Меню
Қашқадарё
GEOTERMAL – CHEKSIZ ENERGIYA MANBAI
Biroq tabiat o‘z bag‘rida asrab-avaylab kelayotgan barcha ne’matlarning ham cheki bor. Shu bois ham so‘nggi yillarda energiya tejamkorligini oshirish, ekologik toza, qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish ko‘lamini yanada kengaytirish masalalari butun dunyoda tobora katta ahamiyat kasb etib borayapti. O‘z o‘rnida, bir qancha taraqqiy etgan mamlakatlarda bu sohada ulkan tajriba ham to‘plangan.
Bugungi kunda muqobil energiya manbalarining asosan beshta - quyosh, shamol, suv, yer tubidagi issiqlik (geotermal) va biomassa energiya turlari istiqbolli ekani bu borada olib borilgan tajribalarda o‘z isbotini topmoqda.
Geotermal energiya manbalaridan keng foydalanish istiqbolli yo‘nalishlardan biri sanaladi. Bunda energiya yer yuzasidan to‘g‘ridan-to‘g‘ri olinadi. Eng faol geotermal nuqtalar asosan vulqonlar yaqinida, shuningdek, issiq buloqlar, geyzerlar mavjud hududlarda joylashgan bo‘ladi.
Ta’kidlash joiz, “geotermal” so‘zi yunonchada “tuproq issiqligi” ma’nosini anglatib, cheksiz energiya manbai demakdir. Chunki Yer yadrosidagi issiqlik doimo saqlanib turadi. Geotermal energiya tabiiy hosil bo‘ladigan bug‘ va issiq suvdan foydalanish yo‘li bilan olinadi. Qolaversa, bu atrof-muhit, ya’ni ekologiya uchun xavfsiz usul sanaladi.
Geotermal energiya yerda yonuvchi gazlar va kosmik changlar aralashishi natijasida 4 milliard yil avval paydo bo‘lgan. Qadimda odamlar yer ostidan otilib chiqqan qaynoq va issiq suv manbalaridan ayrim xastaliklarni davolashda ham foydalangan. Vaqt o‘tgan sari bu shifobaxsh suvlardan boshqa maqsadlarda ham keng foydalanila boshlandi. Masalan, qadimgi rimliklar Pompey shahrida geotermal suv yordamida binolarni isitish tizimini yaratgan. Amerikalik hindular esa deyarli 10 ming yil avval issiq suv manbalaridan taom pishirishda foydalangan. Bir necha yuz yillar davomida italiyalik dehqonlarga geotermal energiya issiqxonalarni isitishda, namlikni tutib turishda juda qo‘l kelgan. AQShda esa bir asrdan ko‘proq vaqt davomida geotermal energiya yordamida uylar, ochiq hovuz va tijorat binolar isitilib kelinadi.
Hozirgi vaqtga kelib, Xitoy, Yaponiya, AQSH, Fransiya, Germaniya, Italiya, Ispaniya kabi mamlakatlarda geotermal manbalardan samarali foydalanilmoqda. Xususan, uning asosida olingan tovar Kaliforniya shtati (AQSH) shimoliy qirg‘oqlari aholisining elektr energiyasiga bo‘lgan ehtiyojining 60 foizini qoplayapti.
Xorijlik mutaxassislarning fikricha, O‘zbekiston muqobil energetika sohasida ulkan salohiyat va imkoniyatga ega bo‘lgan mamlakat hisoblanadi. Jumladan, quyosh energiyasidan foydalanishda mamlakat iqlimi juda qo‘l keladi. Shuningdek, bizda shamol energetikasi ham istiqbolli deb hisoblanadi. Ular qatoriga geotermal energiyani ham qo‘shish mumkin. Chunki uning o‘ziga xos afzalliklari mavjud. Masalan, geotermal hududda, ya’ni yerda issiqlik doimiy manba bo‘lib, u o‘zgaruvchan emas, shamol esa o‘zgaruvchan. Shamol bo‘lmasa, energiya ham mavjud emas. Shamol bo‘lsa ham uning tezligi o‘zgaruvchandir. Shu bois, uni nazorat ostida tutib turish mushkul. Shuningdek, quyosh energiyasini ham kunning bulutli kunlarida ko‘ngildagidek olib bo‘lmaydi. Demak, geotermal energiya o‘zida ko‘plab imkoniyatlarni mujassam etgan.
Yurtimiz hududida 10 ga yaqin gidrotermal resurs manbai mavjudligi aniqlangan. Xususan, viloyatimizning Muborak, Nishon, Koson, Qamashi, Mirishkor tumanlarida yer ostidan 60-70 daraja haroratdagi issiq suv sizib chiqadi. Mazkur imkoniyatdan samarali foydalanilsa, undan qishloq xo‘jaligi, sanoat yoki turar joy binolari, issiqxonani isitishda foydalanish mumkin. Biroq mazkur yo‘nalishda tadqiqot ishlari, tajribalar, loyihalar yetarli darajada amalga oshirilgan, deyish qiyin. Ba’zi mutaxassislar mazkur masalaga bir qarashda muvaffaqiyatsiz, deb xulosa beradi. Biroq bu masalada hudud sharoiti, mavjud imkoniyat va shart-sharoitlarni hisobga olib, aniq bir yechim berilmagan.
Albatta, bunda katta mas’uliyat qayta tiklanuvchi energiya sohasida tadqiqot ishlarini olib borayotgan iste’dodli yoshlar zimmasiga tushadi. Zero, mutaxassislarning aytishicha, yaqin kelajakda davlatlarning barqaror taraqqiy etishi energetika imkoniyatlaridan, xususan, muqobil energiya manbalaridan qanchalik darajada foydalanishiga bog‘liq bo‘lishi mumkin.
Azizbek NOROV