muddatlarga ko‘chiradigan, boshqalarning ham fikrini chalg‘itib qo‘yayotgan ayrim kimsalar yuqorida aytilgan gaplardan o‘zlariga tegishli xulosa chiqarib olishlari darkor. Chunki bunday botil tushunchalarga ko‘r-ko‘rona ergashish xurofotga ergashishdir. Har qanday holatga aql bilan tafakkur qilib, ilm bilan yondashsak, nur ustiga a’lo nur bo‘ladi.

Rahmatillo USMONOV,

O‘zbekiston musulmonlari idorasining viloyatdagi vakili, viloyat bosh imom-xatibi

Сайт материалларидан тўлиқ ёки қисман фойдаланилганда веб-сайт манзили кўрсатилиши шарт!