Меню

Қашқадарё

14.02.2017 3310

IMMUNITET NEGA PASAYADI?

Ma’lumki, immunitet organizmning kasalliklarga qarshi chidamliligidir. Aslida inson hayoti davomida ikki xil immunitet ta’sirida bo‘ladi. Tug‘ma immunitet onadan bolaga sut orqali o‘tsa, orttirilgan immunitet odam ulg‘ayib, yuqumli kasallik bilan birinchi marta kasallanganda yuzaga keladi. Bunda doimiy immunitet paydo bo‘ladi. Tibbiyotda esa odamni ba’zi xavfli kasalliklarga qarshi himoyalash maqsadida vaksinatsiya, ya’ni emlash ishlari olib boriladi va organizmda immunitet hosil qilinadi. Endi bir savol tug‘iladi: xo‘sh, immunitetning pasayishi qaysi omillarga bog‘liq o‘zi?

- Immunitet pasayishining ko‘plab sabablari bor, - deydi Qarshi shahridagi ko‘p tarmoqli markaziy poliklinika immunologi, vrach Hilola Behbudova. - Masalan, kuzda yig‘ib olinib, bahor kelishigacha saqlangan mevalarda mikronutriyentlar miqdori kamayib ketadi. Shuningdek, ekologik o‘zgarishlar, turli zaharli vositalarni qishloq xo‘jaligida qo‘llash, kimyoviy moddalar, sifatsiz, sun’iy, muddati o‘tgan mahsulotlar, konservantlar ham immunitetga salbiy ta’sir qiladi. Tarkibida ko‘p miqdorda shakar saqlovchi mahsulotlar, bilib-bilmay parhez tutish ham immunitetni pasaytirib, organizmni charchatadi. Natijada organizmdagi hayotiy muhim jarayonlarda zarur bo‘lgan rux va selen mikroelementlarining kamayishi immunitet pasayishini keltirib chiqaradi.

Nemis olimlarining aniqlashicha, har qanday antibiotik, hatto u o‘z o‘rnida qo‘llangan bo‘lsa-da, odam immunitetini 65-70 foizga pasaytirar ekan. Kundalik hayotimizda ko‘plab asabbuzarliklar, jismoniy va aqliy zo‘riqishlarga uchraymiz. Shuningdek, ko‘zga ko‘rinmas mikrob va bakteriyalar odamni holdan toydiradi. Mutaxassislar meyoriy uyqu vaqti 7-8 soat bo‘lishi kerakligini aytishmoqda. Meyorida uxlamaslikning ham immunitet pasayishiga ta’siri bor.  

- Immunitet pastligi organizmda ko‘plab noxushliklarni keltirib chiqaradi, - deydi Qarshi davlat universitetining biotexnologiya fakulteti o‘qituvchisi Murodulla Halimov. - Shuning uchun organizmning vitaminlar va ma’danli moddalarga bo‘lgan ehtiyojini qondirish kerak.  Masalan, A vitamini yetishmovchiligida ko‘zning ko‘rish quvvati pasayadi. Teri quruqlashib, unda mayda toshmalar paydo bo‘ladi. Soch to‘kilib, tirnoqlar mo‘rtlashib, sinadi. Vitaminlarga boy mahsulotlar immunitetni ko‘tarishga xizmat qiladi. Unutmang, qizil va sariq rangdagi barcha sabzavotlar o‘z tarkibida A vitaminini saqlaydi.

C vitamini ko‘proq ko‘katlarda, undirilgan don maysalaridan tayyorlangan taomlarda bo‘ladi. Mazkur vitamin vujudni yuqumli kasalliklardan himoya qiladi. Sitrus mevalari, shuningdek, na’matak, qora qarag‘at, bulg‘or qalampiri, olma, chakanda, yertut, kartoshka, karam va dukkakli mahsulotlar C vitaminiga boy. O‘rtamiyona tuzlangan karam ham foydali. Shuningdek, taomnomada go‘sht, baliq, tuxum, sut-qatiq, dukkakli mahsulotlar va yong‘oq yetarlicha bo‘lishi lozim.

Bundan ko‘rinadiki, ovqatlanishda vitaminlarning miqdoriga ahamiyat berish lozim.

Umuman olganda, ko‘plab kasalliklarning og‘ir yoki uzoq muddatli kechishi immunitetga ko‘p jihatdan bog‘liq. Immunitet kuchli bo‘lsa, avvalo odam kasallikka chalinmaydi. Shunday ekan, uni mustahkamlash choralarini ko‘rish har bir odamning o‘z qo‘lida.

Sojida ALLAYOROVA

Сайт материалларидан тўлиқ ёки қисман фойдаланилганда веб-сайт манзили кўрсатилиши шарт!