Меню

Қашқадарё

19.07.2016 1465

EZGU INTILISHLARIMIZ IN’IKOSI

Sababi, sobiq tuzum davri asoratlari esimizdan chiqib ulgurgani yo‘q. Sovet davlati hali o‘zining hukmronlik kuchini yo‘qotmagan, uning repressiv siyosati davom etayotgan, "paxta ishi" degan tuhmat, sun’iy ravishda o‘ylab topilgan siyosiy kampaniya paytida qanchadan-qancha odamlar nohaq qamalgan, tazyiq va ta’qiblarga uchragan, xalqimiz o‘rtasida tushkunlik, ertangi kunga ishonchsizlik kayfiyati, qo‘rquv va vahima keng tarqalgan bir paytda ana shunday o‘ta og‘ir, umumiy inqiroz hayotning hamma sohalarini to‘liq qamrab olgan tahlikali sharoitda mustaqillikka erishish masalasi kun tartibiga qat’iy qo‘yilishi chin ma’noda tarixiy hodisa edi.

O‘z faoliyatimdan misol. Buyruq kutish bilan vaqt o‘tkazardik. Shaxsiy tashabbus rag‘batlantirilishi o‘rniga jazolanardi. Ba’zida milliy qadriyatlarimizga putur yetkazadigan har xil vazifalar, rejalar belgilanardi. Ularni qay tartibda bajarish ustida bosh qotirardik. Ustiga-ustak Gdlyan, Ivanov singari desantchilarning ta’siri shaharlardan tortib uzoq-uzoq qishloqlargacha yetib borgandi. Ularning qattol ish uslubi natijasida viloyat rahbari muovinlari, bo‘lim mudirlari, shahar va tuman partiya qo‘mitalarining kotiblari, viloyat ijroiya qo‘mitasi raisi, uning 4 nafar o‘rinbosari, mas’ul kotibi, shahar va tuman ijroqo‘mlarining 12 nafar raisi, yirik tashkilotlarning rahbarlari, kolxoz va sovxozlarning 100 ga yaqin raisi va direktori ishdan olingan hamda ularning aksariyati jinoiy javobgarlikka tortilgandi.

Ishlab chiqaruvchi kuchlar va avvalo sanoat obyektlari asosan stixiyali ravishda, aniqrog‘i, har xil o‘zboshimchalik, buyruqbozlik bilan qabul qilingan qarorlar asosida, ko‘pincha ilm-fan vakillari, bilimli va obro‘li mutaxassislarning tavsiyalari mutlaqo e’tiborga olinmay joylashtirildi. Bu esa respublika iqtisodiyoti hamda aholi punktlarining ekologiyasiga g‘oyat katta ziyon yetkazib, aholining hayot ta’minotiga, odamlarning yashashi va uyg‘un kamol topishi uchun zarur sharoitlarni yaratishga salbiy ta’sir o‘tkazdi.

O‘zbekiston sobiq ittifoq tarkibida uzoq yillar davomida hukm surgan ma’muriy-buyruqbozlik tizimi ta’sirida faqat xomashyo yetkazib berishga asoslangan, qoloq va mo‘rt iqtisodiyotga ega bo‘lib, bu holat respublika aholisi daromadlari va turmush darajasiga ancha keskin ta’sir ko‘rsatdi.

Inson manfaati to‘g‘risida so‘z borar ekan, bir necha raqamlar ustida to‘xtalib o‘tishga to‘g‘ri keladi. Istiqlol arafasida mamlakatimizdan olib chiqib ketilayotgan boyliklarning 70 foizini faqat xomashyo tashkil qilar, chetdan esa 70 foiz tayyor mahsulot olib kelinar edi. Bu o‘z-o‘zidan qishloqlarimiz infratuzilmasiga, umuman ijtimoiy hayotga juda katta salbiy ta’sir o‘tkazdi.

Sobiq tuzumga 25 yil beridan turib nazar tashlarkansan, xalqimiz nechog‘lik qiyin sharoitda, inson sha’ni toptalgan, qadri qolmagan bir davrda yashaganiga amin bo‘lasan kishi. Bugun erishayotgan yutuqlarimizni kechagi kun bilan solishtirib ko‘rish esa turmush tarzimiz, hayotga munosabatimiz butkul o‘zga tomonga o‘zgarganini ko‘rsatadi. Endi biz qadr topdik, haq-huquqlarimizga qadriyat sifatida qarala boshlandi. Qo‘limizdan ish kelsa, iqtidorimiz bo‘lsa, uni namoyish etish imkoniga ega bo‘ldik. Tadbirkorlikni uddalay olsak, hukumat barcha huquqlarimizni dunyoning hech bir davlatida bo‘lmagan sharoitda kafolatlab qo‘ydi.

Endi avvalgidek faqat boyning bolasi o‘qiydi, kambag‘alning bolasi dalada yuradi, degan gaplar ertakka aylandi. Umuman, jamiyatning o‘zi boy-kambag‘alga ajratilmaydigan bo‘ldi. Bunday sharoitda, bunday mamlakatda kambag‘al bo‘lish - ayb, deb qaray boshladi kishilarimiz. Mehnat qilgan odam rag‘bat ko‘rib, el orasida obro‘-e’tibor topayapti. Avvalgidek mehmon kelsa, dasturxonga nima qo‘yish haqida emas, buncha noz-ne’matni dasturxonga qanday sig‘dirish haqida o‘ylab qoladigan bo‘ldik.

Avvalgidek ro‘zg‘orning mushtini bolalikdan yelkamizga olayotganimiz yo‘q. Hozir bolalarimiz haqiqiy bolalikni his qilib, ko‘rib ulg‘aymoqda. Bemalol o‘qib, til o‘rganayapti, san’at, sport sohasida yuqori natijalarni ko‘rsatayapti. Sobiq tuzum paytida jahon arenasida zafar quchgan sportchini viloyat miqyosida ham topish mushkul edi. Hozir har bir qishlog‘imizda bir nechtalab chempion topiladi. Chunki bunga sharoit, zamonaviy muhit bor.

Birgina Qarshi va Shahrisabz shaharlarida amalga oshirilayotgan  bunyodkorlik ishlarini oling. Xo‘sh, bularning barchasi kim uchun? Albatta, kishilarimiz, farzandlarimizning yaxshi yashashi, farovon umr kechirishi, yayrab o‘qib-izlanishi uchundir. Davlat bunyodkorlik uchun mablag‘ ajratayotgan ekan, demak, o‘z fuqarosining hech kimdan kam bo‘lmagan sharoitda hayot kechirishini istayapti. Bu ayni haqiqat.

Bu kunlarni necha-necha ota-bobolarimiz orzu qilib o‘tgandi. Hurlikda o‘tgan bir kun uchun butun umrini almashtirishga tayyor kishilar qancha edi. Shunday dorilomon kunlarda yashash bizga nasib qilgan ekan, bu ne’matning qadriga yetish zarur. Har kim Vatan taqdiriga daxldorlik tuyg‘usi bilan yurt ravnaqiga hissa qo‘shishni o‘zining farzandlik burchi deb bilmog‘i kerak. Zotan, bu kunlarga yetish oson bo‘lgani yo‘q. Bu kunlar qadrini, bahosini hech narsa bilan tenglashtirib bo‘lmaydigan nurli damlardir.

Abduqahhor AHMEDOV, xalq deputatlari viloyat Kengashi deputati

Сайт материалларидан тўлиқ ёки қисман фойдаланилганда веб-сайт манзили кўрсатилиши шарт!