Меню

Қашқадарё

30.08.2016 1345

ERTASI BUGUNIDAN-DA BUYUK YURT

Bundan 25 yil muqaddam yurtimiz o‘z  mustaqilligini qo‘lga kiritdi. Umrini o‘tab bo‘lgan mustabid, ma’muriy-buyruqbozlik tizimidan butunlay voz kechdik, “o‘zbek modeli” deb nom olgan o‘z taraqqiyot yo‘limizni tanlab oldik.

E’tirof etish joizki, istiqlolning dastlabki yillarida oson kechmagan yo‘l bosib o‘tildi. Tarixan qisqa, mazmunan asrga tatigulik chorak asr davomida Prezidentimiz rahnamoligida mamlakatda amalga oshirilgan islohotlar bugun o‘zining buyuk natijasini berayapti, mehnatkash xalqimizning fidoyiligi evaziga erishilayotgan yutuq va marralarimiz dunyo jamoatchiligi tomonidan tan olinmoqda, islohotlarimiz  samarasi yaqqol ko‘zga tashlanmoqda.

Dunyoning yetakchi xorijiy kompaniyalari O‘zbekistondagi maqbul investitsiyaviy sharoit va yaratilgan keng imkoniyatlar sabab kelajakka ishonch bilan o‘z sarmoyalarini mamlakatimizning avtomobilsozlik, neft va gaz, kimyo, maishiy elektronika, farmatsevtika, yuqori texnologiyalarga asoslangan oziq-ovqat va to‘qimachilik sanoati kabi sohalarga kiritmoqda. Xususan, bu boradagi ishlar  miqyosini birgina Surg‘il koni negizida barpo etilgan Ustyurt gaz-kimyo majmuasi misolida ko‘rish mumkin. Janubiy koreyalik investorlar bilan hamkorlikda ro‘yobga chiqarilgan ushbu loyiha qiymati 4 milliard dollarga baholandi.

Ta’kidlash joizki, mazkur majmuada mahalliy xomashyo asosida ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarning 90 foizidan  ziyodi eksport uchun mo‘ljallangan.

Majmuaning ishga tushirilishi yiliga 83 ming tonna noyob polipropilen mahsulotini ishlab chiqarish imkonini beradi. Holbuki, bu mahsulot ilgari mamlakatimizga chetdan, katta valyuta hisobiga olib kelinar edi. Ayni vaqtda mazkur korxona polietilen ishlab chiqarish hajmini 3,1 barobar ko‘paytirish va mingdan ziyod yuqori malakali mutaxassislarni ish bilan ta’minlash uchun imkoniyat yaratishi bilan ham ulkan ahamiyatga egadir.

Yana bir soha borki, u mustaqillik yillarida haqiqiy ma’noda ravnaq topdi. Mamlakatimiz iqtisodiyotining qon tomiri hisoblangan temir yo‘l tizimida amalga oshirilayotgan loyihalar nafaqat yuk va yo‘lovchi tashish sifatini yuksaltirishga, balki xalqimiz turmush farovonligi, yurt ravnaqiga xizmat qilmoqda. Mustaqillik inshootlarining yiriklaridan biri hisoblangan, xitoylik hamkorlar bilan birgalikda ishga tushirilgan “Angren-Pop” elektrlashtirilgan temir yo‘l liniyasi va unda bunyod etilgan 19,2 kilometrlik tunnel noyobligi bo‘yicha yer yuzidagi 3 mingdan ortiq o‘xshash loyihalar ichida 8 o‘rinni egallaydi. Yurtboshimiz tashabbusi bilan barpo etilib, foydalanishga topshirilgan ushbu temir yo‘l liniyasi Farg‘ona vodiysi viloyatlari va yurtimizning boshqa hududlari o‘rtasida temir yo‘l orqali yuk va yo‘lovchi tashish imkonini beradi. Faqat bugina emas, mazkur temir yo‘l liniyasi Xitoy-Markaziy Osiyo-Yevropa yangi xalqaro tranzit liniyasining muhim bo‘g‘ini hamdir.

