Меню

Қашқадарё

19.07.2016 873

EZGU INTILISHLARIMIZ TIMSOLI

 

Tarixga nazar tashlaydigan bo‘lsak, o‘zbek milliy davlatchilik ramzlari ancha qadimga borib taqaladi. Bundan 2500 yil muqaddam Erondan Oltoyga qadar cho‘zilgan ulkan sarhadda hukm surgan qadimgi turk xoni O‘g‘uzxon davrida ham turkcha “tamg‘a” so‘zi aynan shu ma’noni bildirar edi. XII asrning mashhur tarixchisi Rashididdin Hamadoniy “Tanlangan tarixlar” nomli kitobida shahodat berishicha, O‘g‘uzxon o‘z mol-mulkini o‘g‘illariga ulus sifatida kichik davlatlarga bo‘lib, in’om etgan. Ushbu davlatlar ham o‘zlarining xonlik tamg‘alariga ega edi. O‘sha,    “tamg‘a” so‘zining ma’nosi bugungi polyakcha “herb”, nemischa “Erbe” – “meros” so‘ziga to‘la mos keladi.

Amir Temur davlatida ham gerbga alohida ahamiyat berilgan. Markazlashgan davlatning 3 halqa tasvirlangan gerbi bo‘lgan. Bu ulug‘ bobomizning uch iqlim – shimol, janub va g‘arbda hukmron ekaniga ishoradir. Zamonlar o‘tishi bilan bayroqlar, qog‘oz pullar va muhrlarda gerblarning tasviri tushirila boshlagan.

Mustaqil diyorimiz gerbida tasvirlangan gullagan vodiy uzra nur sochayotgan oftob serquyosh yurtimizga, undagi obod manzillarga ishora. Baland tog‘lar oralab oqayotgan daryolar - hayot boqiyligi timsoli bo‘lsa, bug‘doy boshoqlari xalqimizning rizq-ro‘zi butunligidan, qiyg‘os ochilgan g‘o‘za ifodalangan chambar xalqimizning ezgu niyatlaridan dalolatdir. Gerbning yuqori qismidagi sakkiz qirrali yulduz mamlakatimiz xalqining jipsligini, musamman ichidagi yarim oy qo‘lga kiritilgan mustaqilligimizni, yulduz xalqimiz hamisha komillikka intilishi va saodatga eltuvchi yo‘lni tanlaganini bildiradi. Gerb markazidagi Humo qushi qadimdan baxt va davlat qushi, erk, saodat, himmat, olijanoblik, omad timsoli hisoblangan.

Bir so‘z bilan aytganda, O‘zbekistonimiz gerbi mamlakatimiz kechasi, buguni va ertasini, o‘zligimizni ifoda etgan timsoldir.

B.JONIMOV

Сайт материалларидан тўлиқ ёки қисман фойдаланилганда веб-сайт манзили кўрсатилиши шарт!