Меню
Қашқадарё
INSONPARVARLIKNING YUKSAK NAMUNASI
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati tomonidan 2016-yil 12-oktabrda qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganligining yigirma to‘rt yilligi munosabati bilan amnistiya to‘g‘risida”gi qaror bilib-bilmay adashgan, qilmishidan to‘g‘ri xulosa chiqargan kishilar uchun katta imkoniyat yaratdi. Qaror mohiyatida xalqimizga xos kechirimlilik, bag‘rikenglik, insonparvarlik tamoyillari muhim o‘rin tutgan bo‘lib, unda birinchi navbatda ayollar, jinoyat sodir etgan vaqtda 18 yoshga to‘lmagan shaxslar, 60 yoshdan oshgan erkaklar, chet el fuqarolari, nogironlarni jazodan ozod qilish nazarda tutilgan.
Azaldan bilmay xato qilganni yoki qilmishidan pushaymon bo‘lganlarni kechirish, ularga yana imkon berish xalqimizga xos bag‘rikenglik fazilatlaridandir. Amnistiya akti zamirida ham shunday buyuk insonparvarlik mujassam. Bunday bag‘rikenglik va kechirimlilik, ayniqsa, adashib jinoyat ko‘chasiga kirib qolganlarni qayta tarbiyalash, sog‘lom hayotga qaytarishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Baxt-saodat va xotirjamlik - har birimizning o‘z uyimizda, oilamiz bag‘rida, farzandlarimiz davrasida. Bu galgi amnistiya aktiga ko‘ra, muassasamizda jazo muddatini o‘tayotgan bir guruh mahkumlar ana shu baxtga erishdi. Qat’iy tuzalish yo‘liga o‘tgan mahkumlarning 20 nafari amnistiya akti asosida jazodan ozod etildi. Senat qarori ijrosini ta’minlash yuzasidan o‘tkazilgan tadbirlarda viloyat hokimligi, sud, prokuratura va ichki ishlar idoralari xodimlari ishtirok etdi.
Andijonlik Doniyorbek Rahmatullayev bilib-bilmay jinoyat ko‘chasiga kirib, kelajagi uchun dog‘ tushirdi. Umrining eng gullagan davrini xazon qildi. Jazo muddatini o‘tash davrida otasi vafot etdi. O‘g‘il bo‘lib padarini so‘nggi manzilga kuzata olmadi. Uyda yolg‘iz onasining koriga yaramadi. Yaray olmadi. Muassasada o‘tgan yillar uning hayotga qarashlarini o‘zgartirdi, u elga nafi tegadigan odam bo‘lishga qaror qildi.
Vodiylik Mahammadjon Ismoilov esa amnistiya aktiga asosan muddatidan oldin ozodlikka chiqayotgan o‘g‘li Boburbek Isaqov g‘o‘rlik qilib, zararli g‘oyalar ta’siriga tushib qolganini afsus bilan qayd etardi.
Umuman, amnistiya tufayli yana ozodlik havosidan nafas olganlarning ko‘zlarida quvonch porlaydi, tillarida shukrona. Ular Yurtboshimiz va bag‘rikeng xalqimiz bildirgan yuksak ishonchga munosib bo‘lishga so‘z berdilar. Zero, bu ularni yaxshilik qilishga undaydi, hayotda o‘z o‘rinlarini topishlariga umid uyg‘otadi.
Z.RAVSHANOV,
jazoni ijro etish muassasasi boshlig‘i