Energetika tizimiga oid bu kabi misollarni ham ko‘plab keltirish mumkin. Birgina Namangan viloyatining To‘raqo‘rg‘on tumanida barpo qilinayotgan quvvati 1800 megavattga teng “To‘raqo‘rg‘on issiqlik elektr stansiyasi”ning ishga tushirilishi katta tarixiy voqea bo‘lib, u Farg‘ona vodiysi viloyatlarining elektr energiyasiga bo‘lgan ehtiyojini to‘liq qoplash imkonini berishi bilan ahamiyatlidir.

Qashqadaryo viloyatidagi Talimarjon issiqlik elektr stansiyasida amalga oshirilgan yirik loyihalar asosida ikkinchi energoblokning 2 ta bug‘-gaz trubinasi ishga tushirilishi va qo‘shimcha 900 megavatt elektr energiyasi ishlab chiqarilib, mavjud quvvat 2 barobardan ko‘proq oshishi kutilmoqda. Bu mamlakatimiz iqtisodiyoti ravnaqiga yana bir hissa bo‘lib qo‘shilishi tabiiy.

Mustaqillik yillarida ishga tushirilgan yirik sanoat korxonalari, kommunikatsiya tarmoqlari hisobidan bugungi kunda O‘zbekiston sanoati tez sur’atlar bilan rivojlanayotgan, aholi turmush darajasi tizimli ravishda yaxshilanayotgan mamlakatlar qatoridan o‘rin oldi. Zero, shu qisqa davrda mamlakatimiz iqtisodiyoti 6 barobar, aholi jon boshiga to‘g‘ri keladigan real daromadlar miqdori 12 barobardan oshdi. Iqtisodiyotda sanoatning ulushi 34 foizni tashkil qilib, eksport tarkibida tayyor mahsulotlar ulushi 70 foizdan oshgani mamlakatimizda amalga oshirilayotgan iqtisodiy islohotlarning yuksak samaralaridan dalolat beradi.

Biz qo‘lga kiritayotgan bunday natijalar xalqaro miqyosda ham e’tirof etilmoqda. Dunyoda katta nufuzga ega bo‘lgan Jahon iqtisodiy forumi reytingiga ko‘ra, O‘zbekiston 2014-2015-yillardagi rivojlanish yakunlari va 2016-2017-yillarda iqtisodiy o‘sish prognozlari bo‘yicha dunyodagi eng tez rivojlanayotgan beshta mamlakat qatoridan joy oldi. Dunyo hamjamiyatida katta qiziqish va hayrat uyg‘otayotgan bu yutuqlarimiz, avvalo, xalqimiz farovonligini ta’minlashga xizmat qilmoqda.

Umuman, qo‘lga kiritilgan yutuqlar kelgusi yillarga mo‘ljallangan iqtisodiy rejalar uchun mustahkam baza bo‘lishi shubhasiz. Zero, davlatimiz rahbari tomonidan belgilab berilgan eng muhim ustuvor yo‘nalishlarga nazar tashlasak, mamlakatimiz iqtisodiyoti jadal rivojlanish yo‘lida izchil davom etadi. Xususan, oldimizga 2030-yilga borib mamlakatimizda yalpi ichki mahsulot hajmini kamida 2 barobar oshirish vazifasi qo‘yilgani har birimizning ko‘nglimizni tog‘dek ko‘tarishi barobarida katta mas’uliyat bilan mehnat qilishga undaydi. 

Shunday ekan, har birimiz mamlakatimiz mustaqilligining o‘tgan yigirma besh yilida  erishilgan yutuqlarni yanada mustahkamlashga hissa qo‘shishimiz, yurt ravnaqi, xalq farovonligi yo‘lida astoydil mehnat qilishimiz lozim.

Abdig‘ani UMIROV,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati

Сайт материалларидан тўлиқ ёки қисман фойдаланилганда веб-сайт манзили кўрсатилиши шарт!